Bugun, 14-sentyabr kuni Dushanbe shahrida “Oʻzbekiston va Tojikiston davlat rahbarlarining doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonchni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi va oʻzbek-tojik strategik hamkorligining yangi sahifasining ochilishi” mavzusida ikki kunlik ilmiy-amaliy anjumani oʻz ishini boshladi.
Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari, akademik Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatning taniqli olimlari, tadqiqotchilari va yetakchi ekspertlaridan iborat delegatsiya ishtirok etmoqda.
Anjumanning ochilishida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari, akademik A.Saidov, ikki qardosh mamlakatlar xalqlari farovonligi yoʻlida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni xar tomonlama kengaytirish uchun misli koʻrilmagan qulay imkoniyatlar ochilayotganini taʼkidladi. A.Saidovning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda shakllanayotgan muhitni chuqur anglash, oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va aniq natijalarga erishish muhim hisoblanadi.
Shu bilan birga, u mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarni yuqori darajaga koʻtarishda, ularni rivojlanish strategiyasini belgilashda va amalga oshirishda Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlarining asosiy va muhim vazifani bajarayotganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, aynan davlat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlagan siyosati tufayli ikki mamlakatning koʻp qirrali hamkorligi va doʻstona aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga – strategik hamkorlik darajasiga koʻtarildi.
“Ikki mamlakat rahbarlarining 2018-yilda Tojikiston va Oʻzbekiston poytaxtlarida boʻlib oʻtgan tarixiy uchrashuvlar oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi asrlar davomida sinovdan oʻtgan doʻstlikni yaqqol namoyon etdi”, deb taʼkidladi A.Saidov.
Akademikning soʻzlariga koʻra, kuchli siyosiy iroda, oʻzaro manfaatlarni hurmat qilish, oʻrnatilgan yuqori darajadagi siyosiy muloqot, ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarni har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida biron-bir yechimi boʻlmagan masalalar qolmaganiga butun dunyo hamjamiyati guvoh boʻldi.
Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasining rahbari oʻz nutqida hozirda Markaziy Osiyoda hukm surayotgan yaxshi qoʻshnichilik va umumiy manfaatlarga asoslangan hamkorlik muhitiga ham eʼtibor qaratdi.
A.Saidovning soʻzlariga koʻra, mintaqadagi har bir davlat Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshmoqda. Mintaqa davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va amaliy qadamlari natijasida davlatlararo munosabatlar yuqori darajaga koʻtarilmoqda. Hamjihatlik va faol saʼy-harakatlar koʻp qirrali mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.
Delegatsiya rahbari “mintaqadagi oʻzaro yaqinlashuvimiz va hamkorlikni kengaytirishimiz – bu davr talab qilayotgan va orqaga qaytmaydigan jarayon. Bu borada qatʼiy siyosiy tanlovga asoslangan boʻlib, chuqur tarixiy omillarga ega va kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilgan emas” deya, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning soʻzlaridan iqtibos keltirdi.
Anjuman davom etmoqda. Uning doirasida yalpi majlislardan tashqari, turli seksiyalarda ham uchrashuvlar koʻzda tutilgan boʻlib, unda ikki mamlakat ekspertlari va mutaxassislari oʻzaro hamkorlikning turli masalalarini muhokama qilishi koʻzda tutilgan.