Xalqaro anjuman qatnashchilari Samarqandda bo‘ldi

Mamlakatimiz poytaxtida o‘tkazilgan Nizomiy Ganjaviy xalqaro markazining “O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik” mavzusidagi konferensiyasi ishtirokchilari 20 avgust kuni Samarqand shahrida bo‘ldi.

Mehmonlar Samarqand bilan tanishuvni Amir Temur maqbarasidan boshladi. Ularga Sohibqiron va temuriylarning davlatchilik tarixi, bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berildi.  

Konferensiya qatnashchilari Registon maydonidagi uch ulug‘vor obida – Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari hamda bu yerda namoyish etilgan tarixiy ashyolar, milliy hunarmandlik mahsulotlarini hayrat bilan tomosha qildilar.

 – Biz Toshkentda bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi anjumanda O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, bugungi kun uchun muhim bo‘lgan global masalalarni muhokama qildik, – deydi 2010-2012 yillarda Gruziya Bosh vaziri o‘rinbosari bo‘lgan Eka Tkeshelashvili. – Forum qatnashchilari bo‘lgan taniqli siyosatchilar, davlat arboblari bu boradagi o‘z taklif va mulohazalarimizni bildirdik. Shu bilan birga Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida keyingi yillarda mustahkamlanib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik va strategik hamkorlik munosabatlariga yuqori baho berildi. Bugun esa Samarqandga kelib, insoniyatning bebaho boyligi bo‘lgan ushbu shahardagi tarixiy-madaniy yodgorliklar bilan tanishish imkoniyati yaratilganidan juda xursandmiz.  

Nizomiy Ganjaviy xalqaro markazi 2012 yilda tashkil etilgan bo‘lib,  asosan turli millat, din va madaniyat vakillarini birlashtirib, global muloqotni rivojlantirishga qaratilgan, siyosat, ta’lim, fan va madaniyat sohalarida ilmiy-amaliy konferensiyalar, forumlar va seminarlar uyushtiradi. Markaz o‘z atrofida sobiq prezidentlar, vazirlar, BMT, YUNESKO kabi xalqaro tashkilotlarning rahbarlari, davlat va jamoat arboblarini jamlagan. Bosh qarorgohi Ozarbayjonning Boku shahrida joylashgan.

Markazning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda strategik islohotlar markazi bilan hamkorlikda poytaxtimizda o‘tkazgan konferensiyasida global iqlim o‘zgarishi, suv resurslari, energetika xavfsizligi va barqaror qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.