
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Institut direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi mutaxassisi, Nyukasl universiteti (Newcastle university) professori Nik Megoran bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida professor Farg‘ona vodiysi davlatlarida olib borilgan dala tadqiqotlari natijasida tuzilgan "Chegaralar qayta ochilganda nima bo‘ladi?" nomli monografiyasini taqdim etdi. Tadqiqot ishining asosiy xulosalari shundan iboratki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qo‘shnichilik siyosati Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamladi, savdo, turizm va mehnat migratsiyasining rivojlanishiga hissa qo‘shdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chegaralar, transport kommunikatsiyalari ochilishi va suv xo‘jaligi masalalarini hal qilishdan manfaatdorlar chegara hududlarida yashovchi oddiy fuqarolar bo‘ldi.
Ekspert O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma va Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasining imzolanishi tarixiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi. Britaniyalik olim joriy yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Farg‘ona tinchlik forumining Farg‘ona vodiysida ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli ilgari "mojarolar hududi" sifatida qabul qilingan Farg‘ona vodiysi bugungi kunda butun Markaziy Osiyo uchun tayanch nuqtasi va imkoniyatlar makoniga aylanmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan g‘oya va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Nyukasl universiteti 1834-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi eng yaxshi 140 ta oliy ta’lim muassasasi qatoriga kiradi.
Keyingisi
2025-yil 20-noyabr kuni Toshkentda "Markaziy Osiyo: mintaqaviy rivojlanish uchun global chaqiriqlar" mavzusida "Primakov o‘qishlari" xalqaro forumining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Rossiya Federatsiyasidan tashqaridagi uchinchi yig‘ilishi, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan birida esa birinchisi hisoblanadi.
21.11.2025