Xitoy Xalq Respublikasining O'zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Xitoy Xalq Respublikasining yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Jiang Yan bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Suhbat chog'ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalarda O'zbekiston-Xitoy hamkorligini yanada rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, ikki mamlakat yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari o'rtasidagi sherikchilik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida 2017-yilning may oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi keng ko'lamli strategik sheriklikni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratilganligi ta'kidlandi.

Tomonlar Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlik masalalari bo'yicha fikr almashdilar. O'zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida qisqa vaqt ichida mintaqada yangi siyosiy muhitni shakllantirishda ulkan yutuqlarga erishganligi ta'kidlandi. Shu bilan birga, joriy yilning 27-martida Toshkentda bo'lib o'tgan Afg'oniston bo'yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi xalqaro Toshkent konferensiyasi natijalari yuksak baholandi.