Toshkentda "Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi: barqaror rivojlanish yo‘lida ishonch, muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlik" mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan tadbirda 10 dan ortiq mamlakatdan 100 dan ortiq vakillar, jumladan, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi, BMTning Afg'onistonga ko'mak ko'rsatish bo'yicha missiyasini, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, Davlatlararo suv xo‘jaligi muvofiqlashtirish komissiyasining ilmiy-axborot markazi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, shuningdek, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti hamda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Markaziy Osiyo o‘zaro hurmat, birdamlik va birgalikda barqaror rivojlanishga intilishga asoslangan o‘zaro manfaatli hamkorlik makonini shakllantirish uchun muqobil imkoniyatni namoyish etayotganini ta’kidladi.
Ekspertning ta’kidlashicha, 10 yil oldin ziddiyat va kelishmovchiliklar hududi deb hisoblangan Markaziy Osiyo davlatlari bugun kunda mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb muammolarni, xususan suv-iqlim sohasidagi masalalarni hal etishga birgalikda sezilarli hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, kelgusi oyda Dushanbeda muzliklarni saqlash masalalariga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya o‘tkazilishi kutilayotgani ta’kidlandi. 2026-yilda Ostonada Markaziy Osiyo mintaqaviy iqlim sammiti, 2027-yilda Bishkekda "Bishkek+" ikkinchi global tog‘ sammiti, 2028-yilda esa Dushanbeda " Suv barqaror rivojlanish uchun" xalqaro harakatlar o‘n yilligining (2018-2028-yillar) maqsadlarini amalga oshirish yakunlariga bag‘ishlangan yuqori darajadagi konferensiya bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Suv-iqlim masalasi ilgari Markaziy Osiyo davlatlarini ajratib turgan omildan, bugun ularni birlashtiruvchi va faol o‘zaro hamkorlikka turtki beruvchi kuchga aylanmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari zamonaviy muammolarni, jumladan suv xavfsizligi sohasidagi tahdidlarni, faqatgina kuch-g‘ayratlarni birlashtirgan holdagina samarali hal qilish mumkinligi haqida yakdil fikrdalar.
A.Ne’matov ta’kidlaganidek, nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki butun dunyoda suv hamkorligini rivojlantirishning samarali modelini ilgari surish vositasi sifatida qaralayotgan suv diplomatiyasi alohida dolzarblik kasb etmoqda. 2023-yilda BMT Bosh Assambleyasi suv diplomatiyasini mustaqil ilmiy fan va xalqaro hamkorlikning alohida yo‘nalishi sifatida rivojlantirishga chaqirdi.
- Suv diplomatiyasi mintaqamiz uchun yangi hodisa emas, uni barcha mamlakatlarimiz ilgari surmoqda, - deydi A.Ne’matov. - To‘plangan tajribani umumlashtirish va kundalik faoliyatga joriy etish muhim. Ishonchim komilki, suv diplomatiyasi mintaqaning suv muammolarini o‘zaro manfaatli hal etishda erishilgan yutuqlarga barqarorlik baxsh etadi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p tomonlama muloqotda ilk bor Afg‘oniston delegatsiyasi shunday kengaytirilgan tarkibda ishtirok etmoqda. Bu Markaziy Osiyo davlatlari bilan samarali hamkorlik qilishga tayyorlikdan dalolat beradi.
Yaqinda BMT Bosh Assambleyasi Qozog‘iston va Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligida taklif etilgan Olmaotada Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha mintaqaviy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Bu voqea Afg‘onistonning Markaziy Osiyoning ajralmas qismi ekanligini yana bir bor tasdiqladi. Har bir davlat qo‘shni mamlakat bilan o‘zaro hurmat va manfaatlarni inobatga olish tamoyillari asosida hamkorlik qilishga tayyorligini namoyish etmoqda. Bu hamkorlik butun mintaqaning xavfsizligi, barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan.
Barcha masalalar, ular qanchalik keskin bo‘lmasin, muloqot uchun to‘siq emas, balki uning mavzusi bo‘lishi kerak. Diplomatiya, shu jumladan suv diplomatiyasi bunday muloqotni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro manfaatli yechimlarni birgalikda topishning kaliti bo‘lishi mumkin.
Keyingisi
Joriy yil 7-aprel kuni SMTI direktori Eldor Aripov BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili hamda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbari Kaxa Imnadze bilan uchrashdi.
07.04.2025