Bugun O‘zbekiston hayotida ro‘y berayotgan barcha muhim o‘zgarish va yangilanishlar Xitoy ommaviy axborot vositalari sahifalarida ham keng yoritilyapti, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Shuhrat Umirov.
Jumladan, Xitoyda nashr etiladigan umummilliy «China Investment” jurnalida O‘zbekiston hayotiga bag‘ishlangan «Islohotlar sarmoyadorlarga biznes imkoniyatlarni taqdim etmoqda» (Reform Provides Investors with Business Opportunities) sarlavhasi ostidagi maqola xitoy va ingliz tillarida nashr etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasining so‘nggi yillarda erishgan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga oid muhim ma’lumotlar atroflicha tahlil qilingan.
Materialda hozirgi kunda O‘zbekiston mintaqada eng ko‘p – qariyb 19 million mehnatga layoqatli aholiga ega bo‘lgan mamlakat ekani, respublikamiz iqtisodiyoti MDH doirasida ikkinchi o‘rinda turishi qayd etilgan.
“2019 yil yakuni bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 5,5 foizni tashkil etdi. Osiyo Taraqqiyot banki ma’lumotnomalarida qayd etilishicha, 2020-2021 yillarda yalpi ichki mahsulot o‘sishi qariyb 6 foizni tashkil etadi” deb yozadi muallif.
Maqolada 2019 yili O‘zbekiston tadbirkorlik muhitini yaxshilashda katta yutuqqa erishgan davlatlarning kuchli yigirmataligiga (TOP-20) kirgani alohida ta’kidlangan. Qayd etilganidek, keyingi 5 yilda “Biznes yuritish” reytingida O‘zbekiston jahonning 190 mamlakati orasida 2012 yildagi 166-o‘rindan 2017 yilda 74-o‘ringa ko‘tarilib, biznes yuritish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish ko‘rsatkichi bo‘yicha islohotchi mamlakatlar birinchi o‘ntaligidan joy oldi. O‘zbekiston “Doing Business – 2020” xalqaro biznes jozibadorligi reytingida 190 mamlakat ichida 7 pog‘onaga ko‘tarilib, 69-o‘rinni egalladi.
“Bu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan mutlaqo yangi yo‘nalishdagi dadil va izchil islohotlar samarasidir”, deyiladi maqolada.
Xitoy nashri O‘zbekistonning o‘z milliy manfaatlariga asoslangan ochiq, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib borayotganiga alohida e’tibor qaratgan. Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya va MDH davlatlari O‘zbekistonning mahsulot ayirboshlash bo‘yicha asosiy sheriklari hisoblanadi.
“Ipak yo‘li” tashabbusi doirasidagi yangi imkoniyatlar, mamlakatda yaratilgan soliq imtiyozlari, majmuaviy islohotlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning jozibali markaziga aylantirmoqda. So‘nggi bir necha yilda O‘zbekiston mamlakatda biznes yuritishning barcha jabhalarini qayta ko‘rib chiqqan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar jalb etilishini yengillashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning amaliy natijasi o‘laroq, ko‘p sonli xalqaro ishbilarmon doiralarni hamda sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha salmoqli muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonning rivojlangan infratuzilmaga ega davlat sifatidagi strategik joylashuvi o‘sishning yuqori sur’atlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Olib borilayotgan islohotlar har bir sarmoyadorga katta imkoniyatlar taqdim etishga ko‘maklashmoqda”, deb yoziladi «China Investment”.
Bundan tashqari, Xitoyning “Kitay” jurnali o‘z internet tarmog‘idagi veb-sahifasida (www.kitaichina.com) “O‘zbekistonda sud-tergov faoliyati takomillashmoqda, shaxs huquq va erkinliklari himoyasining kafolati kuchaymoqda” sarlavhali maqolasini e’lon qilindi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni inson huquqlari buzilishi holatlari, ayniqsa huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan fuqarolarga nisbatan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni, shuningdek, tergov sifatini xalqaro standartlar asosida tubdan oshirish bo‘yicha amaliy choralarni belgilab bergani qalamga olingan.
Nashr ushbu hujjatning Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq qabul qilinganini qayd etar ekan, bundan keyin shaxsning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, protsessual harakatlarning sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillarni to‘plash va mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilg‘or xorijiy tajribada keng qo‘llaniladigan isbоtlash standartlarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishini alohida ta’kidlaydi.
“Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyati yangi bosqichga olib chiqiladi, shaxsga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlar joriy qilinadi hamda bunday qilmishlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Bundan tashqari, jinoyat ishlarini tergov qilish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etiladi, surishtiruv va dastlabki tergov organlarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish davom ettiriladi”, deb yoziladi “www.kitaichina.com” saytidagi maqolada.
Manba