Oʻzbekiston – Germaniya: tajriba va rivojlanish istiqbollari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi munosabati bilan OʻzA muxbiri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Xalqaro munosabatlar markazi rahbari oʻrinbosari Sanjar VALIYEV bilan suhbat uyushtirdi.

– Siyosiy diplomatiya hamisha iqtisodiy hamkorlikka yoʻl ochgan. Ayting-chi, xalqaro maydonda mamlakatlarimiz siyosiy qarashlari va nuqtai nazarining qaysi jihatlari oʻxshash?

– Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasidagi munosabatlar yuksak darajada rivojlanmoqda. Ikki tomonlama hamkorlik tarixida ham muammoli masala boʻlmagan. Har ikki mamlakat oʻzaro munosabatlarda murosa tamoyiliga asoslangan.

Germaniya Federativ Respublikasi 1991 yil 31 dekabrda Oʻzbekiston mustaqilligini tan olgan. 1992 yil 6 martda mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilgan. Oʻtgan yillar mobaynida Germaniya bilan oʻzaro hamkorlik keng sohalarni qamrab oldi va serqirra xususiyat kasb etdi. Oliy darajadagi siyosiy muloqot olib borildi.

Oʻzbekiston bilan Germaniya BMT, YEXHT, Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro tashkilotlar doirasida global va mintaqaviy masalalar boʻyicha hamkorlik qilmoqda. Toshkent va Berlin koʻplab masalalar, xususan, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash boʻyicha yakdil qarashlarga ega, bu xalqaro maydonda samarali hamkorlikka yoʻl ochmoqda. Buni quyidagi omillar tahlilida ham koʻrish mumkin.

Birinchidan, Oʻzbekiston va Germaniya diplomatiyasiga xos boʻlgan asosiy jihatlar mushtarak. Maʼlumki, Germaniya tashqi siyosati izchillik va ishonchlilik tamoyillariga asoslanadi. Sheriklikdagi hamkorlik, manfaatlar muvozanatiga rioya etish ushbu davlat diplomatiyasiga xos xususiyatdir. Oʻzbekiston tashqi siyosati ham izchilligi, masʼuliyatli yondashuvga ega ekani bilan ajralib turadi. Bu ikki va koʻp tomonlama munosabatlar, oʻzaro manfaatlarni hurmat qilish boʻyicha dolzarb masalalarni hal etish imkonini beradi.

Ikkinchidan, boʻlinmaslik va xavfsizlik tamoyiliga qatʼiy amal qilgan holda xalqaro barqarorlikni taʼminlashda ishtirok etish. Oʻzbekiston – Germaniya siyosati xavfsizlik tushunchasiga asoslanadi va kompleks yondashuvga yoʻnaltirilgan. Shu bois Oʻzbekiston Germaniyaning BMT doirasida tinchlik va xavfsizlikni saqlash boʻyicha faoliyatini eʼtirof etadi, Berlinning tub islohot oʻtkazish orqali uni mustahkamlash taklifini qoʻllab-quvvatlaydi. Bugungi kunda Germaniya BMT donorlari ichida kattaligi hamda tinchlikparvar askarlar soni boʻyicha ikkinchi oʻrinda qayd etiladi.

Uchinchidan, Germaniya inson huquqlarini oʻz siyosatining ustuvor jihati va tub manfaati deb hisoblab, ularga rioya etish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrib keladi. Shu bois Oʻzbekistonning huquqiy davlat barpo etish va qonun ustuvorligini taʼminlashga oid saʼy-harakatlari Toshkentni Berlinning mintaqadagi muhim sherigiga aylantirmoqda. Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar esa Germaniya bilan koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga sifat jihatdan yangi surʼat bagʻishlamoqda.

Shu bois, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Berlinga rasmiy tashrifi oʻzaro hamkorlik boʻyicha toʻplangan ijobiy tajribani yanada boyitishga xizmat qiladi.

– Germaniyaning yuksak samarali iqtisodiyoti yangi yoʻnalishlardagi savdo-sotiqni rivojlantirishga boʻlgan talabni oshirmoqda. Ana shunday bir paytda Germaniya va u orqali Yevropa bozoriga qanday tovarlar taklif etish mumkin?

– Germaniya taraqqiy etgan industrial-texnologik mamlakat boʻlib, iqtisodiyotning sanoat va texnologik tarmoqlari boʻyicha jahonda yetakchi davlatlardan biri sanaladi. Mamlakat tovar eksport qilish boʻyicha dunyoda toʻrtinchi, xomashyo import qilish boʻyicha beshinchi oʻrinda turadi. 2018 yilda YAIM umumiy hajmi boʻyicha mamlakatlar reytingida Germaniya qariyb 3,3 trillion yevro koʻrsatkich bilan uchinchi oʻrinni, xarid qobiliyati boʻyicha YAIM hajmiga qaraganda reytingda beshinchi oʻrinni egalladi. Avtomobil, kimyo, elektrotexnika, aviakosmik, qurilish va oziq-ovqat sanoati Germaniya iqtisodiyoti barqaror oʻsishini taʼminlovchi yetakchi tarmoqlar hisoblanadi.

Mutaxassislarning fikricha, ichki isteʼmolning oshishi soʻnggi yillarda Germaniya iqtisodiyoti rivojlanishiga turtki boʻlgan asosiy omillardan sanaladi. Germaniya aholisining xarajatlari yiliga oʻrtacha 2 foizga oshmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, isteʼmol narxlari ijobiy tomonga oʻzgarishini yuzaga keltirmoqda.

Shu bilan birga, Germaniya bozoriga kirish oson emas. Germaniyada Yevropa Ittifoqining tartibga soluvchi qoidalari amal qiladi va maʼlum mezonlarga boʻysunadi.

Transport va logistika masalasi ham alohida yoʻnalishlardan biridir. Bugungi kunda Markaziy Osiyo bilan Yevropa oʻrtasida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish katta xarajat talab etadi. Shu bois, AQSH, Fransiya, Niderlandiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Avstriya, Shveysariya, Belgiya kabi mamlakatlar Germaniyaning asosiy tashqi savdo sheriklari hisoblanadi. Germaniyaga qariyb 1,05 trillion yevro miqdorida import qilinadigan tovarlar umumiy hajmidan 700 milliard yevrodan ortigʻi Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan import qilingan tovarlardir.

Ushbu sharoitda Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasidagi savdo-sotiq munosabatlarini kamtarona koʻrinishga ega deyish mumkin – 2018 yil yanvar-oktyabr oylari holatiga koʻra, oʻzaro savdo hajmi 542 million yevroni tashkil etgan. Biroq oʻzaro tovar aylanmasi hajmi yuqori surʼatlar bilan rivojlanmoqda.

Mamlakatimiz Germaniya bilan oʻzaro savdo aloqalari yoʻlga qoʻygan sobiq ittifoq davlatlari orasida ikkinchi oʻrinni egallaydi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, tovar aylanmasi hajmi 2017 yil bilan taqqoslaganda taxminan 16-20 foizga koʻpaygan. Ayni paytda Germaniya eksporti va Oʻzbekiston importi hajmi ham oʻsgan.

Ekspertlar Oʻzbekiston – Germaniyaning savdo-iqtisodiy munosabatlarini yanada kengaytirish boʻyicha yuksak salohiyat mavjud ekanini bildirmoqda. 14 yanvar kuni Berlinda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Germaniya biznes forumi chogʻida erishilgan qator kelishuvlar buni tasdiqlaydi.

