O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hindiston – Markaziy Osiyo” birinchi sammitidagi nutqi

Hurmatli Narendra Modi janoblari!

Muhtaram hamkasblar!

“Hindiston – Markaziy Osiyo” birinchi sammitining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlayman.

Sizga, hurmatli Bosh vazir Modi janoblari, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan ushbu muhim uchrashuvni o‘tkazish tashabbusi uchun minnatdorchilik bildiraman.

Barcha hamkasblarimning Hindiston Respublikasi kuni munosabati bilan Hindiston xalqiga bildirilgan iliq qutlov va tilaklarga qo‘shilaman. Shuningdek, sizlarni mamlakatingiz mustaqilligining bo‘lajak 75 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Bugun Hindiston – zamonaviy, jadal rivojlanayotgan, jahonda ulkan xalqaro nufuzga ega va ta’siri tobora ortib borayotgan davlat.

Alohida ta’kidlashni istardimki, Hindiston biz uchun ishonchli, strategik sherikdir.

O‘zbekiston-Hindiston aloqalarining ildizlari juda olis tarixga borib taqaladi.

Ming yillar mobaynida xalqlarimiz o‘rtasida faol gumanitar almashinuvlar va savdo aloqalari bo‘lgan. Madaniyatlarimiz, an’analarimiz va ma’naviy qadriyatlarimiz bir-birini boyitib kelgan.

Toshkent va Dehli, Samarqand va Agra, Buxoro va Haydarobod kabi qadimiy shaharlar betakror merosimizning uzviy qismi bo‘lib, umumiy tariximizda chuqur iz qoldirgan.

Ushbu merosga tayanib, O‘zbekiston “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga qat’iy intilmoqda.

Bugun ko‘p tomonlama munosabatlarimiz uchun yangi kun tartibini ishlab chiqishimiz va uzoq muddatli istiqbolga qaratilgan samarali hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olishmizga ishonaman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Hindiston bilan an’anaviy yaqin, do‘stona va ko‘p tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida mintaqaviy hamkorlikning quyidagi yo‘nalishlarini strategik ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilab olishni taklif etamiz.

Birinchi ustuvor yo‘nalish – ta’lim va sog‘liqni saqlash sohlarida faol hamkorlik qilish orqali, Hindistonning ilg‘or tajribasi, bilim va texnologiyalarini keng joriy qilish asosida inson kapitalini rivojlantirish.

Keyingi yillarda hindistonlik hamkorlar bilan birgalikda mamlakatimizda qator zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari tashkil etildi.

Bunday klinikalar tarmog‘ini Hindiston yetakchi tibbiy universitetlarining O‘zbekistondagi filiallari negizida yanada kengaytirish niyatidamiz.

Sog‘liqni saqlash sohasida Hindiston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida farmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish, vaksinatsiya to‘g‘risidagi sertifikatlarni o‘zaro tan olishni jadallashtirish, virusolog vrachlar tayyorlash dasturini boshlash, ayurveda ta’limotlari va yoga amaliyoti hamda Ibn Sino risolalari asosida zamonaviy sog‘liqni saqlash yutuqlarini to‘ldirib turadigan an’anaviy tibbiyot usullarini joriy qilishni muhim deb hisoblaymiz.

Ushbu tashabbuslarni tizimli amalga oshirish maqsadida har yili “Hindiston – Markaziy Osiyo” sog‘liqni saqlash forumini o‘tkazishni taklif etamiz.

Fursatdan foydalanib, pandemiya oqibatlarini yengib o‘tishda ko‘rsatilgan yordam uchun Hindiston tomoniga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Ta’lim sohasidagi sheriklik sermahsul ekanini mamnuniyat bilan qayd etmoqchimiz. Bugun O‘zbekistonda Hindistonning to‘rtta yetakchi universiteti faoliyat yuritmoqda, ularda to‘rt mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Bundan tashqari, Hindiston kompaniyalari mamlakatimizda «IB» dasturi doirasidagi xalqaro maktablar tashkil etishga investitsiya kiritishni boshladi. Hindistonning tillarga o‘qitish metodikasi joriy qilinmoqda.

Ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida oliy ta’lim muassasalarining filiallari va professional ta’lim markazlarini ochish, ilmiy va akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, innovatsion ishlanmalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Axborot texnologiyalari sohasidagi sheriklik biz uchun keng istiqbollar ochmoqda. Raqamlashtirish borasida jahonning peshqadamlaridan biri hisoblangan Hindiston mamlakatimiz IT industriyasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.

Yaqin istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma rejalarimizda – uchinchi mamlakatlar bozorlariga dasturiy mahsulot va xizmatlarni eksport qilish, shu jumladan biznes jarayonlarining autsorsingi.

