Akramjon Ne’matov: “Shanxay barcha oila a’zolari manfaati uchun xizmat qilishi kerak”

Bugun Toshkentda “Samarqand jarayoni: ShHT faoliyatini modernizatsiya qilish istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov ShHT faoliyatini isloh etish bo’yicha bir qator ustuvor yo‘nalishlarni ta’kidlab o’tdi.

Mutaxassisning qayd etishicha, mavjud va yangi tahdidlarga samarali javob berish uchun uzoq yillar davomida deyarli o'zgarmagan tashkilot faoliyatini yangi sharoitlarga moslashtirishga ob'ektiv ehtiyoj mavjud.

Uning so’zlariga ko’ra, ShHT bugun o‘zini qanday tutishi, qaysi yo‘nalishda rivojlanishi va yangilanishi lozimligini aniqlashi muhim. Mutaxassis ShHTning Nyu-Dehlida boʻlib oʻtadigan sammitini inobatga olgan holda, bugun, birinchi navbatda, bor etiborni quyidagi masalalarni birgalikda muhokama qilishga qaratish zarur, deb hisoblaydi.

Birinchi. O'zaro ishonch va manfaatli hamkorlikni mustahkamlashning asosiy sharti sifatida ShHTning keng qamrovli muloqotni qo'llab-quvvatlash borasidagi faoliyatini takomillashtirish zarur. Shu nuqtai nazardan, dolzarb muammolar va yangi paydo bo'layotgan masalalarni inklyuziv, har tomonlama ko'rib chiqish va hal etishni ta'minlash uchun barcha darajadagi, shu jumladan, kuzatuvchilar va hamkorlarning faol ishtiroki bilan muloqot mexanizmlari va platformalarini rivojlantirish muhimdir.

Ikkinchi. Barcha sohalarda strategik va konseptual hujjatlar hamda qabul qilingan qarorlarning amaliy ijrosini ta’minlash mexanizmlari samaradorligini oshirish muhim hisobladi. Shu bilan birga, transport-logistika, savdo va investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, oziq-ovqat xavfsizligi kabi muhim sohalarga alohida e'tibor qaratish lozim.

Shu bois davlatlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni ta’minlovchi ShHT Kotibiyati faoliyatini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga e’tibor berish va sa’y-harakatlarni yo’naltirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Akramjon Ne’matovning fikricha, tomonlarning o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish, erishilgan kelishuvlarni tahlil qilish va amalga oshirish, kadrlar tarkibini mustahkamlash va takomillashtirish bo‘yicha ish olib borish, tezkor javob mexanizmlarini ishlab chiqish hamda ularning salohiyatini oshirish zarur.

Uchinchi. ShHTning asosiy qaror qabul qiluvchi organlari – Davlat va Hukumat rahbarlari kengashi faoliyati samaradorligini oshirish muhim. Ularning qarorlari rejalashtirilgan loyihalarning amalga tadbiq etilishi va ShHTning kelajakdagi rivojlanish istiqbollarini belgilashda asos hisoblanadi.

Bundan tashqari, a'zo davlatlarning milliy tadqiqot markazlari tomonidan ShHT oliy organlari faoliyatini axborot-tahliliy qo'llab-quvvatlashni faollashtirish taklif etildi. SMTI vakilining soʻzlariga koʻra, ushbu qadam kelgusi yig'ilishlarni dolzarb va strategik mavzular bilan toʻldirib, uchrashuvlar kun tartibini sezilarli darajada boyitishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Akramjon Ne’matov keng qamrovli Yevroosiyo makonida xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashning asosiy sharti – o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va ShHT kun tartibidagi asosiy masalalar yechimlarini birgalikda izlash ekanligini ta’kidladi. "Shu munosabat bilan tashkilot ShHT oilasining har bir a'zosi manfaati uchun xizmat qilishi kerak", deya qayd etdi ekspert.

Shu asnoda ekspert O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina ShHT kuchli bo’ladi” degan shioriga amal qilishga chaqirdi. “Bu shior ShHTni isloh qilish boʻyicha boʻlajak muzokaralar kontekstida imperativ boʻlib xizmat qilishi kerak”, deya so’zini yakunladi u.