O‘zbekiston Prezidenti “Xitoy — Markaziy Osiyo” formatidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi

Joriy yilning 17 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo — Xitoy” ikkinchi sammitida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Markaziy Osiyo mamlakatlari va XXR o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, savdo-investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, energetika va transport sohalarida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, iqtisodiyotni raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniy-gumanitar hamkorlikning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bu o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash va mintaqa xalqlarini yaqinlashtirishda muhim rol o‘ynashini qayd etdi. “Madaniyatlar rang-barangligini hurmat qilish tamoyiliga tayangan holda, bizning hamkorligimiz millionlab insonlar uchun madaniy almashuv yo‘lida yangi imkoniyatlarni ochmoqda”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Amaliy qadam sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyev “Ipak yo‘li madaniy merosi” yagona raqamli portalini yaratish taklifini bildirdi.Ta’kidlash joizki, mazkur loyiha bir qator muhim vazifalarni hal etishga xizmat qiladi. 

Birinchidan, portal Ipak yo‘li tarixi chuqurroq o‘rganilishini ta’minlaydi. U Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning noyob tarixiy-madaniy resurslarini birlashtirib, barcha manfaatdor shaxslarga me’moriy yodgorliklar, artefaktlar, qo‘lyozmalar va san’at asarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanish imkonini beradi.

Ikkinchidan, elektron platforma ilmiy tadqiqotlarga kuchli turtki beradi. Olimlar markazlashgan ma’lumotlar bazasiga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa  yangi madaniy aloqalarni aniqlash va tarixiy jarayonlarni chuqurroq tushunishga imkon beradi. 

Uchinchidan, loyiha kreativ sanoatni rivojlantirish uchun ham muhim resurs vazifasini o‘taydi. Dizaynerlar, rassomlar va kinematograflar raqamli merosdan ilhomlanib, buning asosida yangi san’at asarlari, filmlar va dizaynerlik mahsulotlarini yaratadi. 

To‘rtinchidan, platformaning joriy etilishi Ipak yo‘li mamlakatlarining turistik salohiyatini sezilarli darajada oshiradi. Virtual ekskursiyalar va mukammal yo‘lko‘rsatkichlar orqali sayyohlar mamlakatimizning madaniy muhitiga sho‘ng‘ishlari mumkin bo‘ladi. Bu ularning safarini yanada qiziqarli va maroqli qiladi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti kasbiy ta’lim sohasida kompleks hamkorlik dasturini ishlab chiqishni ko‘zda tutuvchi umumiy ilmiy-ta’lim platformalarini shakllantirish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur tashabbus ishtirokchi mamlakatlarga eng yaxshi pedagogik tajribalar bilan almashish, o‘qitish uslublarini takomillashtirish va qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish imkonini beradi. 

Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Lu Ban ustaxonalari” — afsonaviy xitoylik ixtirochi va hunarmand sharafiga nomlangan ta’lim markazlari bu sohadagi muvaffaqiyatli hamkorlikning yorqin namunasidir. Mazkur loyihalar doirasida iqtisodiyotning zamonaviy tarmoqlarida talab katta bo‘lgan yuqori texnologiyali amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlanadi.   

Ustaxonalar Xitoyning Tyanszin texnika universiteti ko‘magida mintaqaning yetakchi texnika oliy o‘quv yurtlari, shu jumladan, 2022 yilda Tojikiston texnika universiteti, 2023 yilda D.Serikbayev nomidagi Sharqiy Qozog‘iston texnika universiteti va 2024 yilda Toshkent davlat transport universiteti negizida ochilgan. Bugungi kunda O‘zbekistondagi filialda 400 nafarga yaqin talaba logistikani strategik boshqarish va axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda tahsil olmoqda. 

Markaziy Osiyo  mamlakatlari va Xitoy rektorlarining forumlarini muntazam o‘tkazish fan-ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashning muhim omiliga aylanadi. Bunday tadbirlar o‘quv rejalarini ishlab chiqish, o‘qitishning innovatsion uslublarini joriy etish, ta’lim standartlarini muhokama qilish va muvofiqlashtirishda tajriba almashish hamda akademik mobillikning yangi dasturlarini yaratish va mavjudlarini kengaytirish uchun barqaror platforma yaratadi.  

Shu bilan bir qatorda ilmiy akademiyalar va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari uchrashuvlari ham hamkorlikni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadi. Bunday formatdagi hamkorlik mintaqa mamlakatlari va Xitoyning ilmiy salohiyatini birlashtirgan holda qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish, texnologiyalarni transfer qilish va ilm-fan sohasida yagona ustuvor yo‘nalishlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi. 

Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Markaziy Osiyo — Xitoy” sammitida ilgari surilgan tashabbuslar  mintaqamiz mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Gumanitar aloqalarni ushbu formatda rivojlantirish mintaqaviy integratsiya uchun mustahkam poydevor yaratadi. Bunday yondashuv nafaqat bilim va ilg‘or tajribalar bilan almashish, balki madaniy xilma-xillik va qadriyatlarga asoslangan umumiy o‘zligimizni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Uzoq muddatli istiqbolda bu mintaqada farovonlik va barqarorlikning muhim omiliga aylanishi mumkin. 

Madina Aripova, 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

 Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar

instituti bosh ilmiy xodimi.

Manba