Koronavirus infeksiyasi virusining yer yuzi boʻylab tarqalish surʼati hamon yuqoriligicha saqlanib turibdi. Ushbu kasallikdan har kuni oʻrtacha 5,9 ming kishi vafot etmoqda. Dunyoda har 15 soniyada bitta oʻlim qayd etilmoqda. Lotin Amerikasi COVID-19dan eng koʻp oʻlim holati qayd etilgan mintaqa sifatida Yevropani ortda qoldirdi.
Lotin Amerikasi hissasiga dunyodagi barcha oʻlimlarning deyarli uchdan bir qismi toʻgʻri keladi- 206 mingdan koʻproq.
Janubiy Afrika Respublikasi ham infeksiyaning asosiy oʻchoqlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda 520 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etilgan, bu butun qitʼada aniqlangan barcha holatlarning yarmidan koʻpidir. Afrikada jami 21 ming kishi koronavirusdan vafot etdi, ulardan deyarli 8,9 mingi Janubiy Afrika Respublikasiga toʻgʻri keladi.
Statistika
“Worldometers” maʼlumotiga koʻra, 6-avgust ertalab holatiga dunyoda kasallanganlarning umumiy soni 18 million 973,9 ming kishini tashkil etdi, 711,1 ming odam vafot etgan.
Kasallanish holati eng koʻp qayd etilgan davlatlar: AQSH - 4 million 973,5 ming, Braziliya - 2 million 862,7 ming, Hindiston - 1 million 963,2 ming kishi.
Oʻlim holati: AQSH - 161 601, Braziliya – 97 418, Meksika – 49,698, Buyuk Britaniya - 46 364, Hindiston - 40 739.
COVID-19dan davolanganlarning umumiy soni 12 162 136 kishiga yetdi, bu umumiy miqdorning 64 foiziga teng.
Markaziy Osiyodagi vaziyat
Qozogʻistonda bemorlarning umumiy soni 94,882 nafar, 67 031 kishi sogʻaygan, 1058 fuqaro vafot etgan.
Xabar qilinishicha, Qozogʻistonning Rossiya bilan chegaradosh hududida xavfli parranda grippining yangi shtammi aniqlandi. Veterinariya va fitosanitariya nazorati boʻyicha federal xizmatning Chelyabinsk boshqarmasi ushbu hududda aniqlangan parranda grippi virusining genetik materiali haqida xabar tarqatdi. Qushlarning oʻligidan olingan barcha namunalarda H5N8 turidagi parranda grippi virusi topilgan, deb xabar beradi “Liter.kz”.
Chegara hududidagi vaziyat viloyat veterinariya xizmati tomonidan alohida nazoratga olindi. H5N8 turi odam uchun uncha patogen boʻlmasa ham, ayniqsa, odam grippning boshqa turiga uchrasa, tezda mutatsiya boʻlishi va oʻlimga olib kelishi mumkin.
Qirgʻizistonda kasallikka chalinganlarning umumiy soni 38 110 ga yetdi, 29 513 kishi tuzaldi, 1 438 nafar fuqaro vafot etdi.
Issiqkoʻl viloyatida yoʻlovchi tashish tiklandi. Qaror viloyat tezkor shtabi yigʻilishida qabul qilindi. Hukumatning Issiqkoʻl viloyatidagi vakolatli vakili B.Tulobayev yoʻlovchilar tashish bilan shugʻullanuvchi haydovchilar va kompaniyalarga nisbatan qattiq talablar belgilanishini taʼkidladi.
Bishkekdagi yettita statsionar ishi toʻxtatildi. Meriyaning taʼkidlashicha, “shahar tuzala boshladi, baʼzi statsionarlarda bemorlar kam yoki umuman yoʻq”. Kunduzgi statsionarlarda bir oy davomida 84 ming 689 kishi tibbiy yordam oldi, tungi statsionarlarga 8 ming 688 bemor qabul qilindi.
Tojikistonda yana 42 ta yangi holat aniqlandi, 6 399 kishi sogʻaydi, 61(oʻzgarishsiz) fuqaro vafot etgan.
Turkmaniston haliyam mamlakatda koronavirus infeksiyasi mavjudligini rad etmoqda.
Dunyodagi soʻnggi tendensiyalar
AQSH Prezidenti Donald Tramp “Axios” yangiliklar saytiga bergan intervyusida shtatlardagi epidemiologik vaziyat imkon qadar hukumat nazorati ostida ekanini aytdi.
