Nufuzli ilmiy-tadqiqot institutlari — “aql markazlari”, siyosiy isteblishment va ommaviy axborot vositalari O‘zbekistondagi beqiyos yangilanishlar, jumladan, tashqi siyosatdagi dadil qadamlarni katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Ularning fikricha, mamlakat tashqi siyosatidagi “jiddiy o‘zgarishlar”, avvalambor, Markaziy Osiyo misolida yaqqol namoyon bo‘layapti.
Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyevning faol siyosati tufayli biz mintaqada ko‘lamli siljishlarga guvoh bo‘layapmiz. Juda qisqa davr ichida mamlakatlar o‘rtasida munosabatlar yaxshilanib, mutlaqo yangi muhitni shakllantirishning uddasidan chiqildi. Ekspertlar bir necha yil muqaddam bunga imkon borligiga ishonishmas edi. Mintaqa davlatlari chegaralarida jiddiy ko‘ngilsizliklar yuz bermadi, ilgari mavjud bo‘lgan qator cheklovlar bekor qilinayapti, qavm-qarindoshlar va oilalarning bordi-keldisi uchun yanada ko‘proq shart-sharoit yaratilmoqda. Ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston o‘rtasida doimiy aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilayotgani, biznes forumlari, navbatdagi qo‘shma ko‘rgazmalar, aksiyalar, madaniyat kunlari o‘tkazilayotgani haqidagi xabarlar esa tez-tez berilmoqda.
Yaqingacha O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarida qator muammolar saqlanib qolinayotgan edi. Davlat chegaralarini demarkatsiya va delimitatsiya qilish, transchegaraviy daryolar suvlaridan foydalanish, yirik GESlar qurilishi singari nozik masalalar shular jumlasidandir. Bu ba’zi hollarda mamlakatlar o‘rtasida vaziyatning keskinlashuviga, chegaralarda bahsli holatlarga olib kelar edi. Ayrim ob’ektiv va sub’ektiv sabablarga ko‘ra, ushbu masalalar Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligining ilk yillarida hal qilinmasdan qoldi. Oqibatda bundan, eng avvalo, chegara bo‘ylab istiqomat qiladigan oddiy odamlar aziyat chekdi. Go‘yoki mintaqa uzoq uyquga ketgandek tuyulardi. Muammolarni hal qilish uchun yangi tashabbuslar zarurati tug‘ilgan edi.
Shavkat Mirziyoyevning yangi siyosati ana shunday hayotiy tashabbus bo‘ldi. Xorijlik kuzatuvchilar bu siyosatni “iliqlik davri”, “qayta ishga tushirish” deb atashmoqda. Qanday nomlanishidan qat’i nazar, ushbu sa’y-harakatlarning asosiy mazmuni davlatlararo munosabatlardagi to‘siqlarga barham berish, pragmatizm va mintaqaviy yakdillikni mustahkamlashga intilishdan iboratdir.
Qo‘shnilar bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha qat’iy qadamlar tashlandi. Jumladan, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbariyati bilan manfaatlar tutashgan nuqtani topishga muvaffaq bo‘lindi. Shu paytga qadar Toshkent va Bishkek munosabatlarida davlat chegarasi asosiy to‘siq bo‘lgan bo‘lsa, Shavkat Mirziyoyev uni “do‘stlik chegarasi”ga aylantirishni taklif qildi. Ikki mamlakat rahbarlari tomonidan davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi chegara yanglig‘ o‘tkir masalani kun tartibidan chiqarib tashlashga turtki berdi.