IT sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida raqamli innovatsiyalar, moliyaviy va blokcheyn texnologiyalarni joriy qilish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, mutaxassislar tayyorlash kabi yo‘nalishlarda harakatlar dasturini ishlab chiqishni taklif qilaman.

Ushbu tashabbusni amaliy ro‘yobga chiqarish uchun Javaxarlal Neru nomidagi O‘zbek-Hind Axborot texnologiyalari markazi imkoniyatlarini ishga solishga tayyormiz.

Hamkorligimizning ikkinchi eng muhim strategik ustuvorligi iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishdan iborat.

Keyingi besh yilda O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qariyb ikki barobar ko‘paydi, qo‘shma korxonalar soni to‘rt yuztaga yetdi.

Sanoat, infratuzilma va qurilish sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Andijon viloyati va Gujarat shtati o‘rtasidagi kooperatsiya muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.

Mamlakatlarimiz biznesi va hududlari darajasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida “Hindiston – Markaziy Osiyo” ishbilarmonlar kengashi faoliyatini yangi sur’at bag‘ishlashni taklif etamiz.

Kengash investitsiyalar va savdo sohalarida o‘zaro to‘ldirib turish omili asosida yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash uchun tadbirkorlarimiz o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga faol ko‘maklashishi lozim.

Shu bilan birga, Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yerusti transport yo‘llari mavjud emasligi iqtisodiy munosabatlarimizning jadal rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omil bo‘lib qolmoqda.

Shu munosabat bilan biz Chabahor porti orqali yangi yo‘nalishni ishlab chiqishga kirishdik. Bu port “Shimol-Janub” tashabbusi doirasida mamlakatlarimiz o‘rtasida yuklar yetkazib berishning muhim bo‘g‘iniga aylanishi mumkin va shart.

Mamlakatlarimiz transport vazirlarining uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Ushbu mexanizmning aniq mazmundorligi va amaliy natijadorligini ta’minlash muhimdir.

Vazirlarning birinchi yig‘ilishi kun tartibiga “Quruq” portlar tarmog‘ini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, yuk tashishda bir xil chegirma va imtiyozli tariflar taqdim etish, yuklarni bojxona rasmiylashtiruvi tartibotlarini soddalashtirish masalalarini kiritishni taklif etamiz.

Energetik samaradorlik va “yashil” taraqqiyot masalalariga muhim e’tibor qaratmoqdamiz. Shu munosabat bilan Hindistonning muvaffaqiyatli tajribasi va texnologiyalari biz uchun katta qiziqish  uyg‘otmoqda.

Hurmatli Hindiston Bosh vaziri tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalqaro quyosh alyansiga qo‘shilish niyatidamiz.

“Yashil” energetika sohasidagi mintaqaviy hamkorlik masalalarini joriy yil sentyabr oyida Orolbo‘yida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida o‘tkaziladigan xalqaro forumda batafsil muhokama qilishni taklif qilamiz.

Uchinchi ustuvor yo‘nalish – madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik.

Umumiy merosimizni bo‘lajak avlodlar uchun saqlab qolish maqsadida muzeylar hamkorligi, ko‘rgazma va anjumanlar, shu jumladan onlayn shaklda tashkil etish, qo‘lyozma fondlarini raqamlashtirish va qo‘shma virtual kutubxonalar yaratish, umumiy tarixiy-arxeologik merosni tadqiq etishni nazarda tutadigan birgalikdagi tadbirlar dasturini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Shuningdek, Hindiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligida Markaziy Osiyo mamlakatlarida Hind kinosi haftaligi va Hind madaniyati festivalini o‘tkazishni taklif qilamiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Biz oldimizga qo‘ygan rejalar muvaffaqiyatli amalga oshishining eng muhim sharti mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashdir.

Afg‘onistondagi murakkab vaziyat umumiy e’tiborimiz markazida qolmoqda.

Ushbu mamlakatda gumanitar inqiroz avj olmasligiga yo‘l qo‘ymaslik hamda tinchlik jarayoniga ko‘maklashish muhim.

Bu Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlashga hamda Markaziy Osiyo va Hindiston o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Muhtaram hamkasblar!

Bugun bildirilgan muhim taklif va tashabbuslarning ro‘yobga chiqarilishi mamlakatlarimizning “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatidagi ko‘p tomonlama sherikligini yanada mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratadi.

Shu ma’noda, yakuniy Dehli deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz.

So‘zim yakunida Bosh vazir Modi janoblariga sammitni tashkil etgani uchun yana bir bor samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat va sog‘lik-omonlik tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Manba