
Joriy yilning 10-fevral kuni Toshkentda sud ta’qibi, reabilitatsiya va reintegratsiya (PRR) loyihasi Milliy maslahat kengashining birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan tashkil etilib, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi (YEI), Global hamkorlik va barqarorlik jamg‘armasi (GCERF), Xalqaro adolat va qonun ustuvorligi instituti (IIJ), shuningdek, Zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro ilg‘or tajriba markazi (Hedayah) hamkorligida tashkil etildi.
Yig‘ilishda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamjamiyati va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan uch yillik PRR dasturi doirasida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat. Loyiha repatriantlar bilan ishlash milliy tizimini yanada takomillashtirish, ularni reabilitatsiya va reintegratsiya qilishning barqaror mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Global aksilterror forumi shafeligida tashkil etilgan uchta xalqaro institut ekspertizasini birlashtirish tashabbusning asosiy xususiyati hisoblanadi. GCERF mahalliy NNTlarni grantlar bilan qo‘llab-quvvatlash orqali fuqarolik jamiyatini jalb qilishni ta’minlaydi, Hedayah strategik aloqalar va ta’lim dasturlarini nazorat qiladi va IIJ qaytib kelganlar bilan ishlashning huquqiy mexanizmlari va institutsional amaliyotlarini takomillashtirishga yordam beradi. Hamkorlikning bunday formati O‘zbekistonning noyob metodologiyasini kengaytirish va xalqaro huquqiy, ijtimoiy va kommunikatsiya standartlarini birlashtirish imkonini beradi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan SMTI direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayev xalqaro qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston erishgan natijalarning jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilganidan dalolat berishini ta’kidladi. "Mamlakatimiz repatriatsiya tahdid emas, balki barqarorlikka sarmoya ekanligini amalda isbotladi," – dedi ekspert. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilgan model gumanitar yondashuv va xavfsizlikni ta’minlashning uzoq muddatli vazifalarini birlashtiradi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi dasturiy menejeri Yana Kurpitsa loyiha qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha milliy dasturlarni kuchaytirish va mamlakatning institutsional salohiyatini mustahkamlashga qaratilganini ta’kidladi.

BMT Aksilterror boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Karina Timshina Reabilitatsiya va reintegratsiya masalalari bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyatini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Kengash bu boradagi mintaqaviy sa’y-harakatlarni sezilarli darajada faollashtiradi.
PRR loyihasini amalga oshirishning faol bosqichi AQSH elchixonasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi, YUNISEF va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuv yakunida GCERF, Hedayah va IIJ vakillari loyihani amalga oshirishning 2026-yilga mo‘ljallangan batafsil rejasini e’lon qildilar. Yig‘ilish ishtirokchilari belgilangan tadbirlarning samarali va muvofiqlashtirilgan holda bajarilishini ta’minlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar to‘plamini shakllantirdilar.
Umuman olganda, Kengashning birinchi yig‘ilishi O‘zbekistonda o‘tkazilishi hamkorlikni institutsionallashtirishda muhim qadam bo‘ldi va mamlakatning repatriantlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish sohasida tizimli va kompleks yondashuvga sodiqligini tasdiqladi.
Oldingisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) bo‘lim boshlig‘i Shahnoza Kodirova "Markaziy Osiyo – Germaniya" formatidagi tahliliy markazlarning onlayn forumida shunday fikr bildirdi.
09.02.2026Keyingisi
Joriy yilning 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripovning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) Bosh kotibi Qayrat Saribay bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
11.02.2026