Tojikiston bilan doimiy havo qatnovini qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Nufuzli ekspertlik-tahliliy muassasa — “Oxford Analytica”ning Rossiya va MDH mamlakatlari bo‘yicha eksperti Jon Makleodning aytishicha, parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yish tashabbusini aynan O‘zbekiston ilgari surdi. Uning so‘zlariga qaraganda, Dushanbe Toshkentning samimiy niyatiga ijobiy javob qaytardi. O‘z navbatida, tojikistonlik kuzatuvchilar Shavkat Mirziyoyev Tojikiston — O‘zbekiston munosabatlaridagi keskinlikka nuqta qo‘ya olganini e’tirof etishmoqda. Ularning fikricha, O‘zbekiston rahbari Prezidentlik lavozimiga kirishganidan so‘ng bir yil ichida Markaziy Osiyoning barcha respublikasini ko‘p masalalarda birlashtirib turadigan integratsiya jarayonlari amalda boshlanishiga turtki berdi. Tojikistonning tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududi aholisi O‘zbekistondan yuborilgan 60 tonnalik insonparvarlik yordamini minnatdorlik bilan qabul qildi. Ikki mamlakat fuqarolari O‘zbekiston rahbarining Tojikistonga bo‘lajak tarixiy tashrifini intiqlik bilan kutishmoqda. O‘zbekistonning ilg‘or va ijobiy tashqi siyosati xorijda ham e’tirof etilmoqda. AQShning nufuzli “The New York Times” nashri yozishicha, O‘zbekiston rahbariyati tashqi siyosatda, birinchi galda, o‘z qo‘shnilari bilan to‘planib qolgan muammolarni hal qilishga intilayapti. Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi o‘zgarishlar “uzoq yillar davomida Markaziy Osiyodan kelayotgan ilk ijobiy siyosiy yangiliklar”dan hisoblanadi. MDH mamlakatlari instituti Markaziy Osiyo bo‘limi mudiri Andrey Grozinning fikriga ko‘ra, hozirgi kunda mintaqada davlatlararo munosabatlar tizimida jonlanish jarayoni kechmoqda. Ekspertning ishonch bildirishicha, Shavkat Mirziyoyevning mintaqa siyosiy maydoniga kirib kelishi qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Toshkent o‘tgan yili turli yo‘nalishlarda yuksak faollik namoyish etdi. Markaziy Osiyoda o‘zaro munosabatlar sog‘lomlashib borayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo bo‘yicha amerikalik ekspert Bryus Paner O‘zbekiston rahbariyatining qo‘shni mamlakatlarga nisbatan siyosatini “do‘stlikdan ham ziyodroq maqsadlarni ko‘zlaydi”, deb baholaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan hozirgi munosabati avvalgi yillardagiga qaraganda tubdan farq qiladi. Buni Prezident barcha mintaqa davlatlari bilan aloqalarni yaxshilashga, “mintaqaning tabiiy tijorat markazi” sifatida mamlakatning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotgani ham tasdiqlaydi. Panerning qayd etishicha, O‘zbekistonning mintaqaga alohida urg‘u berayotgani bu borada hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin. O‘z navbatida, Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti (AQSh) “Ipak yo‘li” dasturi direktori Svante Kornell o‘zbekistonliklar qo‘shnilari uchun ochilayotganini aytadi. U “Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan tashqi siyosatdan hayratlanayotgani”ni ta’kidlaydi. Kanadaning globallashuv masalalarini o‘rganish markazi tahlilchilari nazdida, O‘zbekistonning geostrategik joylashuvi, mehnat bozoridagi ulkan salohiyati inobatga olinadigan bo‘lsa, olib borilayotgan islohotlar alaloqibat mamlakatni mintaqaning lokomotivlaridan biriga aylantirishga xizmat qiladi. Rossiyalik taniqli ekspert Rostislav Ishenko esa bugun Toshkent mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega barcha dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun ochiqligini e’tirof etadi.
O‘zbekiston Prezidenti parlamentga Murojaatnomasida qayd etganidek, 2017 yilda 21 oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, 60 dan ortiq davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Natijada 400 dan ziyod bitim va kelishuvlarga erishildi, qariyb 60 milliard AQSh dollari hajmidagi savdo va sarmoyaviy shartnomalar imzolandi. Bularning barchasi tanlangan uzoq va mashaqqatli, ayni paytda yagona to‘g‘ri yo‘ldagi dastlabki qadamlardir. O‘zbekiston tashqi siyosatidagi o‘zgarishlar mamlakat rahbari tomonidan to‘planib qolgan muammolarni hal qilishga kompleks yondashilayotganini ko‘rsatadi. Bu o‘zgarishlarni xalqaro hamjamiyat ijobiy kutib oldi va e’tirof etmoqda. Shubhasiz, bularning barchasi 2018 yilda yanada ko‘proq manfaatli hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston tashqi siyosatidagi islohotlar Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligini kuchaytirishning muhim ko‘rsatkichiga aylandi. Mintaqa tobora tarqoqlikdan hamkorlik sari intilmoqda. Istiqbolda biz yanada tub bunyodkorlik jarayonlariga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Binobarin, mintaqani umumiy qadriyatlar, madaniyat, din va tarix birlashtirib turadi. Shu ma’noda, mintaqa xalqaro maydonda o‘zini yangi bir shakl-shamoyilda namoyish etish, o‘z imidjini yaxshilab olish, chet el investitsiyalarini yanada ko‘proq jalb qilish imkoniga ega. Bular barcha mamlakatlar manfaatlariga xizmat qiladi.
Marat AITOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi
Oldingisi
O'zbekistonda islohotlarning ayrim jihatlari haqida
Ushbu maqolada O‘zbekistonda olib borilaetgan islohotlar har tomonlama tadqiq qilingan. Maqola o‘zi ichiga O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni mujassamlashtirgan.
28.12.2017