OSTONA, 16 oktyabr - Kuni kecha Qozog‘iston poytaxtida "Qutblashuvdan hamkorlik sari: xalqaro tizimda ishonchni tiklash" mavzusida tahliliy markazlarning Ostona forumi yakunlandi. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan tadbirda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 300 dan ziyod ekspertlar ishtirok etdi.
Forum ishtirokchilari Markaziy Osiyoda ishonch va siyosiy muloqotga asoslangan davlatlararo hamkorlikning noyob modeli shakllanayotganini ta’kidladilar. Bunda 2018-yilda o‘z ishini boshlagan Davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari muhim rol o‘ynadi. 2024-yil avgust oyida "Markaziy Osiyo - 2040" konsepsiyasi va 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasining qabul qilinishi hamkorlikni rivojlantirishda yangi qadam bo‘ldi.
Mintaqa mamlakatlarining siyosiy jihatdan yaqinlashuvi allaqachon sezilarli iqtisodiy natijalarni olib keldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayevning ta’kidlashicha, 2016-yildan buyon Markaziy Osiyoning umumiy yalpi ichki mahsuloti 80 foizdan ortiq o‘sdi va 2024-yil yakuniga ko‘ra 500 milliard dollarga yaqinlashdi. Bugungi kunda mintaqa mamlakatlari an’anaviy savdodan sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiya loyihalari va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini yaratishga o‘tmoqda.
Logistik berklik holatiga javoban yagona bozor va transport yo‘laklarini yaratish
Forumning asosiy mavzularidan biri Markaziy Osiyoning transport izolyatsiyasi bo‘ldi. Baxtiyor Mustafayev tovarlar qiymatida logistika xarajatlarining ulushi 50 foizgacha yetayotgani, bu jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan 5 baravar yuqori ekani va eksport salohiyatini jiddiy ravishda cheklayotganini ta’kidladi.
Ushbu muammoni hal etish maqsadida mutaxassislar tovarlar, xizmatlar, sarmoya va ishchi kuchi erkin harakatlanishi uchun "to‘siqsiz" muhit yaratilgan yagona mintaqaviy bozorni tashkil etish g‘oyasini ma’qulladilar. Infratuzilmani rivojlantirishga, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlariga Hind okeani portlariga eng qisqa yo‘l ochib beradigan Transafg‘on transport yo‘lagini barpo etishga alohida e’tibor qaratildi.
Xavfsizlik, iqlim va demografiya: muammolardan hamkorlikdagi yechimlargacha
Mutaxassislar mintaqa barqarorligiga tahdid soluvchi boshqa dolzarb muammolarni ham muhokama qildilar. Geosiyosiy beqarorlik sharoitida O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyoni zararli raqobatdan xoli hudud sifatida saqlab qolishga qaratilgan Mintaqaviy xavfsizlik konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Iqlim va suv-energetika kun tartibi ham muhim mavzuga aylandi. So‘nggi o‘n yilliklarda muzliklar maydoni 30 foizga qisqargani va kutilayotgan suv resurslari kamayishi fonida ishtirokchilar ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqishga chaqirdilar.
Demografik o‘sishga ham alohida e’tibor qaratildi. 2050-yilga kelib, mintaqa aholisi 100 million kishidan oshishi kutilmoqda. "Yosh va ko‘payib borayotgan aholi iqtisodiyotning kuchli harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi mumkin. Biz demografik chaqiriqni demografik imkoniyatga aylantirmog‘imiz lozim," - deb ta’kidladi B.Mustafayev.
Ostona forumi Markaziy Osiyodagi hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lidagi amaliy qadamga aylandi. Ekspertlar hamjamiyati nafaqat mavjud muammolarni aniqlab berdi, balki mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashning aniq mexanizmlarini ham taklif etdi. Ular muammolarni muhokama qilishdan ularni birgalikda hal etishga o‘tish uchun aniq yo‘l xaritasini belgilab berdilar.