O‘zbekiston Prezidentining Malayziyaga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 4-5 fevral kunlari Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
2024 yil may oyida Toshkentda  bo‘lib o‘tgan ikki davlat rahbarlarining uchrashuvidan 9 oy o‘tib bo‘lgan ushbu navbatdagi uchrashuv yuksak darajadagi o‘zaro ishonch va tomonlarning ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga bo‘lgan intilishini ifoda etadi.

Bu O‘zbekiston va Malayziyaning rejalar deklaratsiyasi bilan cheklanmasdan, ularni izchil hayotga tatbiq etayotganidan dalolatdir.

Bu galgi O‘zbekiston va Malayziya tadbirlarining kun tartibi nihoyatda mazmunli bo‘lib, bir necha ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga asos yaratdi.

Birinchidan, bu sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni faollashtirish.  Malayziyaning yarim o‘tkazgich sanoatini rivojlantirish bo‘yicha tajribasi mamlakatimiz uchun alohida qiziqish uyg‘otadi. Yarim o‘tkazgichlarni eksport qilish bo‘yicha dunyoda 6 o‘rinni egallagan Malayziya salmoqli natijalarni ko‘rsatmoqda.

Malayziyaning strategik rejalashtirish, marketing va infratuzilmani rivojlantirish borasida erishgan yutuqlari, litiy, magniy, molibden, germaniy, vanadiy va indiy kabi 30 dan ortiq noyob tuproq va rangli metall konlariga ega O‘zbekiston uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan, Toshkent viloyatida Malayziyaning yetakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiyot zonasini tashkil etish hamda 2025-2026 yillarni O‘zbekiston-Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirish davri, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Ikkinchi muhim yo‘nalish - ta’lim sohasi va inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish. Inson resurslari har qanday jamiyatning asosiy boyligi bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning muhim mezonidir. Aholining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadigan O‘zbekiston uchun ta’lim, mutaxassislar tayyorlash va fuqarolarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalari muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtai nazardan, Malayziya istiqbolli sherik hisoblanadi. Bu mamlakat 20 ta davlat va 50 ta xususiy universitet hamda dunyodagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining filiallarini o‘z ichiga olgan rivojlangan oliy ta’lim tizimiga ega. Malayziya 130 mingdan ortiq xorijiy talabalarni jalb qilgan holda eng mashhur xalqaro ta’lim yo‘nalishlari orasida 11 o‘rinni egallaydi. Bunday hamkorlik tajriba almashish va zamonaviy  ta’lim amaliyotlarini joriy qilish imkoniyatlarini ochib beradi.

Tashrif davomida Petronas universiteti negizida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash  bo‘yicha erishilgan kelishuv bu borada muhim qadam bo‘ldi.  

Ikki tomonlama sheriklikni mustahkamlashning yana bir foydali yo‘nalishi halol mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida o‘zaro hamkorlik qilishdir. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bozoridagi bu segment eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichini ko‘rsatmoqda. 2025 yilda uning hajmi yiliga 3,5 foizga o‘sib, 2,4 trillion dollarni tashkil etadi.  

Malayziya bu sohada dunyoda yetakchi mamlakat bo‘lib, uning halol iqtisodiyotni rivojlantirish borasida erishgan yutuqlari xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan. 100 dan ziyod mamlakatlarda qabul  qilingan  Malayziyaning “Halol” sertifikatining keng tarqalishi ham diqqatga sazovor.

Aholisi asosan musulmonlarni tashkil qiladigan O‘zbekiston bu tarmoqni rivojlantirishga katta qiziqish bildirmoqda. Malayziya bilan bu yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish jahon bozorida o‘zbek mahsuloti raqobatbardoshligini oshirishda katalizator vazifasini o‘tashi mumkin.

Umuman olganda, tashrif yakunlarini sarhisob qilar ekanmiz, O‘zbekiston-Malayziya munosabatlari sifat jihatidan yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘yayotganini yuksak ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Aniq iqtisodiy tashabbuslar va institutsional mexanizmlarga asoslangan yuksak darajadagi jadal rivojlanish uzoq muddatli strategik hamkorlik uchun mustaham  poydevor  yaratadi.

O‘z navbatida, erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi O‘zbekiston iqtisodini modernizatsiya qilish,  yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishda keng istiqbollar eshigini ochadi. Shuningdek, Malayziya bilan samarali hamkorlik qilish mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi ishonchli hamkori sifatidagi mavqeini mustahamlaydi hamda Osiyo -Tinch okeani mintaqasida iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.

Sarvar Rahmatullayev,

Startegik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi