Qayd etish joizki, bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarining boshqa yetakchilari qatori O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari ham do‘stona aloqalarni faollashtirib, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shishmoqda.
Davlatlar rahbarlari Markaziy Osiyoning kelajagini yaratish yo‘lida 2018-yildan buyon chorak asrga teng yo‘lni bosib o‘tdilar. Markaziy Osiyo yetakchilarining yakdil ovozi xalqaro maydonlarda yangramoqda, ular BMT Bosh Assambleyasining muzliklarni saqlab qolish zaruratidan tortib, yadro qurolini tarqatmaslik rejimigacha bo‘lgan ancha o‘tkir mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha rezolyutsiyalar tashabbusi bilan chiqdilar.
Qayd etish kerakki, aynan Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Masalahat uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi. 2023-yil Dushanbeda ushbu sammitning 5-yubileyi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan jadal rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning namunali modelini namoyish etmoqdalar. Xususan, O‘zbekiston va Tojikiston bir-birlarining global tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, MDH, SHHT, IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida izchil hamkorlik qilishmoqda.
Umuman olganda, bugun ikki tomonlama hamkorlikda barcha sohalarda rivojlanish kuzatilmoqda.
Birinchidan, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning qat’iy siyosiy irodasi va strategik qarashlari tufayli qardosh davlatlar o‘rtasida yuqori va oliy darajadagi ikki tomonlama aloqalarning sezilarli o‘sishi kuzatilmoqda.
2018-yilda munosabatlar tarixida ilk marotaba o‘zaro davlat tashriflari almashildi. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev Dushanbega “ochiq qalb va ochiq chegaralar bilan” kelganini aytgan edi. O‘z navbatida, Emomali Rahmon ham Toshkentda “O‘zbekiston bilan aloqalar Tojikiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi”, – dedi.
2016-yildan buyon mamlakatlar rahbarlari 32 marta uchrashishdi.
Davlatimiz rahbari ko‘p asrlik mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Emomali Rahmonni “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotladi (2018-yil 17-avgust Toshkent). Tojikiston rahbari esa, Shavkat Mirziyoyevga birinchi darajali «Zarrintoch» (“Oltin toj”) ordenini topshirdi (2021-yil 11-iyun Dushanbe sh.).
Ikki mamlakat rahbarlarining O‘zbekiston-Tojikiston sherikchiligini strategik (2018-yil 17-avgust), so‘ngra esa, ittifoqchilik munosabatlari (2022 yil 2-iyun) darajasigacha olib chiqish keyingi muhim qadam bo‘ldi.
Mohiyatan, Prezidentlar sa’y-harakatlar, imkoniyatlar va salohiyatni maksimal birlashtirgan holda va barcha mavjud to‘siqlarni olib tashlash orqali hamkorlikning yangi davriga asos soldilar.
Yuqori darajadagi ishonch muhiti parlamentlararo aloqalarni faollashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada, 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Tojikiston Respublikasi Majlisi Olining Majlisi Namoyandagon bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi tuzildi. So‘nggi to‘rt yilda 5 marta parlament delegatsiyalari almashinuvi amalga oshirildi.
Konstruktiv parlament muloqotini mustahkamlashda 2023-yil sentyabr oyida Dushanbe shahrida Tojikiston Majlisi milli Majlisi Oli raisi Rustam Emomalining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvi muhim qadamlardan bo‘ldi. Uning yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat parlamentlari yuqori palatalari o‘rtasida imzolangan hamkorlik bitimi yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini monitoring qilishning muhim vositasi bo‘lib qolmoqda.
Parlamentlararo aloqalar jadal xususiyat kasb etmoqda. 2018-yildan buyon bosh vazirlar Abdulla Aripov va Kohir Rasulzoda darajasida 15 dan ziyod uchrashuvlar o‘tkazildi. Hukumatlar rahbarlari bugungi kunda Hukumatlararo komissiyaga shaxsan rahbarlik qilmoqdalar. 2024-yil 12-martda Dushanbe shahrida uning 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston va Tojikistonning to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida foydalanilmagan salohiyatini ro‘yobga chiqarish, hamkorlikda qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalarini ishlab chiqarish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, metallurgiya, farmatsevtika, dori vositalari, qurilish materiallari, axborot texnologiyalarini ishlab chiqarish va elektronika bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdilar.
Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklarining siyosiy maslahatlari muntazam asosda o‘tkazib kelinmoqda, maxsus xizmatlar, huquqni muhofaza qilish organlari, mudofaa idoralari o‘rtasida xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda.
Ikkinchidan, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar ancha faollashdi.
Ikki tomonlama tovar ayirboshlashda sezilarli o‘sish kuzatiladi. So‘nggi 7-yilda o‘zaro savdo hajmi 197 million AQSH dollaridan 757 million dollargacha o‘sdi.
Bu vaqtda O‘zbekistonga Tojikiston eksporti 3,5 baravar, Tojikistonga o‘zbek eksporti 4 baravar oshdi. Bugun davlatimiz Tojikistonning 5 ta eng yirik savdo hamkorlari qatoriga kiradi. O‘z navbatida, Tojikiston ham O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida 10-o‘rinni egallaydi. O‘zaro savdo hajmini joriy yil oxirigacha 1 milliard dollargacha yetkazish uchun barcha asoslar bor.
Bu mineral yoqilg‘i, elektr-energiya, oziq-ovqatlar, mexanika uskunalari, qurilish materiallari, qora va rangli metallar, ulardan, rudadan tayyorlangan buyumlar, toshqol, to‘qimachilik va kimyoviy mahsulotlar va jismoniy shaxslarning tovarlari kabi tovarlarni o‘zaro yetkazib berishga bo‘lgan talab ortib borayotganini hisobga olsak, bu erishish mumkin bo‘lgan natijadir.
O‘zbekiston-Tojikiston hududlararo forumi bu jarayonda muhim rol o‘ynaydi. 2021-yilda Xatlon viloyatining Boxtar shahrida chegaradosh Surxondaryo va Sug‘d viloyatlari rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan birinchi forum yakunlari bo‘yicha salmoqli kelishuvlarga erishildi.
Shu bilan birga, qo‘shma investitsiya loyihalar ham amalga oshirilmoqda: o‘zbek-tojik korxonalari soni 2016-yilda 34 tadan 2023-yilda 339 tagacha (O‘zbekistonda – 25 ta, Tojikistonda – 9 ta ) 10 barobar ko‘paydi (278/61).
Savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish doirasida sanoat kooperatsiyasi ham rivojlanmoqda. 2023-yil may oyidan «Oybek-Fotexabod» o‘tkazish punktlarida “O‘zbekiston-Tojikiston” savdo hududi loyihasi amalga oshirilmoqda. Bunda 2021-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan va so‘nggi uch yilda ustav jamg‘armasi 2 baravarga - 50 million dollardan 100 million dollargacha o‘sgan O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasi muhim rol o‘ynaydi.
Tojikistonda qator qo‘shma korxonalarning ishga tushirilishi sanoat-investitsiya aloqalarini amaliy va o‘zaro manfaatli rivojlantirishning yorqin misoli bo‘ldi. Maishiy elektronika tovarlari ishlab chiqaruvchi «Artel Avesto Elektroniks» va kommunal-qurilish texnikalarini ta’mirlash bo‘yicha «Talko-Krantas» korxonalari shular jumlasidandir.
Tojikistonlik ekspertlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mashinalar nisbatan arzonligi va jahon sifat standartlariga javob berishi tufayli Tojikistonda xaridorgir bo‘ladi, deb hisoblaydilar.
O‘zbekistonda ham shunday obyektlar ochilmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida Tojikiston bilan chegaradosh hududda “Andarxon” yirik mintaqaviy savdo-logistika klasteri qurilmoqda. Bu yerda 200 dan ziyod obyektlar – ishlab chiqarish sexlari, do‘konlar, mehmonxonalar, bank va logistika markazi faoliyat yuritadi.
Gidroenergetika sohasi O‘zbekiston va Tojikiston iqtisodiy rivojlanishining kuchli harakatlantiruvchi kuchidir. 2022-yil iyun oyidan boshlab tomonlar 320 MVt quvvatga ega ikkita GES qurilishiga kirishdilar: Zarafshon daryosidagi Yovon va Fandaryo daryosi ( Zarafshon daryosining chap irmog‘i )dagi GES shular jumlasidandir. Ishlab chiqarilgan 1,4 mlrd. kVt/s – elektr energiya ikki mamlakat ehtiyojlari uchun paritet asosida yetkazib beriladi. Rog‘un GES kabi yirik loyihalar doirasidagi hamkorlikdagi ishlar olib borilmoqda. Bu loyiha O‘zbekiston va Tojikiston elektr tarmoqlarining ishonchliligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Uchinchidan, Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning uzoqni ko‘zlagan siyosati tufayli ikki tomonlama transport-kommunikatsiya salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish masalalarida yutuqqa erishildi.
Xususan, 2018-yilda 8 ta avtomobil nazorat punktlarining faoliyati tiklandi, 20-yildan buyon faoliyati to‘xtab qolgan G‘alaba-Amuzang-Xoshadi temir yo‘l liniyasining faoliyati qayta tiklandi.
Shuningdek, 2021-yildan buyon «Toshkent – Dushanbe – Toshkent» muntazam parvozlari, 2022-yildan buyon «Samarqand – Dushanbe», «Panjikent – Samarqand» xalqaro avtobus qatnovlari tiklandi. Shu bilan birga, hududlar o‘rtasida 5 ta, jumladan, «Toshkent – Xo‘jand» nomli yangi avtotransport liniyalari yo‘lga qo‘yildi. O‘sha yildan buyon «Toshkent – Dushanbe» yo‘lovchi poyezdi faoliyat yuritishni boshladi.
Panjikent – Bulung‘ur/Jomboy uchastkasida temir yo‘l qurilishi, Bekobod – Istiqlol temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish va O‘zbekiston–Tojikiston–Xitoy transport yo‘lagini rivojlantirish masalasi ishlab chiqilmoqda.
Natijada, 2016-yildan 2023-yilgacha ikki mamlakat o‘rtasidagi temir yo‘l transportida yuk tashish hajmi 25 barobardan ziyodga - 300 ming tonnadan 8,5 million tonnagacha hamda avtomobil transportida yuk tashish hajmi 2 barobarga – 1,5 million tonnagacha oshdi.
Logistika tizimlari samaradorligi Indeksi reytingida 2023-yilda O‘zbekiston va Tojikiston o‘z natijalarini 11 va 37 pog‘onalarga yaxshilab, dunyoda 88- va 97- o‘rinni egalladi.
Hozirgi kunda mamlakatlarimiz avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integrallashgan. Ushbu muhim kommunikatsiya tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun tranzit vazifasini ham bajaradi. Bu sohadagi istiqbolli loyihalar orasida «Xitoy – Tojikiston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa» yangi multimodal yo‘lagi loyihasini alohida ta’kidlash lozim.
Uning amalga oshirilishi bir tomondan, har ikki davlatlarning transport yopiqligi masalasini hal qilish imkonini bersa, boshqa tomondan – Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi va Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘l loyihasi qatorida Markaziy Osiyo transport tizimini rivojlantirish va “Sharq-G‘arb” yo‘nalishi bo‘yicha foydali tranzit bo‘g‘in sifatida uning rolini oshirish uchun muhim yordam bo‘ladi.
To‘rtinchidan, madaniy-gumanitar sohada davlatlararo hamkorlikning yuqori sur’ati kuzatilmoqda.
Bu borada 2018-yilda viza rejimining bekor qilinishi va chegaralarning ochilishi bu yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirishning muhim omillaridan biri bo‘lib, bu insonlarning erkin harakatlanishi, muloqot va savdo qilishi uchun qulay sharoitlar yaratdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda tojiklar o‘zbeklardan keyin, Tojikistonda esa, o‘zbeklar eng katta etnik guruh hisoblanadi. Bu o‘z navbatida, madaniy munosabatlar va xalq diplomatiyasini faollashtirishga yordam beradi.
Ularning ko‘rsatkichi quyidagilar bilan namoyon bo‘ladi: O‘zbekistonda 19 ta tojik milliy madaniy markazlar faoliyat yuritmoqda, 8 ta davriy bosma nashrlar nashr etilyapti, «Tojikiston» telekanali ishlab, tojik tilida 25 ta teleko‘rsatuv, 3 ta radiodasturlar, 4 ta radiojurnal va 2 ta musiqiy dasturlar efirga uzatilmoqda. 255 ta o‘zbek maktablarida ta’lim tojik tilida yuritiladi.
Buxoro, Samarqand, Farg‘ona va Termiz davlat universitetlari hamda Chirchiq davlat pedagogika instituti, Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida ta’lim tojik tilida olib boriladigan fakultet va guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularning talabalari soni qariyb 2 baravar - 2016-yilda 621 nafardan 2023-yilda 1022 nafarga ko‘paygan. Qardosh Tojikistonda ta’lim o‘zbek tilida yuritiladigan maktablar soni ko‘p. Shuningdek, o‘zbek tilida «Sharqnoma» jurnali «Xalq ovozi» va «So‘g‘d haqiqati» gazetalari nashr etiladi, «So‘g‘d» telekanali efirga uzatiladi.
Bundan tashqari, mamlakatda 3 ta o‘zbek milliy madaniy markazlari, Dushanbe pedagogika universitetida o‘zbek fakulteti muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Har yili O‘zbekiston va Tojikistonda tojik va o‘zbek madaniyatlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan yuzlab tadbirlar ( san’at, kino kunlari, milliy bayramlar, forumlar, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi anjumanlar, ilmiy simpoziumlar) o‘tkaziladi.
Xalqlarimiz azaldan do‘st qiyinchilikda bilinadi, deydi. Shu nuqtayi nazardan, Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy topshirig‘iga binoan O‘zbekiston pandemiya paytida qardosh tojik xalqiga yordam ko‘rsatgani hamda Emomali Rahmon 2020-yil may oyida Sirdaryo viloyatida Sirdaryo suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida jabrlanganlar uchun qurilish materiallari ko‘rinishida mamlakatimizga gumanitar yordam yuborgani O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining eng yangi tarixida abadiy yodda qoladi. Eng og‘ir kunlarda har ikki mamlakat bir-birlariga yordam ko‘rsatib, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamladilar.
Eng muhimi, yaqin qo‘shnilar bundan buyon ham mintaqada har qanday holatda yuzaga kelayotgan yangi chaqiriq va tahdidlarlarga birgalikda yaxlit javob topish zarurligi to‘g‘risida umumiy tushunchani shakllantirishni davom ettirishga tayyor.
Shu bois, oliy darajadagi rasmiylarning siyosiy irodasi va rivojlanayotgan ikki tomonlama muloqot mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga va do‘st xalqlar farovonligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Umuman olganda, Toshkent va Dushanbe erishilgan natijalar bilan cheklanib qolish niyatida emas. Hech shubhasiz. Tojikistonda bo‘lib o‘tadigan oliy darajagi uchrashuv ijobiy tendensiyalarni mustahkamlash, ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash hamda butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlashda yangi imkoniyatlarni ochishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligining ushbu ijobiy dinamikasi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, aholi farovonligini oshirish, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston va Tojikistonning strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlash niyatini hisobga olib, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish yaqin istiqboldagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
Agroprosanoat kompleksi, avtomobilsozlik va yengil sanoat, transport korxonalari o‘rtasida ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish, O‘zbekiston va Tojikiston hududida ikki mamlakat kompaniyalarini yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish iqtisodiy hamkorlikning muhim harakatlantiruvchi kuchi deb qaralishi kerak.
Transport sohasi – o‘zaro manfaatli hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishidir. Shu nuqtayi nazardan, Xitoy-Tojikiston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Turkiya-Yevropa transport yo‘nalishini amalga oshirish doirasida tomonlarning yaqin hamkorligini chuqurlashtirish dolzarbligi ortib bormoqda. Bu Toshkent va Dushanbega Yevropa (Tojikiston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Kaspiy), Janubiy Osiyo (Tojikiston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston) va Yaqin Sharq (Tojikiston-O‘zbekiston-Turkmanistan-Eron-Fors ko‘rfazi) yo‘nalishlariga chiqish bilan o‘zining tranzit yo‘laklarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi, ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga yangi sur’at bag‘ishlaydi va butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash ishida yangi istiqbollar ochadi, deb ta’kidlash mumkin.
Jasur Rahmatov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi