SMTIda MOPDMM rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 7-aprel kuni SMTI direktori Eldor Aripov BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili hamda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbari Kaxa Imnadze bilan uchrashdi.

Tomonlar SMTI va MOPDMM o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari xususida fikr almashdilar. O‘zbekistonning 2025-yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga raislik qilishi doirasida qo‘shma tadbirlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.

Fursatdan foydalanib, Kaxa Imnadze O‘zbekistonning tashqi siyosat sohasidagi faoliyati juda faol sur’atda rivojlanayotganini ta’kidladi va mamlakatda ro‘y bergan bir qator muhim voqealarni alohida qayd etdi. Uning aytishicha, "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" sammitidagi mazmunli muzokaralar, Samarqanddagi Iqlim forumidagi mazmunli muloqotlar, shuningdek, Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi O‘zbekistonning global muloqotning muhim markazi sifatidagi maqomini tasdiqladi.

Muzokaralar yakunida tomonlar O‘zbekiston va MOPDMM o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.