Eldor Aripov Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi prezidenti Gao Syan bilan uchrashdi

Joriy yilning 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi prezidenti Gao Syan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv ochiq va mazmunli muloqot shaklida o‘tdi, unda tomonlar xalqaro kun tartibidagi keng ko‘lamli dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Ishtirokchilar jahon siyosati va iqtisodiyoti transformatsiyasining asosiy muammolari, texnologik taraqqiyot sohasidagi global tahdidlarga alohida to‘xtaldilar.

Muzokaralar chog‘ida Gao Syan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiyot va davlat boshqaruvi tizimiga ilg‘or tajribalarni joriy etishga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarini yuksak baholadi. U O‘zbekistonda innovatsiyalar, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar barqaror va uzoq muddatli rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratayotganini ta’kidladi.

Ikki mamlakatning tegishli tadqiqot markazlari o‘rtasidagi ilmiy-tahliliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shu nuqtayi nazardan, suhbatdoshlar 2024-yilda SMTI tomonidan Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan O‘zbekiston-Xitoy ekspert kengashi faoliyatini e’tirof etdilar. Kengashning 2025-yil mart oyida iqlim o‘zgarishi va "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan birinchi yig‘ilishi hamkorlikning ushbu mexanizmi yuksak amaliy ahamiyatga ega ekanini tasdiqlagani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ilmiy-ekspert aloqalarini yanada rivojlantirish O‘zbekiston va Xitoyning uzoq muddatli manfaatlarini ro‘yobga chiqarish hamda amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.