SMTI "Markaziy Osiyo: mintaqaviy rivojlanish uchun global chaqiriqlar" mavzusidagi "Primakov o‘qishlari"da ishtirok etdi

2025-yil 20-noyabr kuni Toshkentda "Markaziy Osiyo: mintaqaviy rivojlanish uchun global chaqiriqlar" mavzusida "Primakov o‘qishlari" xalqaro forumining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Rossiya Federatsiyasidan tashqaridagi uchinchi yig‘ilishi, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan birida esa birinchisi hisoblanadi.

Yig‘ilish davomida to‘rtta sessiya bo‘lib o‘tdi: 1) Markaziy Osiyo o‘zgarayotgan dunyo tartibida; 2) Markaziy Osiyoda hamkorlik va raqobat uchun imkoniyatlar; 3) Global resurs bozorlari tendensiyalari: energiya resurslari, suv, nodir metallar; 4) Katta Yevroosiyo xavfsizligi uchun xavf va imkoniyatlar.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov ishtirok etdi va "Global resurs bozorlari tendensiyalari: energiya resurslari, suv, nodir metallar" mavzusidagi sessiyaga moderatorlik qildi.

Muhokama ishtirokchilari energiya resurslariga bo‘lgan talab va iste’molning o‘sishi barqaror tendensiyaga aylanib borayotganini ta’kidladilar. Shu bilan birga, jahon resurs bozorlarining o‘ziga xos xususiyati beqarorlik bo‘lib qolmoqda. Bu beqarorlik geosiyosiy ziddiyatlar, ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlarining qayta tuzilishi hamda energiya resurslari bozorining yangidan shakllanishi natijasida yuzaga kelgan global beqarorlik bilan bog‘liq.

Qazilma yoqilg‘i qazib olishning o‘sishi va uning bozorda haddan tashqari ko‘pligi sharoitida yaqin kelajakda neft va gaz narxlari pastligicha qolishi, bu birinchi navbatda energiya resurslarini import qiluvchi mamlakatlarga ustunlik berishi ta’kidlandi.

Ekspertlarning fikricha, kuchayib borayotgan va uzoq muddatli xususiyat kasb etayotgan raqobat sharoitida energiya manbalarini diversifikatsiya qilish milliy iqtisodiyotlar barqarorligining muhim omiliga aylanmoqda. Shu bilan birga, energetika tizimlarining barqarorligini saqlash maqsadida turli xil energiya turlaridan foydalanishda muvozanatni saqlash, ularni yagona elektr energetika tizimiga samarali integratsiya qilish, shuningdek, butun energetika sohasini boshqarishga kompleks yondashish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari umumiy energetika bozorini yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirishi muhim ekani ta’kidlandi. Energetikaga talab ortib borayotgan va iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror rivojlanish va ekotizimlarni saqlab qolish o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlagan holda qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish muhim ahamiyatga ega.

Akramjon Ne’matov muhokamalar so’ngida, bugungi kunda resurslar davlatlarning barqaror o‘sishining asosiy omili bo‘lib, asosiy muammo ularning yetishmasligi emas, balki o‘zaro manfaatli hamkorlik va ishonchning yo‘qligi deya ta’kidladi. Shu munosabat bilan resurslar raqobat obyektiga aylanmasligi, balki umumiy taraqqiyot manbayiga aylanishi uchun ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan Rossiya Fanlar akademiyasi Ye.M.Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Muhokama ishtirokchilari orasida O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi Abdulaziz Kamilov, Rossiya Fanlar akademiyasi IMEMO prezidenti Aleksandr Dinkin, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Serbiya, AQSH, Turkiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi tadqiqot institutlari vakillari bor edi. Shuningdek, tadbirda diplomatik korpus va akademik hamjamiyat a’zolari, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

"Primakov o‘qishlari" forumi 2015-yildan buyon o‘tkazib kelinadi va jahon iqtisodiyoti, siyosati va xalqaro xavfsizlikning eng dolzarb muammolari muhokama qilinadigan nufuzli xalqaro munozara maydoni hisoblanadi.