Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-aprel kuni oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash, tadbirkorlik uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ma’lumki, dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar sababli oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘sib bormoqda. Bunday sharoitda ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlashning iqtisodiy chorasi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarishni ko‘paytirishdir.
Shu bois bu yil yurtimizda 7 million 700 ming tonna bug‘doy, 23 million tonna meva-sabzavot yetishtirib, ichki bozorni mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash maqsad qilingan.
Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Avvalo, yangi qo‘shilayotgan 300 ming gektardan ziyod yerdan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi. Buning 80 ming gektari qisqartirilgan paxta va g‘alla maydonlari bo‘lib, 254 ming nafar aholiga ochiq tanlov asosida berilgan. Bu har bir tumanda qo‘shimcha 500 gektar ekin maydoni, degani.
Davlatimiz rahbari dehqonlarni eng qiynaydigan masala sifatli urug‘ topish va yetishtirgan mahsulotini sotish ekanini ta’kidlab, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyat hokimlariga hosildor urug‘ va ko‘chat navlarini joylarga yetkazish, mahsulotni kafolatli sotib olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Buning uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi.
Mahsulot yetishtirish uchun yana bir manba suv omborlari atrofidagi 100 ming gektardan ortiq yerlardir. Bu maydonlarga irrigatsiya tarmoqlari tortib, tadbirkorlarni jalb etib, mos keladigan ekinlar ekish choralari belgilandi.
Ilgari foydalanishdan chiqqan 135 ming gektar yerni qayta tiklash ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun qo‘shimcha imkoniyat ekani ta’kidlandi.
Bugungi kunda aholi ixtiyorida 380 ming gektar tomorqa bor. Ularda meva-sabzavotlar yetishtirilsa, ham ro‘zg‘orga baraka, ham umumiy bozorimizga qo‘shimcha mahsulot kiradi. Buning uchun moliyaviy tizim ham bor: shu yil 21 fevralda tomorqa xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga tajribali mirishkorlar ishtirokida aholiga bozorbop ekinlar yetishtirishni o‘rgatish va ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bu boradagi eng katta muammo suv ta’minoti bo‘lishi mumkin. Shu bois, Suv xo‘jaligi vazirligiga har bir mahalla kesimida kanal va ariqlarni tozalash, suv ta’minoti og‘ir joylarda quduq qazish va nasos o‘rnatib, aholi tomorqalariga suv yetkazib berish vazifasi qo‘yildi. Bu ishlar uchun respublika budjetidan 50 milliard so‘m, mahalliy budjetlardan yana 50 milliard so‘mdan yo‘naltirilishi aytildi.
Shuningdek, suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishi belgilandi. Unga ko‘ra, 1-oktabrga qadar 4 ming 500 kilometr sug‘orish tarmoqlari tozalanadi, 231 kilometri betonlanadi, 3 mingta gidrotexnika inshooti ta’mirlanib, 3 mingdan ziyod nasos o‘rnatiladi, 281 ta quduq qaziladi.
Agrar tarmoqni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
2022-yil uchun tijorat banklariga 2 trillion so‘m imtiyozli kredit resurslari berilgan. Lekin bugungi kungacha tijorat banklariga kiritilgan 790 milliard so‘mlik talabnomadan atigi 53 foizi, ayrim hududlarda esa 25-30 foizi moliyalashtirilgan, xolos. Tijorat banklarining bu boradagi faoliyati tanqid qilinib, qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.
Boshoqli don va o‘simlik yog‘i xomashyosini ko‘paytirish choralariga alohida e’tibor qaratildi. Chetdan olib kelinadigan kungaboqar, soya va boshqa moyli ekinlar bo‘yicha bojxona imtiyozlari berish hamda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish taklifi bildirildi.
Yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala – tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlashga oid bo‘ldi.
So‘nggi vaqtlarda ayrim hududlarda tadbirkorlar faolligi pasaygani, ular kredit, soliq va infratuzilma bilan bog‘liq qiyinchiliklarga uchrayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois davlatimiz rahbari tadbirkorlarga rag‘bat va madad bo‘ladigan ko‘plab tashabbuslarni ilgari surdi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga qo‘shimcha mablag‘ ajratish hamda moliyaviy yordamlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Xizmatlar sohasi uchun tijorat banklari orqali tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratilishi belgilandi. Bunda, kredit stavkasi, Tadbirkorlik jamg‘armasi kompensatsiyasini hisobga olgan holda, 18 foizdan oshmaydi.
