
Joriy yilning 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Pokiston Mintaqaviy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda hamda O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida "O‘zbekiston - Pokiston: o‘zgarib borayotgan dunyoda strategik sheriklik, o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanish" mavzusida onlayn ekspertlar konferensiyasini tashkil etdi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Islomobod strategik tadqiqotlar instituti huzuridagi Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarini o‘rganish markazi direktori Amina Xan mamlakatlar o‘rtasidagi uzoq muddatli va barqaror investitsiyalar inson kapitaliga sarmoya ekanligini ta’kidladi. "Infratuzilma mamlakatlarni bog‘laydi, ammo aynan odamlar ta’lim, ko‘nikmalar va texnologiyalar orqali hamkorlikning barqarorligini ta’minlaydi," - dedi u.
“O‘zbekiston ta’lim islohotlari, texnik ta’limni rivojlantirish va raqamli transformatsiya sohasida sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Bundan tashqari, mamlakatning elektron boshqaruv va raqamli davlat xizmatlari borasidagi tajribasi Pokiston uchun qimmatli saboq manbai hisoblanadi,”-deya qo’shimcha qildi ekspert.
Ekspert har ikki mamlakatning bir-birini o‘zaro to’ldirishi mumkin bo‘lgan noyob ustunliklari mavjudligini alohida ta’kidladi. "Pokiston ingliz tilidagi oliy ta’lim, tibbiyot sohasidagi bilim va ilmiy-tadqiqot hamkorligini, O‘zbekiston esa raqamlashtirish va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish tajribasini taqdim etishi mumkin," - dedi Amina Xan.
Uning aytishicha, bu imkoniyatlar hamkorlikning uch asosiy platformasi orqali ro‘yobga chiqarilishi mumkin: ikki tomonlama, uch tomonlama va ko‘p tomonlama platforma.
Ikki tomonlama darajada Amina Xan logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati va infratuzilma sohalarida milliy va mintaqaviy mehnat bozorlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda texnik va kasb-hunar ta’limi va kadrlar tayyorlashni birgalikda rivojlantirish uchun inson kapitali va texnologiyalar bo‘yicha Pokiston-O‘zbekiston muloqotini tashkil etishni taklif qildi.
Ekspert universitetlar va texnik ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash zarurligini ta’kidladi, bu xavfsizlik, iqlim o‘zgarishi, suv resurslarini boshqarish, qayta tiklanadigan energiya va ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha qo‘shma tadqiqot loyihalarini rivojlantirish imkonini beradi. "Qo‘shma tadqiqotlar ikki tomonlama va mintaqaviy muammolarni hal qilishga yordam beradi, shu paytgacha yetishmayotgan mahalliy asoslangan yechimlarni yaratadi," - dedi Amina Xan.
Shuningdek, u siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni, umumiy islom merosi va Buyuk Ipak yo‘li tarixini o‘rganishni targ‘ib qiluvchi inkubatsiya markazlari va kafedralarini tashkil etishni taklif qildi. "Bunday markazlarni tashkil etish juda muhim va to‘liq amalga oshirilishi mumkin - ham ilmiy institutlarda, ham universitetlarda," - deya ta’kidladi ekspert.
Amina Xan ikki tomonlama tashabbuslardan tashqari, uch tomonlama formatlar allaqachon amalga oshirilayotgan loyihalarni kuchaytirish, xarajatlarni kamaytirish va muvaffaqiyatli yechimlarni ko‘paytirish imkonini berishini ta’kidladi. Xususan, u Pokiston, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida ta’lim, sog‘liqni saqlash, malaka oshirish, texnologiyalar va savdo sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni taklif qildi. Amaliy misol sifatida u O‘zbekistonda Afg‘oniston bilan chegarada tashkil etilgan "Termiz xalqaro savdo markazi" erkin savdo zonasini keltirdi, bu tuzilmaviy transchegaraviy hamkorlik modeli bo‘lib xizmat qiladi va mintaqaviy integratsiyani kengaytirish uchun boshqa chegara punktlarida takrorlanishi mumkin. "Bu shunchaki chegara punkti emas, balki to‘laqonli iqtisodiy tizim - odamlar o‘rtasidagi aloqalar, ta’lim, tibbiy xizmat, savdo va mintaqaviy tranzit ekotizimidir," - dedi u. Uning fikricha, shunga o‘xshash modellar Chaman-Spin-Boldak, Torxam va Kobul chegara punktlarida takrorlanishi mumkin, bu esa mintaqaviy integratsiyani kuchaytiradi va xavfsizlik darajasini oshiradi.
Amina Xan savdo va o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish inson kapitaliga sarmoya kiritish bilan birga olib borilishi kerakligini ta’kidladi. "Ta’lim va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtiradigan va mintaqaviy integratsiyaga hissa qo‘shadigan past xavf va yuqori samaraga ega yo‘ldir," - dedi u. Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, agar Pokiston va O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘nalish va sohalarga sarmoya kiritadigan bo‘lsa, ularning hamkorligi mintaqaviy hamkorlik modeliga aylanishi mumkin.
Konferensiyada O‘zbekiston va Pokistonning yetakchi tahliliy va ta’lim markazlari rahbarlari va ekspertlari, biznes va diplomatik missiyalar vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Strategik tadqiqotlar instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Oldingisi
Joriy yilning 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Pokiston Mintaqaviy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda, O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida "O‘zbekiston – Pokiston: o‘zgarib borayotgan dunyoda strategik sheriklik, o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanish" mavzusida ekspertlar onlayn konferensiyasini tashkil etdi.
02.02.2026