O‘zbekiston-Turkiya: keng qamrovli strategik hamkorlik istiqbollari

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlaridagi “keng qamrovli strategik sheriklik” tushunchasi shunchaki diplomatik ta’rifdan amaliy mazmunga ega formulaga aylandi.

Siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik, gumanitar aloqalar va transport bog‘liqligi bugungi tizimli ikki tomonlama munosabatlarning muhim tarkibiy qismlari hisoblanadi.

Hamkorlikning bugungi holatini tahlil qilar ekanmiz, Toshkent va Anqara keng qamrovli strategik sheriklikning institutsional arxitekturasini muvaffaqiyatli shakllantirdi, deb ishonch bilan aytishimiz mumkin. Uning asosiy mexanizmi ikki mamlakat Prezidentlari hamraisligidagi Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi bo‘lib, uning to‘rtinchi yig‘ilishi shu yilda o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu format tizimli siyosiy muloqot va qator yo‘nalishlar bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an o‘rtasidagi muntazam telefon orqali muloqotlar va xalqaro tadbirlar doirasidagi tez-tez uchrashuvlar bilan qo‘llab-quvvatlanayotgan faol va ishonchli muloqot ushbu institutsional tizim samaradorligining asosiy omili bo‘lib xizmat qilmoqda. Bunday o‘lchov strategik aloqalarga izchil sur’at bag‘ishlab, ikki mamlakat hukumatlari, biznes va ekspertlar hamjamiyatlari darajasida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun qulay sharoit yaratadi.

O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasidagi hamkorlik ham qo‘shimcha sur’at bermoqda. Toshkent va Anqaraning tashkilot faoliyatidagi ishtiroki davlat tashabbuslarini kengroq mintaqaviy darajaga olib chiqish va turkiy dunyoning boshqa mamlakatlari bilan uyg‘unlikni ta’minlash imkonini bermoqda. TDT sammitlari, jumladan 2025 yilda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlar, ishtirokchilar iqtisodiyot va transportdan tortib madaniyat va raqamli rivojlanishgacha bo‘lgan hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini amaliy mazmun bilan boyitishga intilayotganini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston va Turkiya uchun bu qo‘shma loyihalarni ilgari surish, mintaqaviy kun tartibiga oid yondashuvlarni muvofiqlashtirish, keng geosiyosiy makonda o‘z mavqelarini mustahkamlash uchun imkoniyatdir.

Ikki tomonlama hamkorlikning mintaqaviy va xalqaro ahamiyati ham katta. Xususan, 2026 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan “4+4” formatidagi uchrashuvda tomonlar Afg‘oniston, G‘azo, Ukraina va Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgani ikki davlatning jahon kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirishga intilishini tasdiqladi.

Siyosiy hamjihatlikning mustahkamlanishi va O‘zbekiston-Turkiya hamkorligining institutsional jihatdan mustahkamlanishi sharoitida o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishning drayveri sifatida iqtisodiy yo‘nalishga ustuvor e’tibor qaratilmoqda.

Bu o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. 2025 yilda savdo hajmi 3 milliard dollardan oshdi – bu sakkiz yil avvalgi raqamlarga nisbatan ancha yuqori ko‘rsatkich. Tovar ayirboshlash hajmini o‘rta istiqbolda 5 milliard dollarga va uzoq istiqbolda 10 milliard dollarga yetkazish maqsadi ikki mamlakat salohiyatini ifodalovchi dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Iqtisodiy hamkorlikning tuzilmasi alohida ahamiyat kasb etadi. Gap nafaqat savdo, balki barqaror investitsiyaviy ishtirokni ta’minlash haqida bormoqda. 2025 yil yakuni holatiga ko‘ra, mamlakatda Turkiya kapitali ishtirokidagi 2100 dan ortiq korxona faoliyat yuritgani O‘zbekistonda turk biznes ekotizimining barqarorligini ko‘rsatadi. Qolaversa, bu O‘zbekistonning xorijiy hamkorlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Turkiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari sur’ati hamkorlikning ushbu yo‘nalishi izchil mustahkamlanib borayotganini yaqqol aks ettiradi: 2024 yilda O‘zbekistonda 2,2 milliard dollar, 2025 yilning yanvar-oktyabr oylarida esa 2,9 milliard dollar o‘zlashtirildi.

Tomonlar iqtisodiyotning tarkibiy qismini kengaytirish bo‘yicha ham tizimli ishlarni olib bormoqda. Xususan, 2026 yil 21 yanvarda bo‘lib o‘tgan Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhining 4-yig‘ilishi doirasida Qo‘shma iqtisodiy komissiyaning 8-yig‘ilishi Harakatlar rejasini amalga oshirishdagi yutuqlar e’tirof etildi. Komissiya amaliy savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning samarali mexanizmi sifatida asosiy rol o‘ynashi qayd etildi.

