Xitoylik ekspertlar bilan uchrashuv

SMTIda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi huzuridagi Rossiya, Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo Instituti (IREECAS) ekspertlari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Suhbat davomida O’zbekiston va Xitoy o`rtasidagi aloqalarning rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek tomonlar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan «Bir makon, bir yo’l» xalqaro forumi (Pekin sh., 26 aprel), ShHT sammiti (Bishkek sh., 13-14 iyun) va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitida (Dushanbe sh., 13-14 iyun) ilgari surilgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashishdi.

Xususan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning ShHT iqtisodiy forumini Samarqand shahrida o’tkazish taklifi xitoylik ekspertlarda alohida qiziqish uyg’otdi. Takidlanishicha bu kabi anjumanlar mamlakatda qulay biznes muhitini yaratibgina qolmasdan chet el sarmoyalarini jalb qilishga yordam beradi. Shu bilan bir qatorda ekspertlar «Yashil belbog`» va «aqlli qishloq xo'jaligi» dasturlari yuzasidan fikr almashishdi. Suhbat davomida xitoylik ekspertlar qishloq xo’jaligi sohasida o’zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

IREECAS direktori o’rinbosari Sun Li so’nggi ikki yil davomida O’zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yutuqlarini yuksak baholadi. Uning so’zlariga ko'ra, «mamlakat iqtisodiyotining barqaror o’sishi uning xalqaro maydondagi mavqeini oshishida muhim omillardan biri bo`lib hizmat qildi». Shu bilan bir qatorda xitoy ishbilarmon doiralari vakillari mamlakatda sarmoyaviy loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdor ekanliklari hamda ushbu yo`nalishda ikkitomonlama aloqalarning rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidlab o`tdilar.

Uchrashuv yakunida xitoylik ekspertlar o’zaro manfaatli masalalar bo’yicha fikr almashish maqsadida IREECAS va SMTI o’rtasida aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.