Dunyoda COVID-19 tarqalish surʼatlari pasaygani yoʻq. Bir kecha kunduz davomida 260 ming nafardan ziyod kasallanganlar qayd etilgan. Yangi kasallanish holatlari sonining koʻpligi Hindiston, AQSH va Braziliyada qayd etilgan. Bu davlatlardagi koʻrsatgichlarning hammasi bir kecha kunduz davomida jami dunyo aholisi kasallanganlarning 63,8%ni tashkil etadi.
Statistika
“Worldometers”dan olingan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 9-avgust holatida jahon miqyosida kasallanganlar soni 19 million 803 ming nafarni tashkil etdi.
Kasallik eng koʻp tarqalgan mamlakatlar: AQSH (5 mln. 149,7 ming), Braziliya (3 mln. 13,3 ming) va Hindiston (2 mln. 152 ming).
Joriy yilning 9-avgust holatiga koʻra, dunyo miqyosida COVID-19 dan sogʻayganlar soni 12 720 225 nafar kishini tashkil etdi. Bu jami kasallanganlarning 64,2 % ni tashkil etadi.
MDH mamlakatlari
Rossiyada jami kasallanganlar soni 822 347 kishini, sogʻayganlar 690 207 kishini tashkil etdi. 14 854 nafar bemor vafot etgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari
Qozogʻistonda jami kasallanganlar 97 829, sogʻayganlar 71 609 nafar kishini tashkil etdi, 1 058 nafar bemor vafot etgan.
Qirgʻizistonda jami kasallanganlar soni 39 571 nafar, sogʻayganlar – 31 062 nafar kishiga yetgan. 1 459 nafar bemor vafot etgan.
Qirgʻiziston shifoxonalarida mingdan ziyod oʻrinlar yaratiladi, deb xabar berdi mamlakat rahbari S.Jeenbekov “Birinchi radio” radiostansiyasiga bergan intervyusida. Uning soʻzlariga koʻra, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan koronavirus epidemiyasining ikkinchi toʻlqiniga tayyor turish uchun hukumat barcha choralarni koʻrmoqda, xususan, 9 ta hududiy shifoxonalarda kapital taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga S.Jeenbekov mamlakatda davlat-xususiy sheriklik asosida 100 million dollarlik shifoxona qurilishiga hissa qoʻshishga tayyor turgan sarmoyadorlar ham borligini qayd etdi.
Tojikistonda jami kasallanganlar soni – 7 706, sogʻayganlar 6 484 nafar kishini tashkil etdi. 62 nafar bemor vafot etgan.
“Sputnik” ning Tojikiston statistika agentligiga tayangan holda bergan xabariga koʻra, 2020-yilning birinchi yarmida mamlakatda chakana va ulgurji tovar aylanma hajmi oʻtgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda, 5,2 foizga kamaygan.
Turkmanistonda bironta ham koronavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan.
Mamlakat prezidenti G.Berdimuhamedov JST bosh direktori T.Gebreyesus va tashilotning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori X.Klyuge bilan uchrashuv oʻtkazgan.
X.Klyuge oʻzining “Facebook” sahifasida maʼlum qilishicha, muzokaralar davomida JST Turkmanistonda zotiljam bilan kasallangan bemorlar sonining oshganidan jiddiy xavotirda ekanini bildirgan.
Dunyo miqyosidagi soʻnggi tendensiyalar
Fransiya va Germaniya JST ni isloh qilishga doir muzokaralarni yakunlashdi.
Tashkilotni isloh qilish toʻgʻrisidagi muzokaralar 4 oy oldin boshlangan edi. Oʻshandan buyon G7 mamlakatlari sogʻliqni saqlash vazirliklari ishtirokida 20 ta telekonferensiya oʻtkazildi, shuningdek, diplomatlar va boshqa rasmiy vakillarning oʻnlab uchrashuvlari tashkillashtirildi.
“Reuters” agentligining xabar berishicha, Germaniya va Fransiya sogʻliqni saqlash vazirliklarida AQSHning JSTni tark etish toʻgʻrisidagi niyati eʼlon qilganidan soʻng AQSH bilan muzokara olib borishiga qarshi chiqqanlar.
Ayni damda Italiyada JST ni isloh qilish toʻgʻrisidagi hujjat ustida ish olib borilayotgani haqida izoh berilgan.
Agentlik Yevropa yetakchi mamlakatlarining muzokaralarni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarori AQSH prezidenti D.Tramp tomonidan salbiy qabul qilinishi mumkin, deb qayd etadi.
“Sky News”ning maʼlum qilishicha, Buyuk Britaniyada “British Airways” aviakompaniyasining 25% xodimlari koronavirus boʻyicha eʼlon qilingan cheklovlar tufayli yuzaga kelgan inqiroz sababli qisqarishi mumkin. Jami 42 ming nafar xodimdan 10 mingdan ortigʻi ishdan boʻshatilishi rejalashtirilgan. Ayni damda ularning 6 ming nafari ish beruvchi bilan kelishuvga erishganidan soʻng oʻz ixtiyori bilan ishdan boʻshashga rozi boʻlgan.
