2025-yil 11-martda SMTIda Marek Karp nomidagi Polsha Sharq tadqiqotlari markazi (ShTM) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga ShTM direktori Voytsex Kononchuk rahbarlik qildi. Shuningdek, tadbirda Polshaning O'zbekistondagi elchixonasi muvaqqat ishlari vakili Marchin Vakar ham ishtirok etdi.
Suhbat davomida ishtirokchilar O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlarning muhim jihatlari yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, O‘zbekiston-Polsha hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollarini ham muhokama qildilar.
Polsha tahlil markazi vakillari so‘nggi yillardagi ikki tomonlama hamkorlikning, ayniqsa savdo-iqtisodiy sohasidagi munosabatlarning mustahkamlanishini yuqori baholadilar. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2019-2024 yillar oralig‘ida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi ikki barobardan ziyod oshib, 163 million dollardan 382 million dollargacha yetgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda Polsha sarmoyasi ishtirokidagi 40 ga yaqin korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, bu esa ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatdorlik va ishonchdan dalolat beradi. Sharq tadqiqotlari markazi rahbari Voytsex Kononchuk polshalik investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini hamda ular tomonidan mamlakatning iqtisodiy istiqbollari va qulay investitsiya muhitini yuqori baholanayotganligini ta’kidladi.
Erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, tomonlar o‘zaro hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini ham ta’kidlab o‘tdilar. Kadrlar tayyorlash, sanoat kooperatsiyasi, transport aloqalari va ta’lim kabi sohalardagi hamkorlik ikki tomonlama sheriklikning qo‘shimcha drayveri bo‘lishi mumkinligi alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari va bu jarayonlarda O‘zbekistonning o‘rnini muhokama qildilar. Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitiga alohida e’tibor qaratildi. Polsha bu yil Yevropa Ittifoqi Kengashiga raislik qilayotganini inobatga olgan holda, polshalik mutaxassislar sammit yakunlari Bryusselning mintaqadagi yangilangan strategiyasini ishlab chiqish uchun asos bo‘lishiga ishonch bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Polsha tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirish borasida o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqlashdi. Bu esa o‘zaro manfaatli sohalarda tajriba almashish va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mark Karp nomidagi Sharq tadqiqotlari markazi 1990-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Polshaning eng nufuzli tadqiqot markazlaridan biri hisoblanadi. Markaz Germaniya Federativ Respublikasi, Markaziy Yevropa, Markaziy Osiyo, Bolqon va Kavkazda xavfsizlik, energetika, migratsiya va integratsiya jarayonlari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqotlar olib boradi.