SMTI direktori: “Bir makon, bir yoʻl” Xitoy tashabbusi doirasidagi oʻzaro hamkorlik Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlarini rivojlantirishga muhim hissa qoʻshmoqda

12 yanvar kuni Toshkentda “Yangi davrda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik” mavzusidagi konferensiya gibrid formatda boʻlib oʻtdi.

Joriy yilda kutilayotgan ikki tomonlama muhim tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda Xitoy va O‘zbekistonning siyosiy-diplomatik doiralari, yetakchi tahlil markazlari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov konferensiya ishtirokchilariga murojaatida O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari dinamikasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Hozirda mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar tarixiy rivojlanishning eng yaxshi davrini boshdan kechirmoqda. Qaysi sohani olmaylik, hamma joyda hayratlanarli yutuqlarga erishmoqdamiz, – dedi Eldor Aripov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stona va ishonchli munosabatlar ko‘p jihatdan turtki bo’ldi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida ikki davlat rahbarlari to‘rt marta, shaxsan hamda xalqaro platformalarda onlayn formatda uchrashdi.

“Aynan ular barcha sohalarda oʻzaro hamkorlikni jadal faollashtirishga yetarlicha imkon yaratgan mustahkam poydevor yaratdilar”, dedi ekspert.

Siyosiy iroda, oʻzaro anglashuv va ishonch, birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli yangi davrda Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani alohida taʼkidlandi. O‘tgan yili turli sohalarda aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha tegishli besh yillik dastur imzolangan edi.

“Tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va uni yangi, yuqori bosqichga olib chiqishga qat’iy qaror qildilar”, dedi SMTI rahbari.

Eldor Aripov O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari rivojiga Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi hamkorlik muhim hissa qo‘shayotganini e’tirof etdi.

Taʼkidlanganidek, 10 yil davomida Buyuk Ipak yoʻlini qayta tiklash gʻoyasi taraqqiyot va farovonlikka xizmat qiluvchi inklyuziv va ochiq hamkorlik platformasiga aylandi. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi nafaqat infratuzilma loyihasi, balki u global qiymat zanjirida muhim bo‘g‘inni yaratadi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishga yo‘naltirilayotgan sarmoya va qo‘shma loyihalar mintaqa eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

“Shu nuqtai nazardan, Xitoy yetakchi savdo va sarmoyaviy hamkorimiz sifatida ko’rilishi mantiqan juda to’g’ri”, - dedi ekspert.

O‘tgan yilning o‘n bir oyi yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 12 milliard dollardan oshdi, Pekinning mamlakatimiz umumiy savdo aylanmasidagi ulushi 20 foizdan ortiqni tashkil etdi.

Yaqin besh yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha asoslar mavjud.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlik ham barqaror sur’atda rivojlanmoqda. Xitoy investitsiyalarining o‘zlashtirilgan umumiy hajmi 2017-yildan buyon 5 barobar oshdi va 11 milliard dollarni tashkil etdi.

Birgina 2022-yilning o‘zida ikki milliard dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirildi, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida Xitoy kapitali ishtirokida ikki mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

"Xitoyda, bilishimcha, "so'zdan ko'ra faktlar ishonarliroqdir" degan ibora bor. Aynan bizning holatdagi kabi, so’z o’z isboti bilan”, — deya xulosa qildi Eldor Aripov.

Eslatib o‘tamiz, SMTI tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti Taraqqiyot tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan konferensiyada siyosat, xavfsizlik, savdo-investitsion va madaniy-gumanitar sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti Taraqqiyot tadqiqot markazi – Yevroosiyo mintaqasidagi mamlakatlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini tahlil qilish va o‘rganishga qaratilgan Xitoydagi yetakchi tadqiqot instituti. U 1989 yilda tashkil etilgan. U XXR rahbariyatiga Xitoy va Yevroosiyo makonidagi mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida axborot, maslahatlar va siyosiy tavsiyalar beradi.

Manba