Bu kelishuvlar ikki tomonlama tovar aylanmasi hajmini oshirish hamda uning muvozanatini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlarga yoʻl ochib beradi. Taqdim etilgan imkoniyatlar Oʻzbekiston korxonalari uchun Germaniyaga toʻqimachilik buyumlari, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari, sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Oʻtgan yilning kuzida “Oʻzbekiston – Yevropa ittifoqi” Hamkorlik kengashining navbatdagi majlisida bir tomonlama tarif imtiyozlarini qoʻlga kiritish boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Bu kelgusida 6 ming 200 turdan ortiq mamlakatimiz tovarlarini Yevropa bozoriga bojxona toʻlovlarisiz olib kirish imkonini berishi mumkin.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston mahsulotlarini Markaziy, Sharqiy va Janubiy Osiyo davlatlari bozorlariga taklif etish uchun mamlakatimizga Germaniya investitsiyalari va texnologiyalarini jalb etishda ulkan salohiyat mavjud. Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi aholi soni boʻyicha Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni egallagan Oʻzbekiston salohiyatiga yuksak baho beradi. Mamlakat rivojlangan sanoat, yuqori malakali ishchi kuchi, boy xomashyo bazasi va energiya resurlariga ega. Erkin iqtisodiy zonalarda imtiyozli soliq va bojxona tartiblari amal qiladi. Biroq sarmoyadorlar nuqtai nazaridan qaraganda, YAIMning yuksak oʻsish surʼati – yiliga 5 foizdan ortiqligi Oʻzbekistonning eng katta afzalligi hisoblanadi. Bu katta daromad olish imkonini beradi.

Ana shunday hamkorlik Afgʻonistonda, ayniqsa, samarali boʻlishi mumkin. Germaniya Oʻzbekistonning “Mozori Sharif-Hirot” transport yoʻlaklarini qurishi, “Surxon-Puli Xumri” elektr uzatish liniyalari yotqizilishi kabi tashabbuslarini, Surxondaryo viloyatida Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan biznes-loyihalarni resurslar bilan toʻliq taʼminlashga qodir.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston iqtisodiyotining faol modernizatsiya qilinishini hisobga olgan holda, Germaniya tadbirkorlari tomonidan xizmat koʻrsatish toʻplamlari taklif etilishi mumkin. Germaniyada boshqaruv boʻyicha oʻqitish va ilgʻor tajribani oʻzlashtirishni tashkil qilish yuqori natijalar beradi.

– Germaniya qishloq xoʻjaligini mexanizatsiya qilishga alohida eʼtibor qaratadi. Aholining 2-3 foizi mazkur sohada mehnat qilmoqda va yuksak natijalarga erishilmoqda. Ushbu sohadagi hamkorlikni bugun qaysi yoʻnalishlarda rivojlantirish mumkin?

– Germaniya sanoatda ulkan salohiyatga ega ekani bilan birga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mamlakatlar orasida ham yetakchilardan hisoblanadi. Ushbu davlat qishloq xoʻjaligi – bu yuqori samarali agrosanoat majmuasidir. Eng yangi agrosanoat texnologiyalarining amaliyotga tatbiq etilishi va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash tufayli yuksak koʻrsatkichlarga erishilmoqda.

Germaniyada yetishtiriladigan bugʻdoy mamlakat ehtiyojining 80 foizini, shakar 85 foiz, goʻsht 60 foiz, sut 100 foizini qondiradi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining toʻrtdan uch qismi chorvachilik orqali keladi.

Shu bilan birga, Germaniya qishloq xoʻjaligining oʻziga xos iqlimi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchilarining oziq-ovqat bozoriga kirishi uchun sharoit yaratadi. Hozirgi kunda hal etilayotgan “Sharq-Gʻarb” va “Shimol-Janub” liniyalari boʻyicha yuk tashish imkoniyatlari Oʻzbekiston va Yevropa transport-logistika zanjirini yaxshilaydi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizdagi ekologik toza mahsulotlarni 82 milliondan ortiq aholiga ega boʻlgan Germaniya bozorlariga yetkazib berish istiqbollari bor.

Dastlab Oʻzbekistondagi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchi va logistika boʻyicha yirik kompaniyalar Tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda Germaniyadagi xalqaro koʻrgazmalar, masalan, “Frut logistika” singari yarmarkalarda ishtirok etish orqali tanilishi zarur. Oʻzbekiston eksport salohiyatini tanishtirish uchun “Import Promoushen Desk” loyihasiga kirish maqsadga muvofiqdir.