Shu bilan birga, viloyatlarda kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 300 million dollar resurs beriladi. Bu mablag‘ tadbirkorlar uchun eng yaxshi shartlar taklif qilgan banklarga 7 yil muddatga 10 foiz stavkada milliy valyutada joylashtiriladi. Bunda, tadbirkorga taqdim etiladigan kredit stavkasi 14 foizdan oshmaydi.
Eksportchi korxonalarning muammolari tahlil qilinib, qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi. Endi ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish bo‘yicha soddalashtirilgan mexanizm joriy etilib, 80 foiz mablag‘lar qo‘shimcha tekshiruvlarsiz 7 kun ichida qaytarib beriladi.
Eksport masalalarini doimiy o‘rganib, ularni tezkorlik bilan hal qilish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Uzluksiz va doimiy ishlovchi shtab tuziladi, “1094” raqamli “koll-markaz” tashkil etiladi. Ular asosida mutasaddilar eksportchilar bilan uchrashib, muammolarini joyida hal qilib boradi.
Tadbirkorlik uchun yer uchastkalarini auksionga chiqarish ham dolzarb masala. Shu bois, bu borada Vazirlar Mahkamasi huzurida ishchi guruh tuzildi. U bo‘sh yerlarni “mahallabay” aniqlash, professional tashkilotlarni jalb qilib, loyihalarni shakllantirish, yer uchastkalarini tadbirkorlarga jozibador qilib sotish ishlarini muvofiqlashtiradi.
Prezidentimiz 2022-yil 1-iyundan tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligi va tekshirishlar tizimini soddalashtirish vazifasini qo‘ydi.
Avvalambor, mol-mulk solig‘ini hisoblash tizimi bozor tamoyillariga o‘tkazilganini inobatga olib, samarasiz ishlatilayotgan ob’ektlar bo‘yicha ta’sirchan soliq mexanizmini (qo‘shimcha yuqori soliq stavkalari) qo‘llash tartibi bekor qilinadi.
Shuningdek, aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasi dastlabki o‘rganishsiz, avtomatik tarzda beriladi.
Joriy yilda tadbirkorlar faoliyatini tekshirishlar soni oshgani qayd etildi. Asossiz aralashuvlarning oldini olish uchun endi 22 ta turdagi tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshirilishi belgilandi.
Ruxsatnoma berish talablarini ham yanada soddalashtirish zarurligi ta’kidlandi. Umumiy ovqatlanish muassasalari uchun sanitariya talablarini qayta ko‘rib chiqib, eskirgan talablarni bekor qilish, yetkazib berish xizmatlari bilan shug‘ullanuvchilar uchun yengilliklar joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilish so‘ngida davlatimiz rahbari jamoatchilik e’tiborini mablag‘lardan oqilona foydalanish masalasiga qaratdi.
– Bugun tadbirkorlik uchun juda katta kredit mablag‘lari – qo‘shimcha 500 million dollar ajratilmoqda. Nima uchun? Chunki, qanchalik qiyin bo‘lmasin, hozirgi murakkab vaziyatda xalqimiz farovonligini, davlatimizning barqaror rivojlanishini o‘ylashamiz shart. Ajratiladigan har bir dollar, har bir so‘m – budjetdanmi, bankdanmi – bu hammasi xalqning puli, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mablag‘larni o‘zini oqlaydigan, odamlarning daromadini oshiradigan va ish o‘rinlari yaratadigan loyihalarga yo‘naltirish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.
Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan ikkita soha bo‘yicha hokimlar “yo‘l xaritalari” asosida aniq rejalarini bayon qildi.
Oldingisi
Mashinasozlikni rivojlantirish rejalari taqdimot qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-aprel kuni qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini rivojlantirish rejalari taqdimoti bilan tanishdi.
15.04.2022Keyingisi
Ta’lim va madaniyat maskanlari loyihalari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-aprel kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
19.04.2022