Joriy yil 18-martda Markaziy Osiyo mamlakatlarining strategik tadqiqotlar institutlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va suv xo‘jaligi idoralari mutaxassislarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) tomonidan birgalikda tashkil etildi.
Markaziy Osiyo mintaqasida transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish sohasidagi hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalari bo‘yicha atroflicha fikr almashildi. So‘nggi yillarda suv sohasidagi hamkorlikning izchil rivojlanish yo‘liga o‘tganligi alohida ta’kidlandi. Mamlakatlar barcha tomonlarning manfaatlarini inobatga olgan holda transchegaraviy suv resurslarini boshqarish masalalarini konstruktiv tarzda hal etishga qat’iy qaror qilishganini bildirishdi.
Uchrashuv doirasida Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan "Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi bo‘yicha ilmiy-siyosiy muloqot: bilimga asoslangan ilmiy diplomatiyani rivojlantirish" nomli mintaqaviy loyihani ko‘rib chiqish uchun taqdim etdi.
Loyiha ilmiy-siyosiy muloqotni rivojlantirish, Markaziy Osiyo davlatlarining milliy ustuvorliklari asosida suv resurslarini boshqarish bo‘yicha asosli qarorlar ishlab chiqish maqsadida ilmiy hamkorlik platformasini yaratishga qaratilgan.
Uchrashuvda mazkur loyiha atroflicha muhokama qilinib, uni takomillashtirish va mintaqa sharoitiga moslashtirish bo‘yicha qator g‘oyalar bildirildi.
Markaziy Osiyo davlatlari vakillarining takliflarini inobatga olgan holda loyihani takomillashtirish va uni 2025-yil 10-aprelda Toshkentda o‘tkaziladigan "Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi: barqaror taraqqiyot yo‘lida ishonch, muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlik" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Loyihaning amaliy tatbiq etilishi Markaziy Osiyo davlatlari orasida suv sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga muhim hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Oldingisi
Joriy yil 19-martda SMTIda BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi (TQKB) dasturlarini boshqarish bo‘yicha katta maslahatchisi Mehdi Knani boshchiligidagi ekspertlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
19.03.2025Keyingisi
Joriy yilning 19-mart kuni SMTI direktori Eldor Aripov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Suma Chakrabartini bilan uchrashdi.
20.03.2025