SMTIda suv va iqlim sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi

Joriy yil 7-fevral kuni SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Suv resurslarini boshqarish xalqaro institutining (IWMI) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Barbara Yanush-Pavletta, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi missiyasi rahbari o‘rinbosari Andrin Fink va Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining (SDC) suv resurslari va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Liza Marina Gampp bilan uchrashdi.

Tomonlar Markaziy Osiyoda suv resurslari va iqlim oʼzgarishidan kelib chiqadigan muammolar boʼyicha oʼzaro hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.

Аyniqsa, mintaqada samarali hamkorlikni taʼminlash maqsadida suv-iqlim muloqoti yo‘lga qo‘yilgani, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) tashkil etilgani, shuningdek, mintaqaviy "Yashil kun tartibi" dasturi hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha strategiya qabul qilinganligi taʼkidlandi.

Muloqotda ishtirok etgan tomonlar bu qadamlar kelajakdagi hamkorlik uchun mustahkam asos yaratishini eʼtirof etishdi. Ayniqsa, ekologik xavf-xatarlarning ortishi sharoitida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonda joriy yilda oʻtkaziladigan Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bagʻishlangan konferensiyaning ahamiyati alohida taʼkidlandi. Bu tadbirning tashkil etilishi global muammolarga barham berish yoʻlida samarali chora-tadbirlarni topish uchun kuchlarni birlashtirishning ahamiyatini koʻrsatmoqda. Forum mintaqaning barqaror rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan strategiyalarni muhokama qilish hamda ishlab chiqish uchun asosiy platforma boʻlib xizmat qiladi.

Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar. Iqlim oʻzgarishiga moslashish va suv sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yoʻnalishida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni tashkil etishga qiziqish bildirildi. Aynan shu maqsadlar doirasida IWMI va SDC vakillari Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti tomonidan Shveysariya Taraqqiyot va Hamkorlik Agentligining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan "Blue Peace Central Asia" mintaqaviy loyihasini taqdim etdilar.

Shveysariya tomonidan 2010-yilda ilgari surilgan "Blue Peace" tashabbusi 2017-yildan beri Markaziy Osiyoda maxsus mintaqaviy dastur doirasida faoliyat yuritib kelmoqda. U suv diplomatiyasi, mintaqaviy suv hamkorligi loyihalari, suv resurslari bo‘yicha mutaxassislar salohiyatini oshirish va yoshlarni jalb etish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Tashabbus geografik jihatdan Markaziy Osiyoning beshta davlati hamda Afg‘onistonni qamrab oladi.

"Blue Peace Markaziy Osiyo" tashabbusining yangi bosqichi besh yilga – 2025-yil may oyidan 2029-yil sentyabrgacha moʻljallangan. Loyiha uchta asosiy yoʻnalishni qamrab oladi: suv sifatini yaxshilash, oʻzgaruvchan iqlim sharoitlariga moslashish hamda suv va energiya resurslarini o’zaro amalga oshirish.