SMTIda Bahrayn va Ummon delegatsiyalari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 27-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripovning Bahrayn Qirolligi va Ummon Sultonligi delegatsiyalari vakillari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar 28-aprel kuni Toshkentda bo’lib o’tadigan va mintaqalar o‘rtasidagi ekspertlar muloqotini chuqurlashtirishda muhim platforma vazifasini o‘tashi kutilayotgan  Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko’rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) tahlil markazlarining birinchi forumi arafasida o‘tkazildi.

Bahraynning yetakchi strategik, xalqaro va energetika tadqiqotlari markazi (Derasat) direktori Abdulla Muhammad Al-Ahmad bilan o‘tkazilgan suhbat davomida O‘zbekiston-Bahrayn munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Derasat - 2009-yilda tashkil etilgan Bahrayn tahlil markazi. Markaz strategik xavfsizlik, xalqaro munosabatlar va energetika sohasidagi tadqiqotlarga ixtisoslashgan bo‘lib, asosiy mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha davlat siyosatini shakllantirish va ekspert muloqotini rivojlantirishga ko‘maklashadi. Global Go To Think Tank Index reytingiga ko‘ra, markaz Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi tahliliy tashkilotlar orasida eng yaxshi 25 talikka kiradi.

Fursatdan foydalanib, SMTI direktori Eldor Aripov Abdulla Muhammad Al-Ahmadni yaqinda lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi hamda uning boy tajribasi va yuksak mahorati Derasat markazining rivojlanishiga va xalqaro hamkorlikning kengayishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O‘z navbatida, "Derasat" rahbari O‘zbekistonning strategik tashabbuslarini yuqori baholab, Samarqandda Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo sammitining tashkil etilishi O‘zbekiston rahbariyatining strategik qarashlaridan dalolat berishini ta’kidladi. "Mazkur forum nafaqat O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi oshganligini tasdiqladi, balki ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda uning hal qiluvchi rolini ham namoyon etdi," deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.

Uchrashuv davomida ikki davlatning "aql markazlari" o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar almashinuvi dasturlarini faollashtirish, muntazam ravishda forum va anjumanlar o‘tkazish, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarning eng dolzarb masalalari bo‘yicha tahliliy nashrlarni birgalikda tayyorlash hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga sezilarli hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

Bahrayn delegatsiyasi bilan samarali muzokaralardan so‘ng Eldor Aripov Sulton Qobus universiteti Siyosiy tadqiqotlar va iqtisodiyot fakulteti dekani doktor Al-Muxtor bin Saif al-Ibri va professor Ahmad bin Hamad al-Rabaaniydan iborat Ummon delegatsiyasi bilan ham uchrashdi.

Sulton Qobus universiteti qoshidagi tahlil markazi – mamlakatning yetakchi tahliliy markazi bo’lib, davlat va xususiy sektorlar uchun innovatsion yechimlarni ishlab chiqishda maslahatlar beradi va asosiy muammolarni hal qilishga ko’maklashadi. "Umon 2040" dasturi doirasida tadqiqot va innovatsiyalarga e’tibor qaratadi, shu orqali barqaror rivojlanishni ta’minlashga va davlat siyosatini shakllantirishga hissa qo‘shadi.

Ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish muhokamasi doirasida Al-Muxtor bin Saif al-Ibri O‘zbekistonning tashqi siyosatiga yuqori baho berdi. U mamlakatning xalqaro maydonda faol va jadal rol o‘ynayotganini alohida ta’kidladi. "O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini faol rivojlantirib, barqaror o‘sishni namoyish etmoqda, shuningdek, butun dunyo davlatlari bilan hamkorligini kengaytirmoqda," deya fikr bildirdi mehmon.

Uchrashuvda tomonlar ilmiy-tahliliy hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratib, asosiy yo‘nalishlardagi sheriklik salohiyatiga e’tibor qaratdilar. Suhbatdoshlar iqtisodiyot, transport, energetika va inson kapitali sohalarida samarali hamkorlik Markaziy Osiyo va KADHK mintaqalarining barqaror rivojlanishi va ravnaq topishiga xizmat qilishini ta’kidladilar. Shu maqsadda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, konferensiyalar tashkil etish va tahliliy materiallar nashr etishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv Memorandumini imzolashga tayyorlik bildirildi.

Umuman olganda, o‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekiston, Ummon va Bahraynning ham ikki tomonlama formatda, ham "Markaziy Osiyo - KADHK" muloqoti doirasida sheriklikni kengaytirishga bo‘lgan qiziqishini yaqqol namoyon etdi. Ishtirokchilar mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘la oladigan tahlil markazlarining sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratdilar.