Bojxona tizimini korrupsiyadan xoli qilish – eng ustuvor vazifa

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-fevral kuni bojxona tizimini yanada isloh qilish va korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Bojxona tizimi mamlakatimizni jahon iqtisodiyoti bilan bog‘laydigan muhim bo‘g‘in. Bu tizim to‘g‘ri va ochiq-oshkora ishlamasa, tadbirkorlik va investitsiyalarga to‘siq bo‘ladi.

Shu bois 2019-yilda bojxona ma’muriyatchiligi isloh qilinib, tartib-taomillar yengillashtirilgan edi. Jumladan, bojxona postlarida soddalashtirilgan yo‘laklar joriy etildi. Bugun yo‘lovchilarning 95 foiz va yuklarning 75 foizi shular orqali o‘tmoqda. Ilgari 12 ta idoradan olingan 60 turdagi ruxsatnomalar “yagona darcha” orqali elektron shaklga o‘tkazildi. Bularning natijasida bojxonada yuklarni rasmiylashtirish vaqti 10 barobargacha qisqardi.

2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida eksport hajmini 30 milliard dollarga, xorijiy turistlar sonini 7 millionga yetkazish maqsadi belgilangan. Bu bojxona sohasiga alohida mas’uliyat yuklaydi.

Shu bois yig‘ilishda bojxona tizimini rivojlantirish, birinchi navbatda postlardagi sharoitlarni yaxshilash masalalariga e’tibor qaratildi.

– Bojxona postlari davlatimiz yuzi, birinchi taassurot shu yerdan boshlanadi. Ular obod, aholi va tadbirkorlar uchun qulay bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Chegara-bojxona postlarida infratuzilmani yaxshilash, atrofini obodonlashtirish, ayrim postlar binosini rekonstruksiya qilish, postlarga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari bojxona tizimini korrupsiyadan xoli qilish eng ustuvor vazifa ekanini, bu soha boshqa davlat idoralariga namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Buning uchun zamonaviy komplayens tizimi joriy etiladi. Joriy yil 1 maydan boshlab, yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish postlardan chiqariladi va tadbirkor bilan bevosita muloqotsiz, masofaviy amalga oshiriladi. 1 iyuldan tovarlar kodi va qiymatini belgilash, bojxona ko‘rigini o‘tkazish, imtiyozli deklaratsiya rasmiylashtirishda korrupsion xavflar avtomatlashgan tizim orqali aniqlanadi. 1 sentyabrdan boshlab, barcha elektron bojxona xizmatlari “yagona darcha” tizimi orqali ko‘rsatiladi. Yil yakuniga qadar bojxona ko‘rigi jarayonlarini to‘liq qamrab olgan elektron tizim ishga tushiriladi.

Davlat bojxona qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligiga bojxona xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, xodimlarni ochiq tanlov asosida ishga olish, rotatsiya qilish, daromadi va mol-mulkini deklaratsiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Korrupsiyaning oldini olish uchun xodimlarning moddiy ta’minoti va ijtimoiy himoyasiga ham alohida e’tibor zarur. Shu bois, endi bojxona xodimlarining faoliyati samarasiga qarab, ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Olis va sharoiti og‘ir postlarda ishlayotganlar ham moddiy qo‘llab-quvvatlanadi.

Bojxona xodimi kontrabanda yoki boshqa qonunbuzarlikni aniqlasa, unga mukofot beriladi. Maxsus unvon uchun ustamalar miqdori oshiriladi.

Xodimlarning ijtimoiy himoyasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, olis postlarda ishlaydigan xodimlar uchun xizmat uylari barpo etiladi hamda imtiyozli ipoteka krediti beriladi. Bojxona xodimlari va ularning farzandlari uchun oliy o‘quv yurtlariga kirishda alohida kvota ajratiladi.

Prezidentimiz sohaga ayol xodimlarni jalb qilish muhimligini ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilishda kontrabandaga qarshi kurashish natijalari ham tahlil qilindi. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida 364 kilogramm giyohvandlik vositalari, 88 ming dona psixotrop dorilar hamda 181 milliard so‘mlik tovarlar noqonuniy kirib kelishining oldi olindi.

Bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirish uchun bojxona postlarini 3D-skaner, rentgen, videokuzatuv, server, transport tarozisi kabi zamonaviy uskunalar bilan jihozlash vazifasi qo‘yildi.

Bu yil Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Termiz xalqaro aeroportlarida, kelgusi yildan boshqa aeroportlarda ham “bojxonachisiz nazorat” tartibini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bojxona tizimida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Buning uchun Bojxona institutini tubdan transformatsiya qilib, xorijiy tillar, axborot texnologiyalari, metrologiya va standartlar, nazorat uskunalarini boshqarishni puxta o‘rgatish zarurligi ta’kidlandi. Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikda kadrlar malakasini oshirish, ilg‘or xorijiy amaliyotlarni o‘rganib, tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Manba