Yo‘l harakati xavfsizligini kuchaytirish choralari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-fevral kuni yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

– Bu masalani  oxirgi besh yilda biror rahbar, birorta tashkilot jiddiy va tahliliy  muhokama qilmagan. Bu soha bo‘yicha qonunlar, ishlar mutlaqo qoniqarsiz. Yo‘l harakati xavfsizligi masalasi izdan chiqib ketgan. Bu odamlarning e’tiroziga sabab bo‘layapti, – dedi davlatimiz rahbari.

Mamlakatimizda 2021-yilda 10 mingdan ziyod yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq inson jarohatlangan. Eng achinarlisi, 2 ming 500 ga yaqin odam halok bo‘lgan.

Tahlillarga ko‘ra, yo‘llardagi falokatlarning 25 foizi yo‘l holati yomonligi va infratuzilmasi oqilona tashkil etilmagani oqibatida kelib chiqmoqda. Masalan, Pop bilan To‘raqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on va Denov, Samarqand bilan G‘uzor o‘rtasidagi yo‘llar, A-373 yo‘lining Yozyovon tumanidan o‘tgan qismida har yili o‘nlab odamlar halok bo‘lmoqda. Afsuski, bunday xavfli ko‘chalar har bir viloyat, har bir tuman va shaharda bor.

Yig‘ilishda yo‘l-transport hodisalari ko‘p sodir bo‘layotgan hududlar ko‘rsatib o‘tilib, mutasaddilariga intizomiy jazo choralari belgilandi. Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, Andijon va Samarqand viloyatlari yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari boshliqlari lavozimidan ozod qilindi.

Qayd etilganidek, transport hodisalarining ko‘piga haydovchilarning yo‘l qoidalarini qasddan mensimasligi va tajribasizligi, piyodalarning qoidalarga amal qilmasligi ham sabab bo‘lmoqda. Shu bois, bu yil barcha hududlarda “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” umummilliy dasturi amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Qonunchilik palatasi va mutasaddi idoralarga yo‘l harakatiga oid qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, tubdan takomillashtirish vazifasi qo‘yildi. Chunki qo‘pol qoidabuzarliklar, ularni takror sodir etish holatlari ko‘paygan.

Jazo muqarrarligini ta’minlash maqsadida, bundan buyon, har bir huquqbuzarlik uchun jarima ballari tizimi joriy etilishi belgilandi. Masalan, haydovchi tezlikni oshirsa, 1 ball, qizil chiroqda o‘tsa, 3 ball hisoblanadi. Agar bir yilda qoidabuzarliklar jami 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilinadi va qayta imtihon topshiradi.

Bundan tashqari, haydovchilarning javobgarligini majburiy sug‘urta qilishda to‘lanadigan sug‘urta badali miqdorini jarima ballaridan kelib chiqib belgilash tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, avtomobilni tartibsiz boshqarib, boshqa haydovchilarga xalaqit qilganlik uchun alohida “yo‘l bezoriligi”, degan yangi javobgarlik turi kiritiladi.

Davlatimiz rahbari yo‘l harakati qoidalari eskirganini ta’kidlab, ularni xalqaro standartlar asosida, mutaxassislar va haydovchilar fikrini o‘rgangan holda yangilash bo‘yicha topshiriq berdi.

Yig‘ilishda haydovchilarni tayyorlash va imtihon qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Yurtimizda avtotransport vositalari yildan-yilga ko‘payib, haydovchilarning malaka darajasi va o‘zaro hurmati, aksincha, pasayib bormoqda. Yo‘l-transport hodisalarining 75 foizini 35 yoshgacha bo‘lgan haydovchilar sodir etgan. Avtomaktablarda o‘qitilayotgan kitoblar g‘aliz, o‘quv dasturi eskicha.

Shu bois, bunday maktablarda ta’lim sifatini nazorat qilish vazifasi Ichki ishlar vazirligiga yuklatildi. Avtomaktablar va imtihon markazlariga bo‘lgan talablarni qayta ko‘rib chiqish, haydovchilikka o‘qitish samaradorligi va o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Transport oqimini boshqarishning eng samarali yo‘li – raqamlashtirish. Lekin bu boradagi ishlar yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, “raqamli boshqaruv” Toshkent shahridagi jami 602 ta chorrahadan 111 tasida bor, xolos. Boshqa shaharlarda esa bunday tizim yo‘q.

Toshkent shahar hokimligiga poytaxt yo‘llarida harakat boshqaruvini raqamlashtirish, ikki yilda barcha chorrahalarni raqamli tizimga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Hududlarda shunday tizimni joriy etish viloyat hokimlari zimmasiga yuklatildi.

Nukus shahri va viloyat markazlarida yo‘l harakatini boshqarish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hududiy konsepsiyalar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda yo‘llar holati va infratuzilmasidagi muammolar ham tahlil qilindi.

O‘tgan yili yo‘l harakatiga oid masalalar bo‘yicha aholidan 10 mingdan ziyod murojaat bo‘lgan. Jumladan, transport serqatnov bo‘lgan 2 mingdan ortiq chorraha va 10 mingga yaqin piyoda o‘tish yo‘lagi svetofor yoki boshqa vositalar bilan jihozlanmagan. Aholi punktlarida 15 ming kilometrga yaqin piyoda va velosiped yo‘laklar yetishmaydi.

Bundan tashqari, yo‘l belgisi va ko‘rsatkichlarining yarmi eskirib ketgan. Viloyat hokimliklariga qarashli yo‘l belgilari va svetoforlar o‘rnatishga mas’ul korxonalarning ko‘p texnikasi eskirgan. Endi bu korxonalar o‘sha hududdagi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tasarrufiga o‘tkazilishi belgilandi.

Viloyat va tuman markazlarida yo‘l belgilari, svetofor va yoritgichlar o‘rnatish, chiziqlar chizish, piyodalar yo‘lagini belgilash, umuman, yo‘llarni tartibga solishga faqat Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi mas’ul bo‘ladi. Bu ishlarni moliyalashtirish uchun bu tizimda “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika va viloyat jamg‘armalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, yo‘l belgilarini ishlab chiqarishda “Avtoyo‘l”ning monopoliyasi bekor qilinadi va ushbu sohaga tadbirkorlar jalb qilinadi.

Davlatimiz rahbari ko‘chalardagi harakatni haydovchi va piyodalar uchun qulay tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

– Yo‘llarda tartib-qoidalar ilm bilan hamohang bo‘lishi kerak. Yirik shaharlardagi markaziy ko‘chalarda tezlik cheklovlarini oqilona belgilash lozim. Jumladan, maktab va bog‘chalar oldida tezlik 30 kilometrdan oshmasligi shart. Ayrim gavjum ko‘chalarda esa hozirgi 70 kilometr soatdan 60 kilometrgacha tushirish zarurati bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois sohaga ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markaz tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari, hokimlar so‘zga chiqdi.

Manba