O‘zbekistonda “2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlar o‘n yilligi” tashabbusi amalga oshirila boshlandi

Bugun Toshkentda “2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlar o‘n yilligi” tashabbusini amalga oshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir 2 mart kuniga to‘g‘ri kelganligi bejiz emas. Shu kuni 28 yil ilgari O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi.

Ushbu tadbir BMTning O‘zbekistondagi mamlakat guruhi hamda Oliy Majlis Senati va “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Senat Raisi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan munosabatlarni faollashtirish va hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi milliy manfaatlariga to‘liq javob berishini ta’kidladi. 2030-yilgacha BMT kun tartibidagi Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) bosqichma-bosqich erishish BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi normalari BRM to‘liq hamohangligi va mosligiga urg‘u berildi. Shundan kelib chiqib, mamlakatimiz BMTning rezolyutsiyalari va qarorlarini amalda ro‘yobga chiqarishga, shuningdek ularni bajarish uchun hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor bermoqda.

Shu maqsadda Oliy Majlis palatalari tomonidan 2030-yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalar amalga oshirilishini nazorat qiluvchi parlament komissiyasi tashkil etildi.

Qashshoqlikka barham berishga, aholi salomatligini yaxshilashga, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashishga, ekologiya masalalarini hal etishga, gender tenglikni ta’minlashga va boshqa yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.

Barcha ushbu choralar mamlakat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng miqyosli yangilanishlar va islohotlar davomida aholi uchun muhim hamda zarur amaliy natijalarga erishishga qaratilgan.

Manba