SMTIda YeXHT Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissarining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

Joriy yil 1-mayda SMTIda Institut direktori o‘rinbosari Shafoat Nurullayevaning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchilik masalalari bo‘yicha Oliy komissarining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Anuar Ayazbekov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va YeXHT o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilib, bunda millatlararo muloqot sohasidagi ilg‘or tajribalarni almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, o‘zaro manfaatli boshqa masalalarga alohida e’tibor qaratdilar.

Anuar Ayazbekov Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni yuqori baholadi. "O‘zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishdi, bu sohada ko‘plab mamlakatlar uchun haqiqiy namuna bo‘ldi," - deya ta’kidladi YeXHT vakili.

Mehmon mintaqaviy hamkorlik masalalariga e’tibor qaratar ekan, Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani, shuningdek, ushbu shaharda uch davlat o‘rtasidagi do‘stlikning ramziy stelasi ochilganini alohida ta’kidlab o‘tdi. "Chegaralarni aniq belgilash - bu ulkan ish bo‘lib, unga ushbu shartnomaga a’zo barcha davlatlar, jumladan O‘zbekiston ham katta hissa qo‘shgan".

Suhbat davomida ekspertga O‘zbekistonning millatlararo munosabatlarni mustahkamlash sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari batafsil tushuntirib berildi.  Mamlakatimizda davlat barqarorligi, xavfsizligi va taraqqiyotining eng muhim shartlaridan biri hisoblangan yuqori darajadagi millatlararo totuvlikni ta’minlash, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini kafolatlash bo‘yicha izchil va keng qamrovli ishlar olib borilayotgani qayd etildi.

O‘zbekistonda barcha millat fuqarolarining huquq va erkinliklarini ishonchli tarzda himoya qiluvchi hamda, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan mustahkam huquqiy baza shakllantirilgani alohida ta’kidlandi.

Umuman olganda, har ikki tomon hamkorlikni yanada mustahkamlashga bo‘lgan qiziqishini ifoda etib, millatlararo muloqotni rivojlantirish va mintaqaviy barqarorlikni kuchaytirish maqsadida yangi tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.