Toshkentda O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa o‘rtasidagi yuqori darajadagi uchrashuv o‘tkazilmoqda

18 avgust kuni Toshkentda "Umumiy taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" shiori ostida O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa o‘rtasidagi yuqori darajadagi uchrashuvi boshlandi. Forum 20-avgustga qadar davom etadi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi hamda Nizomiy Ganjaviy xalqaro markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilmoqda.

Forumda 30 dan ortiq yuqori martabali mehmonlar, jumladan, Norvegiya, Bosniya va Gersegovina, Bolgariya, Latviya, Xorvatiya, Avstriya va Chexiya kabi mamlakatlarning sobiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, tadbirga yetakchi xalqaro tashkilotlar - Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti vakillari ham qo‘shilgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Transport, Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Raqamli texnologiyalar, Iqtisodiyot va moliya vazirliklarining rahbarlari, shuningdek, mamlakatning yetakchi tahlil markazlari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir kun tartibidan O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa o‘rtasida iqtisodiy, ilmiy-innovatsion va transport sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirishga oid keng ko‘lamli dolzarb mavzular o‘rin oldi. Hududlararo integratsiya masalalariga, shuningdek, uzoq muddatli barqaror rivojlanish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

Yuqori darajadagi uchrashuvning ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaati o‘qib eshittirildi. Davlat rahbari o‘z qutlov so‘zida Nizomiy Ganjaviy xalqaro markaziga xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan muloqot tashkil etgani uchun minnatdorchilik bildirdi. "Nizomiy Ganjaviyning inson va atrof-muhit uyg‘unligi hamda adolat haqidagi chuqur falsafasi va g‘oyalari bugungi murakkab sharoitda alohida ahamiyat kasb etayotgani" alohida ta’kidlandi.

Murojaatda tadbir kun tartibidagi muhim masala - Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, shuningdek, ushbu mintaqalarning Yevropa bilan hamkorligi istiqbollari qayd etilgan. Davlatimiz rahbari ushbu muloqotda bugungi kunda jipslashuv va hamkorlik jarayonlari jadallashib borayotgan Markaziy Osiyoni dunyoga keng tanitish uchun noyob imkoniyatni ko‘rmoqda.

Muzokaralar chog‘ida oliy martabali mehmonlar O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi roliga alohida e’tibor qaratdilar.

Xususan, BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi raisi Mariya Fernanda Espinosa O‘zbekiston jadal sur’atlar bilan mintaqadagi muhim o‘yinchiga aylanib borayotganini ta’kidladi. "Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida va uning islohotchilik siyosati bilan "Yangi O‘zbekiston" dunyoda katta imkoniyatlar mamlakati, madaniyatlar, sivilizatsiyalar va davlatlar o‘rtasidagi ko‘prik sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda," - deya ta’kidladi siyosatchi.

Gruziya sobiq bosh vaziri o‘rinbosari Yeka Tkeshelashvili ham xuddi shunday fikrni ilgari surib, so‘nggi paytlarda O‘zbekiston siyosiy-diplomatik faollikning mintaqaviy markaziga aylanib borayotganini ta’kidladi. "Shavkat Mirziyoyevning tutgan yo‘li Markaziy Osiyodagi davlatlararo aloqalar dinamikasida tub ijobiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shdi," - deya qo‘shimcha qildi u.

Serbiya sobiq prezidenti Boris Tadich "Markaziy Osiyoni, uning izchil rivojlanishi va barqarorligini mintaqadagi eng muhim o‘yinchi, boy tarix va strategik mavqega ega O‘zbekistonsiz tasavvur qilib bo‘lmasligini" ta’kidladi. "Aynan shu yerda, Markaziy Osiyoning qoq markazida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi g‘oya va tashabbuslarga asos solinmoqda," - dedi u.

Umuman olganda, uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistondagi o‘zgarishlar va faol mintaqaviy siyosat Markaziy Osiyoni Yevroosiyo makonida barqaror rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchiga aylantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar. Forum muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi yondashuvlarini ishlab chiqish uchun muhim maydonga aylandi.