Sog’liqni saqlash masalasi turkiy tilli davlatlar o’rtasidagi hamkorlikning muhim sohasiga aylandi

2020 yil 10 aprelda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatlarni birlashtirishga bag’ishlangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (TTDHK) videokonferensiya shaklidagi navbatdan tashqari yig’ilishi bo’lib o’tdi.

Ushbu tadbirda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Turkiy Kengashi kotibiyati qoshida pandemiyaga qarshi kurashish bo’yicha mahsus muvofiqlashtiruvchi guruh tuzish tashabbusi bilan chiqdi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyoda avj olib turgan ayni bir paytda bu tashabbusning dolzarbligi va ayni muddaoligidan kelib chiqib, Kengash kotibiyati tashkilotga a’zo davlatlar bilan hamkorlikda barcha siyosiy va tashkiliy masalalarini qisqa muddat ichida muvofiqlashtirib, Turkiy Kengash huzurida Sog’liqni saqlash bo’yicha qo’mitani tashkil etdi.

Joriy yilning 8 iyunida o’tkazilgan ushbu qo’mitaning birinchi video-yig’ilishi TTDHK doirasidagi hamkorlikning yangi yo’nalishi boshlaganidan darak berdi. Bundan tashqari, O’zbekiston Prezidenti tashabbusining tez fursat ichida amalda tatbiq etilishi Turkiy Kengashining faolligi va uning ulkan salohiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Kengashda ishtirok etuvchi mamlakatlarda tashkilot doirasidagi samarali hamkorlikni yuqori darajada qo’llab-quvvatlashi, xalqaro va mintaqaviy muammolarga qarshi yakdil bo’lib turish istagi yaqqol namoyon bo’lmoqda.

Kengash huzuridagi yangi tashkil etilgan muvofiqlashtiruvchi qo’mita yig’ilishida koronavirus infeksiyasining oldini olish, unga aniq tashxis qo’yish va Covid-19 virusining epidemiologik hususiyatlarini o’rganish bo’yicha olib borilgan tadqiqotlar yuzasidan atroflicha tajriba almashildi. Ishtirokchi mamlakatlar virusning tarqalishini oldini olish va davolashning yangi usullarini ishlab chiqishda hamkorlikni yo’lga qo’yib olishdi.

Shu tariqa «Ta’minot zanjiri guruhi» tashkil etildi. Bu guruh pandemiya sharoitida ishtirokchi davlatlar uchun zarur bo’lgan dori-darmonlar, tibbiy asbob-uskunalar va boshqa tibbiy materiallarni birgalikda ishlab chiqarish bilan bog’liq masalalarni tez va optimal hal qilishga yordam beradi.

Guruhning vazifalariga shuningdek, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar etkazib berishni muvofiqlashtirishni jadallashtirish va optimallashtirish; sog’liqni saqlash infratuzilmasiga investitsiyalarni jalb etish va yangi zamonaviy tibbiyot ob’ektlarini tashkil etish kiradi.

Shu bilan bir qatorda, qo’mitaning bo’lib o’tgan yig’ilishi tashkilotga a’zo mamlakatlarning tibbiyot xodimlarini onlayn o’qitish kurslari orqali malakasini oshirish bo’yicha kelishuvga erishishga imkon yaratdi. Bundan tashqari, yig’ilishda koronavirusga qarshi kurashda tashkilot a’zolari va kuzatuvchilari uchun koronavirus bo’yicha umumiy ma’lumotlar bazasi va epidemiologik monitoring tizimini yaratish, shuningdek, TTDHK ishtirokchi davlatlarining hususiy va davlat sektorlari vakillari uchun sog’liqni saqlash masalalari bo’yicha biznes-forum tashkil etish rejalashtirib qo’yildi.

Bundan tashqari hozirgi kunda O’zbekiston va Turkiya ikki tomonlama strategik hamkorlik kengashini o’tkazish uchun tayyorgarlik ko’rmoqdalar, uning kun tartibi ko’rib chiqilyapti. Bunday tadbirlarning muvaffaqiyatli o’tkazilishi O’zbekistonning TTDHK a’zolari bilan aloqalarini yangi strategik sheriklik darajasiga ko’tarishga yordam berishi shubhasizdir.

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi Turkiy Kengash a’zolari va o’zaro hamkorlik formatini sinovdan o’tkazayotgan ayni bir maxalda, Kengash ishtirokchilari qiyinchiliklarga qarshi birgalikda kurashish, ularni engish va har qanday sinovlardan hamjihatlikda eson-omon chiqishga harakat qilmoqda. Muvofiqlashtiruvchi qo’mitaning tashkil etilishi turkiy tilli davlatlar sog’liqni saqlash tizimlarining ayni kunda talab etayotgan keng ko’lamli modernizatsiya ishlariga yordam beradi, bu esa turkiy tilli mamlakatlar aholisining sog’ligini muhofaza qilish sohasidagi salohiyatini mustahkamlaydi.

 Dilorom Mamatkulova,

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

etakchi ilmiy xodimi.