SMTIda BMT vakili bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Joriy yil 26-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida BMTning ichki nazorat xizmatlari boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Shrilata Rao bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida BMTning maxsus tuzilmalari bilan, ayniqsa, terrorizmga qarshi kurashish sohasida hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar so‘nggi yillarda bu yo‘nalishda sezilarli yutuqlarga erishilganini ta’kidladilar. Xususan, ziddiyatli hududlardan qaytgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashi tashkil etildi va Markaziy Osiyo uchun terrorizmga qarshi kurash sohasida oldindan ogohlantirish tarmog‘i ishga tushirildi.

O‘zaro hamkorlikning yangi mexanizmlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi va BMTning terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning qabul qilinishi ijobiy baholandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida BMT maxsus agentliklari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdorlik bildirdilar.

Ichki nazorat xizmatlari boshqarmasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining ichki nazorat organi hisoblanadi. Ofis Bosh kotibga Tashkilot resurslari va xodimlarini nazorat qilish bo'yicha o'z majburiyatlarini bajarishda yordam beradi.