O‘zbekiston-Turkiya hamkorligining e’tiborli jihati shundaki, turk biznesi mamlakatga sarmoya bilan birga boshqaruv tajribasi, texnologiya va ishlab chiqarish madaniyatini olib kirmoqda. O‘z navbatida, Turkiya uchun O‘zbekiston bozori 38 million aholiga ega va o‘sib borayotgan ichki talabga ega jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida jozibalidir. Manfaatlarning bunday tuzilishi munosabatlarning uzoq muddatli, bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Shu o‘rinda 2025 yilning e’tiborga molik tendensiyalaridan biri – ikki davlat o‘rtasida transport aloqalari, eng avvalo, aviatsiya sohasida rivojlanganini ta’kidlash joiz. Reyslar soni haftasiga 97 taga, yo‘nalishlar soni esa 8 taga yetdi.  Toshkent, Samarqand, Namangan, Andijon, Anqara, Istanbul, Izmir shaharlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar geografiyasi va soni kengayayotgani ishbilarmonlik harakatchanligi, sayyohlar oqimi va gumanitar aloqalar rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Nafaqat milliy, balki xususiy aviakompaniyalar tomonidan yangi qatnov yo‘nalishlarining yo‘lga qo‘yilishi mamlakatlar va xalqlarning yanada yaqinlashishi yo‘lida tashlangan real amaliy qadam bo‘ldi.

Reyslar sonining ko‘payishi yo‘lovchilarga qulaylik yaratish bilan birga, katta iqtisodiy samara ham bermoqda: tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalar osonlashmoqda, ko‘rgazma va muzokaralarda ishtirok etish imkoniyati kengaymoqda, qo‘shma loyihalar qo‘llab-quvvatlanishi ta’minlanmoqda. Istiqbolda bu yuk aviatashuvlarini rivojlantirish uchun ham sharoit yaratadi. Bu esa savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash omili bo‘lib xizmat qiladi.

Energetika sohasidagi hamkorlikda ham ijobiy sur’at kuzatilmoqda. Turkiya kompaniyalari O‘zbekiston energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish loyihalarida faol ishtirok etayotgani sanoat sektorida uglerod izini kamaytirish va uzoq muddatli barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam bermoqda.

Shu o‘rinda madaniy-gumanitar hamkorlikning alohida o‘rnini ham ta’kidlash lozim. Tarixiy, madaniy va til ildizlarining mushtarakligi ta’lim, fan, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun zamin yaratadi. O‘zbekistonda Turkiyaning nufuzli universitetlari filiallari faoliyat yuritmoqda, qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Mamlakatlar o‘rtasidagi sayyohlik almashinuvi ko‘rsatkichlari ham barqaror o‘smoqda. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Turkiya O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni bo‘yicha yetakchi beshta mamlakat qatoriga kirdi. O‘z navbatida, Turkiya o‘zbekistonliklar uchun asosiy sayohat yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ushbu sohadagi aloqalarni yanada rivojlantirish madaniyatlararo muloqot va xalq diplomatiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Aynan ushbu jihatlar uzoq muddatli istiqbolda ikki tomonlama sheriklikning mustahkam ijtimoiy poydevorini shakllantiradi.

Umuman olganda, 2025 yildagi munosabatlar sur’atini tahlil qilib, O‘zbekiston-Turkiya hamkorligini yanada chuqurlashtirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir nechta yo‘nalishlarni ajratishimiz mumkin.

Birinchidan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish. Qo‘shma korxonalarning mavjud tarmog‘i ham ichki bozor, ham uchinchi mamlakatlarga eksportga mo‘ljallangan yanada murakkab loyihalar uchun asos bo‘lishi mumkin. Bunday yondashuv ikki mamlakat iqtisodiyotining strategik vazifalariga to‘liq mos keladi.

Ikkinchidan, transport, logistika va infratuzilma. Aviaqatnovlarni kengaytirish – bu, albatta, muhim qadam. Ammo ushbu sohadagi hamkorlik salohiyati ancha keng bo‘lib, multimodal tashuvlar, ombor infratuzilmasi va savdoda raqamli yechimlarni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.

Uchinchidan, xizmatlar sohasi va inson kapitali. Turkiya turizm, tibbiyot, qurilish, ta’lim sohalarida katta tajribaga ega. O‘zbekiston uchun ushbu sohalardagi hamkorlik nafaqat tajriba o‘rganish, balki mintaqaviy bozorlarga birgalikda chiqish imkoniyatini ham ochadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarning joriy holati o‘zining yetukligi va barqarorligini namoyon etib, ishonchli va konstruktiv asosda rivojlanmoqda. Tomonlar pragmatizm va o‘zaro manfaatlarni hisobga olish tamoyiliga sodiqlikni ko‘rsatmoqda. Qo‘shma korxonalarning soni ortib borayotgani, transport aloqalari kengayayotgani, sayyohlar oqimi ko‘payotgani va barqaror siyosiy muloqot hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

Alisher Qodirov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i