2025-yil 28-aprel kuni Toshkentda “Strategik sheriklikni mustahkamlash: tarixiy aloqalardan keng qamrovli hamkorlik sari” mavzusida Markaziy Osiyo mamlakatlari tahlil markazlarining birinchi forumi va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) o‘z ishini boshladi.
Tadbirda Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog‘iston, Quvayt, Qirg‘iziston, Oʼmon Sultonligi, Bahrayn Podshohligi, Tojikiston, Turkmaniston kabi mamlakatlarning yetakchi tahlil markazlari rahbarlari va ekspertlari ishtirok etmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahrom Aloyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Saudiya Arabistonining Gulf Research Center (GRC) tadqiqot markazi direktori Abdulaziz Sager, KADHK departamenti boshlig‘i Vejdan Fahad ishtirokchilarga murojaat qildi.
Forum doirasida SMTI va GRC oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjatda hamkorlikni rivojlantirish va ikki davlat tahlil markazlari o‘rtasida hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, dolzarb masalalarga bag‘ishlangan forumlar, seminarlar va davra suhbatlari tashkil etish orqali muntazam ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida tashqi siyosat va xavfsizlik, mintaqaviy barqaror rivojlanish, tashqi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi boshqa sohalar kiradi.
Memorandum imzolanishini sharhlar ekan, GRC rahbari doktor Abdulaziz Sager uning imzolanishi tahliliy markazlar o‘rtasidagi muloqotni institutsionallashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi. “Ushbu kelishuv umumiy muammolarni chuqur tahlil qilish va hududlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi yo’nalishlarni ochadi.“Bizning hamkorlikdagi ishimiz salmoqli natijalar berishiga ishonaman,” dedi ekspert.
O‘z navbatida, SMTI direktori Eldor Aripov GRC bilan hamkorlik ekspert resurslarini birlashtirish, O‘zbekiston va Ko‘rfaz davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan amaliy yechimlarni ishlab chiqish uchun sharoit yaratishini ta’kidladi.
GRC 2000-yilda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida tashkil etilgan mustaqil tahlil markazi boʻlib, Ar-Riyod, Jeneva, Kembrij va Bryusselda boʻlimlari mavjud. Ko'rfaz mintaqasining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini, shuningdek, xalqaro munosabatlar va atrof-muhitni o'rganishga ixtisoslashgan. Markaz “Araa” jurnalini nashr etadi, konferensiyalar (shu jumladan, yillik Kembrij uchrashuvi) va maslahat loyihalarini amalga oshiradi. Doktor Abdulaziz Sager boshchiligidagi Markaz Top-150 ta eng yaxshi global tahlil markazlari qatoriga kiradi, BMTda kuzatuvchi maqomiga ega bo’lib 95 dan ortiq tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Oldingisi
Bugun poytaxtimizda "Strategik sheriklikni mustahkamlash: tarixiy aloqalardan keng qamrovli hamkorlik sari" mavzusida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi tahlil markazlari birinchi forumi o‘z ishini boshladi.
28.04.2025