Vaksina va dori ishlab chiqish boʻyicha chora-tadbirlar, tadqiqotlar
“Tvbrics.com” ning xabar berishicha, Braziliya prezidenti J.Bolsonaru koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarishga mablagʻ ajratish haqidagi farmonga imzo chekkan. Ajratiladigan mablagʻ 356 mln. dollarga teng. Qayd etilishicha, Braziliyaning “Fiocruz” instituti 100 mln. doza vaksina ishlab chiqarishi lozim.
Xabarda shuningdek, bu boradagi ishlar Oksford universiteti olimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi ham aytib oʻtiladi. Ajratilgan mablagʻning 240 mln. dollari tadqiqotlarni moliyalashtirish uchun sarflanadi. Shuningdek, 18 mln. dollar texnologiyalarga va 100 mln. dollar yuqoridagi institut quvvatlarini ishga solgan holda vaksinani ishlab chiqarishga sarflanadi.
COVID-19 oqibatlarini kamaytirish va karantindan chiqish choralari
AQSH prezidenti D.Tramp ishsizlikka pul toʻlashni joriy yil oxiriga qadar choʻzdi. “Bloomberg” nashrning maʼlum qilishicha, ishsizlarga har hafta toʻlanadigan toʻlov miqdori 400 dollarni tashkil etadi. Ayni damda ushbu mablagʻning chorak qismi uchun hukumat masʼuldir. Qayd etilishicha, ushbu qaror Kongressni chetlab oʻtgan holda Oq uy rahbari tomonidan qabul qilingan.
Xususan, nashrning maʼlum qilishicha, ilgari prezident administratsiyasi va kongress toʻlov miqdori haqida bir toʻxtamga kela olmaganlar. Kongressdagi koʻpchilikni tashkil etgan demokratlar nafaqa miqdorini ilgarigi miqdorda, yaʼni haftasiga 600 dollarligicha qoldirishni talab qilishgan.
“INTERFAX” ning maʼlum qilishicha, Germaniya-Rossiya tashqi savdo palatasi Rossiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari S.Lavrov va X.Maasni 11-avgust kuni tashkil etiladigan muzokaralarni muhokama qilishga chaqirdi. Unda ikki mamlakat oʻrtasidagi aviaxabarlarni yangilash masalasi koʻrib chiqiladi. Palata bayonotida qayd etilishicha, ikki mamlakat oʻrtasidagi aviaxabarlarni toʻxtatish RF va GFR ning investitsiyaviy loyihalari uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi.
Ayni damda koʻpgina olimlar karantin jarayonida fuqarolarning oʻz vaqtida malakali tibbiy xizmatdan foydalana olmasliklari xavfi xususida fikr bildirmoqda.
Masalan, 8-avgust kuni Buyuk Britaniyada hukumat maʼlumotlari chop etilgan. Unga koʻra, mamlakatda koronavirusdan halok boʻlgan uchta bemorning ikkitasi karantin oqibatida vafot etgan.
“Daily Mail” bergan maʼlumotlarga koʻra, bu raqamlar (SAGE) mamlakat favqulodda vaziyatlar boʻyicha hukumat ilmiy konsultativ guruhi tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi, Milliy statistika boshqarmasi va IIV hisob-kitoblari asosida taqdim etilgan.
Unda qayd etilishicha, mamlakatda aholiga zarur tibbiy yordam koʻrsatilmasligi natijasida 23-martdan 1-mayga qadar 16 ming nafar kishi vafot etgan. Shu vaqtga qadar Britaniyada koronavirus tufayli umumiy hisobda 25 ming nafar britaniyalik vafot etgan. Vafot etgan bemordan 6 ming nafari virus yuqtirib olishdan qoʻrqib, shoshilinch yordam koʻrsatish boʻlimlariga murojaat qilishmagan. Yana 10 ming nafari shifoxonadan erta ruxsat berilishi va tibbiy yordamning foydalanishning imkoni yoʻqligi tufayli vafot etgan.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, Buyuk Britaniyada mavjud cheklovlar tufayli yana 26 ming nafar kishi vafot etishi mumkin. Bu tibbiy yordamni uzoq kutishi oqibatida ham sodir boʻlishi mumkin. Bu borada qirollikning xirurglar kolleji prezidenti, professor N.Mortensen sogʻliqni saqlash tizimi faqat koronavirus uchun xizmat qilmasligini qayd etdi.
“RIA Novosti”ning maʼlum qilishicha, Ukraina hukumati koronavirus bilan kasallanish holatlarining ortganligi sababli 9-avgust soat 8.00 dan 30-avgust 8.00 gacha Qrim bilan chegaradagi nazorat-oʻtkazish punktlari faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.