Yoshlar haq-huquqlarini taʼminlash – barqaror va inklyuziv rivojlanish sari muhim qadamdir

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida dunyoda barqaror va uzluksiz taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan qator muhim tashabbuslar ilgari surdi. Ular qatorida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani qabul qilish taklifi alohida oʻrin tutadi.

Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish gʻoyasi ilk bor Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2017-yil 19-sentyabrda boʻlib oʻtgan 72-sessiyasida ilgari surilgan. Yoshlar har qanday jamiyatning ajralmas qismi, taraqqiyot katalizatori hamda oʻzgarishlarga undovchi katta kuchdir. Shu bois Oʻzbekiston Prezidenti ushbu masalaga doimiy eʼtibor qaratib kelmoqda.

Bugun dunyo aholisining ikki milliarddan ortigʻini aynan yoshlar tashkil qiladi. Biroq hanuzgacha yoshlarga oid xalqaro darajadagi dolzarb muammolarni samarali yechishga imkon beradigan xalqaro huquqiy hujjatlar mavjud emas.

Bugungi shiddat bilan oʻzgarib borayotgan globalizatsiya jarayonlari yoshlar huquqlarini himoya qilish, shu jumladan ularning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquq va manfaatlarini taʼminlashga oid mexanizmlarni ishlab chiqishga undamoqda.

Ayni shu omilning oʻzi ham Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani qabul qilishni taqozo etadi. Ushbu hujjat bugungi globalizatsiya va AKT tez surʼatlarda rivojlanib borayotgan sharoitda umumjahon yoshlar siyosatini shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan, unifikatsiyalangan xalqaro-huquqiy hujjat sifatida xizmat qilishi kutilmoqda.

Boz ustiga koronavirus pandemiyasi sabab dunyoda, ayniqsa yoshlar orasida ishsizlik darajasini oshib ketdi. Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, joriy yilda dunyo boʻylab ish joylari 6,7%ga qisqaradi, bu 295 million kishi ish joyidan mahrum boʻladi, degani. Ularning 70 millionidan ortigʻini esa 24 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil qilishi muammoning qay darajada dolzarb ekanini koʻrsatadi. Mehnat qilayotgan yoshlarning 40%ga yaqini qashshoqlik darajasida umr kechirmoqda.

Mintaqamiz – Markaziy Osiyo dunyoning eng yosh mintaqasi hisoblanib, bu yerda aholining oʻrtacha yoshi 28,6ga teng. Mintaqa aholisining qariyib yarmi Oʻzbekistonda istiqomat qiladi, 30 yoshgacha boʻlgan yigit va qizlar esa mamlakatimiz aholisining deyarli 60%ni tashkil qiladi. Afsuski, hozirgi kunda ularning 732 mingga yaqishi ishsiz hisoblanadi.

Koronavirus pandemiyasi oqibatida vujudga kelayotgan murakkab vaziyatda Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyaning qabul qilinishi nafaqat Oʻzbekiston, Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun dunyo uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Taʼkidlash kerakki, Konvensiya loyihasi ustida ikki yildan ortik vaqt mobaynida ish olib borildi. Bunda ushbu sohadagi mintaqaviy va xorijiy mamlakatlarning eng yaxshi tajribalari oʻrganildi. Konvensiya loyihasiga oid normalar mintaqa va mamlakat darajasidagi qator tadbirlarda muhokama qilindi.

Xususan, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda bu borada izchil ishlar amalga oshiril kelinmoqda. “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida” Qonun qabul qilindi. 30-iyun mamlakatimizda Yoshlar kuni deb eʼlon qilindi.

“Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali taʼsis etildi. Beshta tashabbus va Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini yana-da rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi amalga oshirib kelinmoqda.

Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar parlamenti tashkil etildi. Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasiga asos solingan, uning vakillari dunyoning 13 mamlakatida faoliyat koʻrsatmoqda.

Umuman olganda, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyaning qabul qilinishi yoshlar avlod rivojlanishining zamonaviy xalqaro modelini, shu jumladan aniq maqsadlar va oʻlchov koʻrsatkichlarini shakllantirish, yoshlarning jamiyat hayotida toʻliq, samarali va konstruktiv ishtirokini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Adxambek RASHIDBEKOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi

Manba