SMTIda Fransiyaning Sharq tillari va madaniyatlari milliy instituti mutaxassisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

2025-yil 4-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Fransiyaning Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy instituti Yevropa-Yevroosiyo tadqiqot markazi doktoranti Mikael Leviston bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Suhbatdoshlar mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani va 2025-yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parijga rasmiy tashrifi chog‘ida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanganini qayd etishdi. Parlamentlar, hukumatlar va turli yo‘nalishlarda samarali sheriklik mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgani davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratishi ta’kidlandi.

Shuningdek suhbat chog’ida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar ta’lim, yashil energetika, iqlim o‘zgarishi kabi sohalardagi sheriklik ikki tomonlama aloqalarning kengaytirishga xizmat qilishini alohida qayd etdilar.

M.Leviston Markaziy Osiyo mintaqasining jipslashuvi va bu jarayonda O‘zbekistonning rolini yuqori baholadi. "Toshkent Markaziy Osiyoda integratsiya dvigateli vazifasini bajarmoqda," - deydi ekspert. Shu nuqtayi nazardan, mehmon mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Markaziy Osiyoning muvaffaqiyatli tajribasi dunyoning boshqa mintaqalari uchun ko‘p tomonlama hamkorlikning namunali modeli bo‘lib xizmat qilishi mumkin, degan fikrni ilgari surdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Fransiya tahliliy markazlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar. Ekspertlar darajasidagi sheriklikni kengaytirish o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish hamda ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Sharq tillari va madaniyatlari milliy instituti (INALCO) Fransiya va Yevropaning sharq tillarini tadqiq etish va o‘rganish sohasidagi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanadi. INALCOda 93 ta til o‘qitiladi va 9000 dan ortiq talaba tahsil oladi. Institut 100 dan ortiq mamlakatlarning ta’lim muassasalari bilan 200 ga yaqin hamkorlik shartnomalariga ega.