SAYDAXMEDOV SAYDAKMAL ARIPOVICH

Joriy yil 2-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi, hurmatli hamkasbimiz Saydaxmedov Saydakmal Aripovich 75 yoshida vafot etdi.

S.Saydaxmedov 1949-yil 7-oktyabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida muhandis-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi.

Mehnat faoliyatini 1972-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mexanika institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan.

Keyinchalik Qozon kimyo mahsulotlari ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi muhandisi, Paxta tozalash sanoati markaziy ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Safarbarlik tayyorgarligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida samarali faoliyat yutitgan.

18 yildan ziyod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati mas’ul lavozimlarda ishlab, o’z chuqur bilim va rahbarlik tajribasi bilan respublikada xavfsizlik sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan.

Keyinchalik O‘zbekiston Ekologik harakatining umumiy tahlil guruhi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi qoshidagi Fuqaro muhofazasi instituti o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan.

2021-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining yetakchi ilmiy xodimi lavozimida faoliyat yuritgan.

Texnika fanlari nomzodi darajasiga ega bo‘lgan.

S.Saydaxmedovning mehnat faoliyati davomida, uning bevosita ishtiroki bilan, mamlakat hayotida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Uning umumiy ishga qo‘shgan hissasini baholash qiyin – bilimi, tajribasi, tirishqoqligi, maqsadga intiluvchanligi, yuksak ma’naviy-axloqiy tamoyillari hamkasblarida va rahbariyatda chuqur hurmat uyg‘otgan edi.

U hamisha boshqalarning muammolariga e’tiborli, sezgir va qayg‘uradigan inson bo‘lib, yosh kadrlarni tarbiyalashda faol ishtirok etardi. U bilan suhbatlashish har bir kishiga o‘zini qimmatli hayotiy tajriba bilan boyitishga yordam berardi.

Olim, pedagog, yuksak malakali mutaxassis, samimiy va kamtarin inson, g‘amxo‘r ustoz Saydakmal Saydaxmedovning xotirasi qalblarimizda mangu saqlanib qoladi.