
Joriy yilning 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Pokiston Mintaqaviy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda, O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida "O‘zbekiston – Pokiston: o‘zgarib borayotgan dunyoda strategik sheriklik, o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanish" mavzusida ekspertlar onlayn konferensiyasini tashkil etdi.
Konferensiyaning ochilish marosimida Islomobod mintaqaviy tadqiqotlar instituti prezidenti, elchi Javhar Salim so‘zga chiqib, Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning yuqori darajasini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbarlari strategik muloqot va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratib, ishonchni mustahkamlash va amaliy tashabbuslarni ilgari surishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. "Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajada," 2021 va 2025-yillarda bo‘lib o‘tgan davlat rahbarlarining sammitlari esa "ikkala tomonning iqtisodiyot, savdo, energetika, ta’lim, madaniyat, turizm va odamlar o‘rtasidagi aloqalarni qamrab oluvchi ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga intilishini yaqqol ko‘rsatadi," – dedi elchi.
Javhar Salim ikki tomonlama hamkorlik salohiyati savdo, sarmoyaviy hamkorlik, energetika sohasidagi o‘zaro aloqalar, odamlar o‘rtasidagi aloqalar, turizm, ta’lim va madaniy hamkorlik ulkan ekanligini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, u asosiy vazifa: bu salohiyatni aniq natijalarga aylantirish ekanligni ko’rsatib o’tdi "Aynan shu sababli so‘nggi yillarda biz oliy darajadagi munosabatlarning ancha faollashganini kuzatmoqdamiz. Yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirilganda xoh O‘zbekistonga tashrif buyurgan Pokiston Bosh vaziri bo‘lsin, xoh Pokistonga kelgan O‘zbekiston Prezidenti bo‘lsin – ularga yuqori martabali amaldorlar, ishbilarmon doiralar vakillari, ilmiy jamiyat a’zolari, biznes yetakchilari va turli sohalar mutaxassislaridan iborat delegatsiyalar hamrohlik qiladi. Bu turli sohalar rahbarlari o‘rtasida muloqot o‘tkazish, fikr almashish, g‘oyalar ishlab chiqish, aloqalarni mustahkamlash yo‘llari va mexanizmlarini izlash, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishga tushirish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi".
Iqtisodiy nuqtayi nazardan Javhar Salim Pokistonning eksportga yo‘naltirilgan rivojlanish modeliga o‘tishga intilishini ta’kidladi: "Rivojlanayotgan davlatlarning rivojlangan mamlakatlarga muvaffaqiyatli o‘tgani bo‘yicha barcha misollar – Janubiy Koreya yoki Tayvan kabi – aynan eksportga yo‘naltirilgan o‘sishga asoslangan. Pokiston iste’molga yo‘naltirilgan iqtisodiyotdan eksportga asoslangan iqtisodiyotga o‘tishga intilmoqda".
U Pokistonning raqobatbardosh ustunliklarini sanab o‘tdi: to‘qimachilik, charm mahsulotlari, meva-sabzavotlar, go‘sht mahsulotlari, sport tovarlari, hunarmandchilik buyumlari – gilam va paloslar, shuningdek, jarrohlik asbob-uskunalari.
Shu bilan birga, u O‘zbekistonning ham eksport mahsulotlari assortimentini va bozorlarini faol kengaytirayotganini ta’kidladi, bu esa qo‘shma o‘sish va sinergetik imkoniyatlar yaratadi: "Men ushbu umumiy intilishlar doirasida hamkorlik uchun katta imkoniyatlarni ko‘ryapman, chunki har ikkala davlat o‘xshash yo‘lni bosib o‘tmoqda. Bu esa sinergetik imkoniyatlarni yaratishda sezilarli salohiyat ochadi", – dedi u.
