Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-fevral kuni chorvachilik sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ma’lumki, bu soha oilalar farovonligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta o‘rin tutadi. Aholining kundalik iste’mol xarajatlarining 30 foizini go‘sht, sut va tuxum mahsulotlari tashkil etadi.
Oxirgi uch yilda chorvachilik bo‘yicha chiqarilgan qarorlarga asosan, 8 turdagi subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish yo‘lga qo‘yildi. Shu davrda chorvachilikka 15 trillion so‘mdan ziyod kredit ajratilib, 4 ming 500 ga yaqin loyiha amalga oshirildi. Naslchilik xo‘jaliklarining soni 3 baravarga ko‘payib, 1 ming 414 taga yetdi. Natijada, 2019-2021-yillarda chorva mollarining bosh soni 1 million 200 mingtaga ko‘paydi.
Lekin iqlim o‘zgarishlari, suv va yer tanqisligi, pandemiya kabi zamonamizning dolzarb muammolari chorvachilikni ham qiyinlashtirmoqda.
Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida yirik chorvachilik xo‘jaliklari soni boshqa hududlarga nisbatan ancha kam. 90 foiz chorva xonadonlarda boqilsa-da, ko‘p joylarda ozuqa-yem ta’minoti tizimi yo‘q. So‘nggi 15 yilda ozuqa yer maydoni 430 ming gektardan 340 ming gektarga, bir bosh qoramolga to‘g‘ri keladigan ozuqa maydoni 50 sotixdan 27 sotixga kamaygan. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryoda takroriy ozuqabop ekin maydonlari 23 ming gektarga qisqargan.
Shu bois, chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, resurs tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum yetishtirishni ko‘paytirish har qachongidan ham zarur bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda shu boradagi dolzarb masalalar, imkoniyatlar tahlil qilindi.
Davlatimiz rahbari bu yil chorvachilikda kamida 300 ming, qo‘y-echkichilikda 150 ming, pillachilikda 1 million 200 ming, jami 1 million 650 ming aholi bandligini ta’minlash imkoni borligini ta’kidladi.
Buning uchun, avvalo, xonadonlarda kooperatsiya orqali chorvani ko‘paytirish kerak. Yurtimizda bu sohada yaxshi tajribalar ko‘p. Masalan, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida “Toshmatov Normo‘min” fermer xo‘jaligi Vori qishlog‘idagi xonadonlarga qoramol, qo‘y-echki tarqatib, ular yetishtirgan sut va go‘shtni sotib olmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi “Taxiatosh Chikens” korxonasi xonadonlarga xonaki parranda berib, ulardan inkubatsion tuxum sotib olishni yo‘lga qo‘ygan.
Prezident bunday tajribalarni boshqa tuman va mahallalarda ham kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Shu maqsadda qator moliyaviy ko‘mak choralari belgilandi. Ya’ni, joriy yil fevraldan boshlab, xorijiy kreditlar 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi, kredit foizining 14 foizdan yuqori qismiga kompensatsiya hamda kredit summasining 50 foiziga kafillik beriladi, gidroponika usulida ozuqa yetishtirish uchun uskunalar xarajatining 20 foizi qoplanadi.
Sohadagi yana bir daromadli yo‘nalish – och rangli qo‘y-echkilar junidan gilam, mato va boshqa mahsulotlar to‘qib sotish. Yig‘ilishda Angren shahri, Koson, Romitan, Navbahor tumanlaridagi shunday ishlar namuna qilib ko‘rsatib o‘tildi.
Shu oydan boshlab, naslli qo‘y va echki xarid qilish, sut, go‘sht va junni qayta ishlash hamda yem tayyorlash sexlari tashkil etish uchun imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladigan bo‘ldi. Bu kreditlar aholiga hokim yordamchilari tavsiyasi asosida, 50 million so‘mgacha garov ta’minotisiz ajratiladi, kredit foizining yarmini qoplashga kompensatsiya beriladi.
Aholiga kooperatsiya asosida 350 ming bosh qo‘y va echki tarqatilishi, bu maqsadlar uchun 100 million dollar yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.
Bu yil sohada 123 ta yirik loyiha rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari ularni o‘z vaqtida ishga tushirish bilan birga qo‘shimcha imkoniyatlar topish, ozuqa maydonlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Jumladan, yerning bir qismini almashib ekish hisobiga, har bir klasterda kamida 500 boshli chorvachilik kompleksi tashkil etish mumkin. Shuningdek, foydalanishdan chiqqan va yangi yerlarni o‘zlashtirib, chorva boqsa bo‘ladi.
Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 120 million dollar kredit sifatida yo‘naltirilishi, subsidiya, bojxona va soliq imtiyozlari berilishi qayd etildi.
Mutasaddilarga joriy yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan 500 million dollar jalb etib, chorvachilikni rivojlantirish loyihalariga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Prezidentimiz chorva mahsuldorligini oshirish, naslchilikni yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Sohaga ilm va ilg‘or tajribalarni joriy etishga Samarqand veterinariya meditsinasi instituti mas’ul etib belgilandi. Endi ushbu institut maqomi oshiriladi hamda unga veterinariya, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tajriba institutlari biriktiriladi. Bu muassasa klasterlarga amaliy va metodologik ko‘mak berib, pullik xizmatlar ko‘rsatadi, aholi va fermerlarni qisqa muddatli kurslarda o‘qitadi.
“Chorvanasl” agentligiga har bir tuman kesimida naslchilikni yaxshilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hudud rahbarlari, tadbirkorlar so‘zga chiqdi.