Shu bilan birga, AQSHda mansabdor shaxslar oʻrtasida test jarayoni haqida munozaralar boshlandi. Masalan, mamlakatning bosh infeksionisti E.Fauchi koronavirus uchun test javobini berish jarayoni choʻzilayotganini tanqid qildi. U AQSHdagi bemorlarga tahlillar natijalarini berishning hozirgi muddatlarini qoniqarsiz, deb aytdi. “CNN” maʼlum qilishicha, ekspert test javobi 10 minutda berilishi eng yaxshi variant, deb hisoblaydi.
31-iyul kuni Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vaziri yordamchisi B.Djiruar Kongressda test natijalarini 48-72 soat ichida berishning iloji yoʻqligini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatda oʻtkazilgan test natijalarining 75 foizi 5 kun ichida berilmoqda.
Avvalroq “Microsoft” korporatsiyasining asoschisi B. Geyts “CNBC” telekanaliga bergan intervyusida AQSHda bu interval oʻrtacha 48 soatdan oshib ketishi aqlga bovar qilmaydigan vaziyat ekanligini aytdi.
“Euractiv.de” portaliga xabariga koʻra, Germaniyaning eng yirik “Allianz” sugʻurta kompaniyasi koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqirozdan 1,2 milliard yevro zararga kirdi. Amalga oshirilgan amaliyotlar soni 19 foizga kamaydi. Shu bilan birga, kompaniyaning bosh direktori O.Betening fikricha, eng yomon paytlar ortda qoldi. U kompaniya birinchi olti oy davomida barqaror boʻlganini eslatib oʻtdi: “Bu bizga 2020-yilning ikkinchi yarmida barqaror biznes natijalarini koʻrishimizga ishonch bagʻishlaydi”.
Italiya Sogʻliqni saqlash vazirligi mamlakatda yangi koronavirus bilan zararlanish holatlari soni ikki oylik maksimumga yaqinlashganini maʼlum qildi. Oʻtgan kun davomida 384 ta yangi holat qayd etildi. Mamlakatdagi kasalxonalarda 764 bemor davolanmoqda, ulardan 41 nafari intensiv terapiya boʻlimlarida muolaja olmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi va Milliy statistika instituti maʼlumotiga koʻra, taxminan 1,5 million italiyalikda koronavirusga qarshi antitanachalar aniqlangan, bu mamlakat aholisining 2,5 foiziga teng.
Vaksina va dori ishlab chiqish boʻyicha chora-tadbirlar, tadqiqotlar
“PanPay” axborot portalining xabar berishicha, Xitoyning “Fosun Pharma” farmatsevtika kompaniyasi va Germaniyaning “Biontech” kompaniyasi XXRda birgalikda ishlab chiqilgan BNT162b1 koronavirusga qarshi vaksinani odamlarda sinovdan oʻtkazishning birinchi bosqichini boshladi.
Sinovlarda Tayjou (Szyansu provinsiyasi, Sharqiy Xitoy)dan 144 koʻngilli ishtirok etadi. Birinchi boʻlib 18 yoshdan 55 yoshgacha boʻlgan odamlar, keyin esa 55 yoshdan oshgan fuqarolar emlanadi. “PanPay” maʼlumotlariga koʻra, 72 kishida vaksinatsiya qilib boʻlindi.
Sinovlar tadqiqotda dorini imitatsiya qilish uchun ishlatiladigan, aniq davolash xususiyatiga ega boʻlmagan platseboni qoʻllagan holda oʻtkazilmoqda. Baʼzi koʻngillilar vaksinani, qolganlari esa platseboni olishadi. Har bir ishtirokchiga 21 kun davomida jami 10 mkg va 30 mkg dan ikkita inyeksiya beriladi.
Gonkongning “RTHK” radio eshittirish xizmati xabariga koʻra, Gonkongdagi Xitoy universiteti professori G.Von boshchiligidagi olimlar COVID-19 ga chalingan 22 yoshdan 52 yoshgacha boʻlgan mingdan ortiq bemorning klinik maʼlumotlarini oʻrganib chiqdi. Bemorlarning 23 foizida jigar faoliyatida jiddiy buzilish aniqlandi. Ularning aksariyati intensiv terapiyaga muhtoj. G.Vonning soʻzlariga koʻra, COVID-19 asoratlari boʻlgan bemorlarda yalligʻlanish rivojlanishi mumkin, bu gepatitning baʼzi shakllari, jumladan, reaktiv yoki ishemik gepatitga olib keladi. Bundan tashqari, dorilar, jumladan, antibiotiklar, steroidlar va virusga qarshi dori vositalari ham jigarga zarar yetkazishi mumkin. Gonkong olimlarining fikricha, keksa odamlarda jigar kasalligiga chalinish xavfi yuqori.
COVID-19 ning salbiy oqibatlarini kamaytirish va karantindan chiqish choralari
TASS xabariga koʻra, Nyu-York hukumati koronavirusga chalingan odamlarni aniqlash uchun shaharga kirish joylarda tekshiruv punktlarini tashkil etadi. Koronavirus tashxisi qoʻyilganlar 14 kunlik karantinda boʻlishi kerak, ushbu talablarni buzganlarga esa 10 ming dollargacha jarima solinadi.
Koʻpriklar va tunnellar, shuningdek temir yoʻl stansiyalari va aeroportlar orqali shaharga kirish sherif apparati xodimlari tomonidan nazorat qilinib, ular transport vositalarini tanlab toʻxtatadilar. Vaziyatni koronavirus boʻyicha test oʻtkazish va uning tarqalishini nazorat qilish guruhi xodimlari ham kuzatib boradi. Hozirda shaharda har beshinchi holat boshqa shtatlardan kelgan odamlarda aniqlanmoqda.
Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo koronavirus boʻyicha ijobiy testlar yetti kunlik oʻrtacha darajasi 100000 aholiga 10 tadan yuqori boʻlgan shtatlar roʻyxatini doimiy ravishda yangilab turibdi. Ayni paytda ushbu roʻyxatga 35 shtat kiritilgan
Isroil hukumati 16-avgustdan aviareyslarni tiklash rejasini tayyorlamoqda. Shuningdek, Hukumat komissiyasi Vazirlar Mahkamasiga dam olish kunlari savdo markazlari va doʻkonlar ishlashi boʻyicha cheklovlarni olib tashlashni tavsiya qildi. Bosh vazir B.Netanyaxu mamlakatda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashning ikkita asosiy vazifasi kasallar sonini kamaytirish va kasallanish zanjirini uzishdan iborat ekanini maʼlum qildi. U ayni payt Isroilda kasallanish darajasi dunyodagi eng yuqorilardan biri ekani, soʻnggi ikki hafta davomida mamlakat kasallanish choʻqqisiga chiqqanini taʼkidladi.
“Kyodo” maʼlumotlariga koʻra, Yaponiyadagi yana bir prefektura - Ayti koronavirus infeksiyasining tarqalishi oʻsishi sababli favqulodda holat rejimini joriy qilmoqda. Bu tartib 6-avgustdan 24-avgustga qadar amal qiladi. Maʼmuriy markazi Nagoya shahrida boʻlgan Ayti prefekturasi Xonsyu asosiy orolining markaziy qismida joylashgan. Aholisi qariyb 7,5 million kishini tashkil etadi. Bu yerda koʻplab sanoat korxonalari faoliyat yuritadi. Soʻnggi toʻqqiz kun ichida prefekturada yuzdan ortiq yangi holat aniqlandi. Aytidan tashqari, avvalroq bunday tartibni Okinava janubiy prefekturasi va markaziy Miye ham joriy qilgan edi.
“RIA Novosti” taʼkidlashicha, Shveysariya Rossiyani koronavirusni yuqtirish xavfi yuqori boʻlgan davlatlar roʻyxatidan chiqarib tashladi. 8-avgustdan boshlab Rossiya Federatsiyasidan keladigan yoʻlovchilar uchun majburiy 10 kunlik karantindan oʻtish talabi bekor qilinadi. Mazkur roʻyxatdan Rossiyadan tashqari Ozarbayjon va Birlashgan Arab Amirliklari ham chiqarib tashlandi. Virus yuqtirish xavfi yuqori boʻlgan davlatlar roʻyxatiga jami 46 ta davlat kiritilgan. 8-avgustdan roʻyxatga Ispaniya, Ruminiya va Singapur ham qoʻshiladi.
Armaniston favqulodda holat rejimini bir oyga uzaytirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, mamlakat chet el fuqarolarining kirish imkoniyatlarini qayta koʻrib chiqishga va ayrim tovarlarni eksport qilishdagi cheklovlarni olib tashlashga tayyor, deb xabar beradi “Sputnik Armenia”. Armanistonda favqulodda holat rejimi 14-martda joriy etilgan boʻlib, oxirgi marta 12-avgustgacha uzaytirilgan edi.
Armaniston hukumatining taʼkidlashicha, respublikada pandemiya bilan bogʻliq vaziyat asta-sekin yaxshilanmoqda, biroq profilaktika normalariga rioya qilinmagan taqdirda, kasallar soni keskin koʻpayishi ehtimoli mavjud.