Javhar Salim transport o‘zaro bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratib, uni savdo va iqtisodiy integratsiyaning asosiy omili deb hisobladi: "O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakat, jahon savdosining asosiy qismi esa dengiz yo‘llari orqali amalga oshiriladi. Pokiston, o‘z navbatida, dunyodagi eng muhim dengiz savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan. Shuning uchun ham Gvadar porti ulkan imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan Transafg‘on koridori doirasida Afg‘oniston orqali quruqlikdagi bog‘lanish zarur. Islomobod mintaqaviy tadqiqotlar instituti prezidenti loyihaning strategik ahamiyatini ta’kidladi: "Ushbu loyiha va g‘oyani amalga oshirish kerak, chunki ular ikki tomonlama savdoga kuchli turtki berishi mumkin. Pokiston va O‘zbekiston uni amalga oshirishdan nihoyatda manfaatdor. Ishonchim komilki, yaqin yillarda bu loyiha orzu va tasavvurdan haqiqatga aylanadi." Shuningdek, u transport bog‘liqligi nafaqat iqtisodiyotga, balki mintaqaning barqarorligi va o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga xizmat qilishini, biznes, logistika va bozorlar integratsiyasi uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.
Hamkorlikning an’anaviy sohalaridan tashqari, Javhar Salim yangi yo‘nalishlarni, birinchi navbatda, axborot texnologiyalarini ajratib ko‘rsatdi: "Pokiston tez o‘sib borayotgan aholiga ega, uning katta qismini yoshlar tashkil etadi. Bizda axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislarning dunyodagi eng yirik zaxiralaridan biri mavjud. Aynan shuning uchun men Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida ushbu sohadagi hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan istiqbollarni ko‘rmoqdaman." U dasturiy ta’minot eksporti, ma’lumotlar markazlarini tashkil etish, konsalting kompaniyalarini rivojlantirish, startaplarni ishga tushirish va boshqa innovatsion tashabbuslar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni taklif qilib, texnologik hamkorlikni strategik ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etdi.
Umuman olganda, Islomobod mintaqaviy tadqiqotlar instituti prezidenti Javhar Salim ikki tomonlama munosabatlarning izchil dinamikasini yuqori baholab, ularning strategik ahamiyati va hamkorlikning keng salohiyatini qayd etdi. Shu bilan birga, u ikki tomonlama kun tartibini yanada faol ilgari surish, bu jarayon iqtisodiy va ijtimoiy transformatsiya sharoitida muhimligini ta’kidladi. U ekspertlar hamjamiyatining roli va mutaxassislar, biznes va akademik sektor vakillari o‘rtasida yaqinroq muloqot zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.
Ushbu kontekstda Javhar Salim Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida Ekspertlar kengashini tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi, uning doimiy muloqot va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun platforma sifatidagi muhimligini e’tirof etdi. Uning fikricha, bunday kengash turli sohalar yetakchilari o‘rtasida muhokamalar o‘tkazish, g‘oyalar ishlab chiqish, hamkorlikni mustahkamlash yo‘llari va mexanizmlarini izlash hamda o‘zaro aloqalarning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yishga yordam beradi. Shuningdek, bu kengash ikki tomonlama munosabatlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun mutaxassislar, tadbirkorlar va ilmiy hamjamiyat vakillarining tizimli hamkorligini ta’minlaydi.
Konferensiya ishida ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, O‘zbekiston va Pokistonning yetakchi "aql" va ta’lim markazlari rahbariyati va ekspertlari ishtirok etdi. Konferensiya O‘zbekiston-Pokiston strategik sherikligini yanada chuqurlashtirish hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan barqaror ekspert platformasini shakllantirish yo‘lidagi muhim amaliy qadam sifatida qayd etildi.
Oldingisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) Pokiston Mintaqaviy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida "O‘zbekiston - Pokiston: o‘zgarib borayotgan dunyoda strategik sheriklik, o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanish" mavzusida onlayn ekspertlar konferensiyasini tashkil etdi.
02.02.2026Keyingisi
2026-yil 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti Pokiston Mintaqaviy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda, O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida «O‘zbekiston – Pokiston: strategik hamkorlik, o‘zaro bog‘liqlik va o‘zgarayotgan dunyoda barqaror rivojlanish» mavzusida ekspertlar onlayn konferensiyasini tashkil etdi.
02.02.2026