Quvonarli jihati shundaki, oʻtgan yili qishloq xoʻjaligi boʻyicha Oʻzbekiston – Germaniya hukumatlararo ishchi guruhining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi. Bu kabi mexanizmlar hamkorlik sohalari boʻyicha munosabatlar jadallashuvidan dalolat beradi.

Mazkur guruh tomonidan qishloq xoʻjaligi sohasi boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik dasturining ishlab chiqilishi qoʻshma agroklasterlar tashkil etishdan tortib, ekin ekish, yigʻish, saqlash va yetkazib berishning innovatsion usullarini joriy etishgacha boʻlgan keng turdagi masalalarni qamrab olishi mumkin.

Davlatimiz rahbarining Germaniyaga tashrifi doirasida ana shu masalalar boʻyicha erishiladigan kelishuvlar tegishli aloqalarni ikki mamlakat mintaqasi darajasida ham faollashtiradi. Qishloq xoʻjaligi sohasi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona vodiysi, Samarqand va boshqa viloyatlar bilan hamkorlik qilishga qiziqish ortadi.

– Mamlakatimizda Germaniya fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz tartib joriy etildi. Bu kelgusida qanday samara beradi, deb oʻylaysiz?

– Germaniya aholisi hordiq chiqarish va dam olish uchun eng koʻp mablagʻ sarflaydigan mamlakatlar roʻyxatida yetakchi oʻrinni egallaydi. 2018 yilda Germaniya fuqarolari 38 milliard yevro mablagʻ sarflagan holda, xorijiy davlatlarga 80 million marta safar uyushtirgan.

Mamlakatimizda xorijiy sayyohlar uchun qulay tartib joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning natijasida Germaniyadan kelayotgan turistlar soni ham ortib bormoqda. 2016 yilda germaniyalik mehmonlar soni 4 ming 889 nafarni tashkil qilgan boʻlsa, 2018 yilda Oʻzbekistonga 18 mingdan ziyod germaniyalik tashrif buyurdi.

Germaniya fuqarolarining aksariyati xorijga boshqa mamlakat madaniyati, anʼanalari va turmush tarzi bilan tanishish maqsadida sayohat qiladi. Shu bois Germaniya sayyohlik bozorida milliy turistik mahsulotni keng namoyish etishni izchillik bilan davom ettirish kerak. Bu maqsadlar uchun televideniye, ijtimoiy tarmoqlar, bosma ommaviy axborot vositalarida festivallar, reklama aksiyalarini targʻib qilish foydali.

Turizm sanoatida Germaniyadan oʻrganish mumkin boʻlgan jihatlar talaygina. Mamlakat qiziqarli madaniyat va shovqinli shaharlardan tortib, oʻziga xos ekologik va dengiz zonalarigacha boʻlgan keng turdagi sayyohlik xizmatlarini taklif etadi. Biznes turizmi boʻyicha AQSHdan soʻng ikkinchi oʻrinni egallaydi.

Raqamli texnologiyalardan foydalanish boʻyicha Germaniya tajribasini joriy etish turizm sohasidagi hamkorlikda istiqbolli yoʻnalishlardan biri boʻlishi mumkin. Bunda sayohatchilar parvozlar va yashash joylarini xalqaro bronlash platformalari orqali tashkil qilish imkoniga ega boʻladi. Boshqa tomondan “koʻp maʼlumotlar” tahlili trendlarga tezroq javob bera olish va geografik jihatdan uzoqlikka qaramasdan, mijozlarga yaqin boʻlish imkonini beradi.

Bir soʻz bilan aytganda, Germaniya bilan hamkorlik uchun bizda koʻplab istiqbolli yoʻnalishlar mavjud. Bu yerda gap “Germaniya sifati”, yaʼni uzoq muddatli, barqaror va manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyish haqida bormoqda. Bu borada Prezidentimizning Germaniyaga tashrifi siyosiy aktivlar va tomonlarning ezgu intilishlarini savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalar boʻyicha real yutuqlarga sarmoya kiritish imkonini beradi.

 

OʻzA