Akramjon NE’MATOV: Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi butun SHHT makoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi

Toshkentda “Samarqand jarayoni: SHHT faoliyatini modernizatsiya qilish istiqboli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamkorligida, Markaziy Osiyo xalqaro instituti ko‘magida tashkil etilgan tadbirda SHHTga a’zo davlatlar yetakchi tahliliy markazlari rahbarlari va ekspertlari ishtirok etdi.

Anjumanda SHHT faoliyati samaradorligini oshirish masalasi muhokama qilindi. Ishtirokchilar tuzilmani modernizatsiya qilish, yangi voqelikka moslashtirishga oid qarashlari, yondashuvlarini bayon qildilar.

SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatida tobora muhim o‘rin egallayotganini ta’kidladi.

– SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan muloqot va hamkorlik tufayli mintaqamizda yuqori darajadagi ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, xavfsizlik va farovonlik, iqtisodiy rivojlanish ta’minlanmoqda, – dedi ekspert.

U bugungi kunda Markaziy Osiyo eng jadal rivojlanayotgan mintaqalardan biri hisoblanishiga urg‘u berdi. 2000 yildan, SHHT tashkil etilgandan buyon yalpi ichki mahsulot qariyb 9 barobar oshib, 46 milliard dollardan 400 milliard dollargacha o‘sdi. Yana bir yutuq – iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’ati saqlanib qolganidadir.

2022 yil mintaqa iqtisodiyoti o‘rtacha 6 foizdan ko‘proq o‘sdi. Bu  atigi 3 foizni tashkil etgan jahon ko‘rsatkichidan 2 barobar yuqori.

Markaziy Osiyo jahon iqtisodiy munosabatining muhim ishtirokchisiga aylandi: mintaqa tashqi savdosi so‘ngi 20 yilda 8 barobar o‘sib, qariyb 225 milliard dollarga yetdi, deya ta’kidladi mutaxassis.

Notiq qayd etganidek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida tovar ayirboshlash miqdori umumiy tashqi savdoga nisbatan tezroq o‘syapti. O‘zaro mahsulot va xizmat almashinuvining jami savdodagi ulushi 2014 yildagi 6 foizdan 2022 yilda 11 foizga ko‘tarildi.

Bundan tashqari nisbiy barqarorlik tufayli mintaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya oqimi yil sayin tezlashib, 2000 yildan hozirgi kungacha 20 barobar oshgani va 250 milliard dollarga yetgani ta’kidlandi.

Mintaqa rivojlanishi tufayli 20 yildan kamroq vaqt davomida aholi soni 55 milliondan 80 milliongacha o‘sdi.

Erishilgan yutuqlar samarasi o‘laroq, bugungi kunda Markaziy Osiyo qudratli resursi, xom ashyo salohiyati, inson kapitali va ishlab chiqarish bazasidan foydalanib, taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqmoqda, ishlab chiqarish-logistika zanjirining muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda.

SMTI direktori birinchi o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi tendensiya butun SHHT makoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishi mintaqaning Yevrosiyo hududidagi bir qator strategik muhim mintaqalarni bog‘lovchi o‘ziga xos “darvoza”, quruqlikdagi ko‘prik sifatidagi rolini mustahkamlaydi.

– Bu tashkilotga a’zo davlatlar uchun to‘siqsiz tranzitni ta’minlash, o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘lamini kengaytirish, milliy mahsulotlarni bir-biri bozoriga olib chiqish uchun keng imkoniyat, istiqbol ochmoqda, – deya so‘zini yakunladi A.Ne’matov.

Manba