“LETA” AA saytida Afg‘oniston muammosi bo‘yicha Markaziy Osiyo, Hindiston, Eron va Afg‘oniston yetakchi mutaxassislari ishtirokida o‘tgan xalqaro videokonferensiya haqida maqola chop etildi

Yaqinda bo‘lib o‘tgan «Afg‘oniston kelajagi: Markaziy Osiyo va Eron manzarasi» xalqaro videokonferensiyasi mintaqamizdan tashqarida ham katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” muxbiri.

Jumladan, ushbu konferensiya tafsilotlari bo‘yicha Latviyaning “LETA” milliy axborot agentligi veb-saytida ingliz va rus tillarida maqola eʼlon qildi. Materialda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi saʼy-harakatlar batafsil tahlil qilingan.

Hindistonning yetakchi tahlil markazi — «Observer Research Foundation» tomonidan  tashkil etilgan onlayn forumda Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Tojikiston, Afg‘oniston va O‘zbekistonning tahliliy va tadqiqot markazlari rahbarlar, ekspertlar ishtirok etdi, deb yozadi “LETA”.

“Onlayn muhokamalarda Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat, davlat qurish va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanish istiqbollari, Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqalararo o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash masalalari bo‘yicha konstruktiv fikr almashildi.

Konferensiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov O‘zbekiston anʼanaviy ravishda afg‘on xalqi saylagan hukumatni qo‘llab-quvvatlab, Afg‘onistonga nisbatan do‘stona siyosat yuritayotganini taʼkidladi. Ushbu siyosat Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda Prezident etib saylanishi bilan yaxlit, har tomonlama va dinamik xarakter kasb etdi.

Afg‘onistonda tinch muzokaralar boshlanishi uchun tahlilchilar xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini birlashtirish zarurligini yana bir bor taʼkidladi. Shu bilan birga, ekspertlar Afg‘oniston siyosiy tizimining konfiguratsiyasini, kelajagini va shaklini afg‘on xalqi o‘zi hal qilishi kerak degan fikrga qo‘shildi. Asosiysi, u qamrab olingan siyosiy jarayonni taʼminlashi, mamlakatda milliy uyg‘unlikka erishish kafolati bo‘lishi kerak.

Afg‘oniston mojarosini hal qilishda Markaziy Osiyo mamlakatlari saʼy-harakatlarining muhimligini eʼtirof etgan holda, ekspertlar o‘tgan yilning noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston Prezidentlarining maslahat uchrashuvida Afg‘onistonning mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalari mamlakatda barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishishning muhim sharti ekani haqida qo‘shma bayonot qabul qilinganini yuqori baholadilar.

Shu munosabat bilan Afg‘onistonning demokratik rivojlanish yo‘liga sodiqligi nafaqat mamlakatda barqaror tinchlik va uzoq muddatli barqarorlikka erishish, balki Afg‘onistonning Markaziy Osiyo mintaqasiga muvaffaqiyatli qo‘shilishiga va mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikning salohiyatini to‘liq anglashiga yordam beradi”, deyiladi Latviya yangiliklar agentligi materialida.

“LETA”  Milliy axborot agentligi “Latopress” nomi ostida 1919 yilda tashkil etilgan.  Agentlik 1991 yildan boshlab mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. Agentlik Latviya va dunyodagi eng muhim voqealarni yorituvchi, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy axborotlarning asosiy manbalaridan biri hisoblanadi.

Manba