O‘zbekiston va Ozarbayjon: strategik hamkorlik amalda

Ozarbayjon bilan hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yil O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni jadal rivojlantirish yili deb e’lon qilindi. Izchil va samarali aloqalar tufayli, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat sezilarli darajada mustahkamlandi, balki yangi o‘zaro hamkorlik sohalari bilan boyidi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Milana Bazarova mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar, o‘zaro yaqinlashuvning umumiy xususiyatlari va yangi yo‘nalishlardagi hamkorlik borasida fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Bu borada 2017 yilni ikki mamlakat yetakchilarining muloqotini faollashtirishning boshlang‘ich nuqtasi deb atash mumkin. Davlatlar rahbarlari o‘z navbatida, o‘zaro hamkorlikning barcha darajalari uchun aniq yo‘nalishlarni belgilab oldilar. Buning samarasida, so‘nggi besh yil ichida vazirlik va idoralar, parlamentlar va boshqa yirik ijtimoiy birlashmalar darajalaridagi delegatsiyalar almashinuvi 60 dan oshdi.

Bugungi kunda 169 ta bitimni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy baza O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik dinamikasini yaqqol namoyish etadi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiya asosiy hujjat bo‘ldi. 

Mintaqalararo forum ishining yo‘lga qo‘yilishi ushbu hujjat amalga oshirilishining amaliy natijalaridan biri bo‘ldi. Mazkur forum birinchi marta 2023 yilda bo‘lib o‘tdi va umumiy hajmi 500 mln. dollarlik qo‘shma investitsiya jamg‘armasining tashkil etilishi bilan tarixda qoldi. Ikkinchi forum yakunlari bo‘yicha ikki mamlakatning yirik shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro anglashuv va hamkorlik Memorandumi imzolandi hamda qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati yo‘nalishlarida investitsiya bitimlari tuzildi. 

Shubhasiz, O‘zbekiston va Ozarbayjon bir-birlariga iqtisodiy istiqbolli sherik sifatida qaramoqda. Yirik va kichik biznes aloqalarini kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama talabning oshib borayotgani ham buni tasdiqlaydi. O‘zaro manfaat ko‘lamini bilish uchun ikki tomonlama tovar ayirboshlash dinamikasiga nazar tashlashning o‘zi kifoya. So‘nggi 5 yilda u uch barobar o‘sib, 2023 yil yakunida 232 mln. dollarga yetdi. 2024 yil boshida esa, yana 15 foizga oshdi. Bu ko‘rsatgichni 1 mlrd. dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. 

Sarmoyaviy hamkorlik bo‘yicha ham o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda. So‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar soni besh baravar oshdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 240 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. Ular moliya, IT-xizmatlar, chakana va ulgurji savdo, ovqatlanish, mehmonxona biznesi va ta’lim kabi sohalarda faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Shuningdek, Ozarbayjon bozorida o‘zbek kompaniyalari ishtiroki ham kengaymoqda. Bugungi kunda ularning soni 70 tani tashkil etadi. Qo‘shma tajriba asosida Ozarbayjonda avtomobil, to‘qimachilik va ipak qurti klasterlari, O‘zbekistonda gips-karton va zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar ishga tushirildi. 

Mamlakatlarimiz iqtisodiyotning turli sektorlarida keng ko‘lamli hamkorlik qilish bo‘yicha yangi kun tartibni ishlab chiqmoqda. Bunday hamkorlik global beqarorlik va zarur mahsulotlarni yetkazib berish zanjirlari uzilishi sharoitida yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. 

Ikkinchidan, bu erkin iqtisodiyot zonalari imkoniyatlaridan foydalangan holda, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo va zargarlik sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdir. Gojigobul shahrida yengil avtomobillar ishlab chiqarishning muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgani bunga misol bo‘ladi. O‘zbek kompaniyalari Ozarbayjon hududida yuk mashinalari, avtobuslar va qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Ikki davlatning o‘z ichki rivojlanish strategiyalariga yondashuvlarining umumiyligi va ulkan ishlab chiqarish, texnologik, kadrlar va tabiiy resurslarning mavjudligi O‘zbekiston va Ozarbayjon oldiga bundan keyin ham birgalikda turli masalan, elektr texnika yo‘nalishida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ochadi. Bugun Ozarbayjonda yiliga 50 ming tonna miqdorida alyuminiy ishlab chiqariladi va bu asosan, xomashyo sifatida eksport qilinadi. Birgalikda muvofiqlashtirish bilan u elektr texnika buyumlarini ishlab chiqarish jumladan, uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun xomashyo sifatida qo‘llanishi mumkin. 

Ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida raqobatbardosh mahsulotni ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash O‘zbekiston va Ozarbayjonni ichki rivojlantirish maqsadlariga mos keladi. 

O‘zbekistonda kelgusi yetti yilda eksport tarkibida tayyor mahsulot ulushini 3,3 baravar oshirish maqsadi qo‘yilgan. Ozarbayjon eksporti tarkibida neft mahsulotlari katta hissaga ega bo‘lib, Boku uchun iqtisodiyotning neft bo‘lmagan tarmog‘ini rivojlantirish ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. 

Shu bois, ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil qilish yuqoridagi maqsadlarga erishishga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni kengaytirish maqsadlariga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma tijorat onlayn-platformasini yaratish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi. Ushbu mexanizm har ikki tomon tadbirkorlariga zarur sheriklarni topish va savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha vositadir.

Energetika sektorida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor vazifalari qatoriga kiradi. 2022 yilda Toshkent va Boku energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni qabul qildi. Hujjat 30 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. Qo‘shma ishchi guruhini shakllantirish, Ozarbayjonning ozod qilingan hududlarida hamkorlik qilish, o‘zbek kompaniyalarining qayta tiklanuvchi energiya sohasi bo‘yicha loyihalarda ishtirok etish shular jumlasidandir. 

Shuningdek, "O‘zbekneftgaz" AJ Ozarbayjon va O‘zbekistondagi neft konlarini o‘zlashtirish va neft-gaz sektoridagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha "SOCAR" kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi. Kompaniyalar Ozarbayjondagi uchta uglevodorod konini birgalikda o‘zlashtirishga kirishmoqchi. "O‘zbekneftgaz" AJning Kaspiy dengizining Ozarbayjon shelfidagi «Shah-Deniz» gaz kondensati loyihasiga qo‘shilish jarayoni yakuniy bosqichda turipti. 

Shuningdek, O‘zbekiston Ozarbayjon va Qozog‘iston bilan hamkorlikda «yashil energiya» sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Bitim loyihasini kelishib oldi. Hujjatga ko‘ra, Ozarbayjonni Markaziy Osiyo va Yevropa bilan birlashtiruvchi energetika yo‘lagini yaratish ko‘zda tutilgan. Uning doirasida O‘zbekiston 2030 yilgacha Ozarbayjon hududi orqali Yevropa mamlakatlariga 5 GVt.gacha yashil energiyani eksport qilishga tayyor. 

Jahon bozorlariga energiya resurslarini yetkazib berish uchun transport yo‘laklari va yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish zarurati Ozarbayjonning Markaziy Osiyo va Yevropa bilan birlashtiruvchi rolini kuchaytiradi hamda energetika yo‘laklari salohiyatidan birgalikda foydalanish imkoniyatini dolzarblashtiradi. 

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar yo‘nalishida Ozarbayjon va O‘zbekiston kompaniyalari O‘zbekiston hududida quyosh elektr stansiyalarini qurish va muhim «toza» komponentlarni ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda zarur salohiyatga ega. Bu istiqbolda ikki davlatning eksport imkoniyatlarini oshirish imkonini beradi. Bu esa, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish global sharoitida juda dolzarbdir. 

Bu boradagi qo‘shma tajriba muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan taqdirda, keyinchalik Markaziy Osiyo sharoitida qo‘llanilishi mumkin. Chunki mintaqamiz nafaqat toza energiya bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Shuningdek, «yashil kun tartibi»ni faol qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakatlarda talab tobora oshib borayotgan noyob yer metallarining katta zaxirasiga ham ega. 

O‘zbekiston va Ozarbayjonning transport-logistika yo‘laklarining keng tizimini shakllantirish masalasidagi qarashlari ham bir xil. Mamlakatlarimiz bu vazifaga o‘z iqtisodiyotlarini rivojlantirishning muhim omili sifatida qaramoqda. Shuni hisobga olib, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik kun tartibida tobora ustuvor o‘rin egallamoqda. 

O‘zbekiston Ozarbayjon infratuzilmasi orqali tashuvlarni faol oshirmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining prognozlariga ko‘ra, joriy yilda bu yo‘nalish orqali 1 million tonna yuk olib o‘tiladi. Bunda «Boku – Tbilisi – Kars» temir yo‘l imkoniyatlaridan jadal foydalanilmoqda. Ushbu transport magistralini tez orada kompleks modernizatsiya qilish va uning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yiliga 5 million tonnagacha oshirishni hisobga olgan holda, u orqali yetkazib berishni ko‘paytirish rejalashtirilgan. 

Boku xalqaro dengiz savdo porti orqali yuk tashish hajmini oshirish ham istiqbolli ko‘rinadi. O‘zbekiston Boku porti hududida ombor infratuzilmasi va alohida terminal qurish niyatida. Shuningdek, Ozarbayjon bilan kemasozlik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. 

Osiyodan Yevropaga eng qisqa quruqlik yo‘lini ta’minlash maqsadlariga erishish bo‘yicha O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘z tranzit salohiyatidan o‘zaro foydalanishni maqsad qilgan. Toshkent o‘z logistika imkoniyatlarini kengaytirar ekan, Ozarbayjon infratuzilmasi orqali port yuk tashuvlarini oshirishga intilmoqda. O‘z navbatida, Boku Ozarbayjonni Xitoy va Janubiy Osiyo mintaqalari bilan birlashtiruvchi «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini Kaspiy dengizigacha uzaytirishdan manfaatdor. 

Bugungi kunda O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari ko‘p qirraligi, barqaror o‘sish sur’atlari bilan xususiyatlanadi, o‘zaro manfaatlarni hisobga olish va har ikki xalq uchun manfaatli bo‘lgan sohalarda hamkorlik qilishga asoslanadi. 

Biz davlatlarimiz rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning ikki tomonlama munosabatlarni barpo etayotganini, buning samarasida, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik keng imkoniyatlarga ega chinakam strategik sheriklikka ko‘tarilayotganini kuzatayapmiz. 

Hamkorlikning bunday mustahkamlanishi nafaqat ikki tomonlama muloqotni rivojlantirishning qimmatbaho aktivi, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, iqtisodiy, investitsiyaviy, transport hamkorlikni rivojlantirish uchun ular doirasida qulay zamin yaratishning muhim omilidir. Bu sharoitlarni ta’minlash, pirovardida, butun keng makro-mintaqada xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun ishonchli omil bo‘lib xizmat qiladi. 

Bu sharoitda, O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligini ikki tomonlama va mintaqaviy miqyosda mustahkamlanib borayotganini hisobga olgan holda, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish uchun qo‘shimcha turtki bo‘ladi. Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Manba