Alisher Navoiy maqbarasi ta’mirlanadi va obodonlashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-may kuni turizm, shahar infratuzilmasi, sanoat sohalaridagi loyihalar hamda Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlash va tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Loyihalardan biri Chirchiq daryosi bo‘yida turli infratuzilma ob’ektlari barpo etishga oid. Mazkur daryoning Toshkent shahridan o‘tgan qismi 16 kilometrni tashkil etadi. Loyihaga ko‘ra, daryo o‘zani qisqartirilib, qirg‘oqlari obodonlashtiriladi. Buning evaziga ochiladigan maydonlarda zamonaviy uy-joylar, dam olish maskanlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.

Yana bir loyiha Toshkent xalqaro aeroportidan shahar markaziga o‘tishdagi ko‘prikni kengaytirishga qaratilgan. Hozirgi yo‘l o‘tkazgich 1967-yilda qurilgan. Poytaxtimiz rivojlanishi va transportlar soni oshishi bilan uni rekonstruksiya qilish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Shu bois ushbu ko‘prikning Kichik halqa yo‘li bilan kesishgan joyida aylanma shaklidagi yo‘l o‘tkazgich qurish rejalashtirilgan. Uning uzunligi 650, eni 30 metr bo‘lishi mo‘ljallangan.

Bu muhandislik yechimi  avtotransportlarning ko‘prikka chiqishi va tushishini osonlashtiradi. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydi. Bu yerdagi qulaylik yaqin atrofdagi ko‘chalarga ham ta’sir qilib, tirbandlik kamayishida muhim omil bo‘ladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbariga poytaxtimizdagi Texnoparkda amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari taqdim qilindi.

Xususan, ushbu hududda yiliga 1 million dona kir yuvish mashinalari, 15 ming tonna mis quvur, 3000 dona sanoat suv isitish uskunalari, 75 ming dona savdo sovutgichlari va muzlatgichlari, 1 million kvadrat metr HPL-panellar va poliizotsianurat qatlamli sendvich-panellar, 30 ming tonna bazalt toshdan izolyatsiya mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Joriy yil oxirigacha ishga tushiriladigan loyihalar natijasida 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Milliy bog‘ hududida barpo etilayotgan Magic City madaniyat va istirohat bog‘ining ikkinchi bosqichi doirasida amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

Loyiha konsepsiyasiga muvofiq bog‘ hududida sun’iy ko‘l tashkil etiladi va uning atrofida mamlakatimizning tarixiy va diqqatga sazovor maskanlariga bag‘ishlangan tematik shaharcha quriladi.

Prezidentimiz buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlash va tiklash, uning atrofini obodonlashtirish loyihasiga alohida e’tibor qaratdi.

Afg‘onistonning Hirot shahridagi Alisher Navoiy maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish vazifasi Prezidentimizning 2020-yil 19-oktabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan edi.

Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash doirasida mamlakatimiz mutaxassislari afg‘onistonlik hamkasblari bilan birgalikda maqbarani joyida o‘rgandi. O‘rganishlar natijasida an’anaviy me’morchilik, san’at va bezak elementlaridan foydalangan holda maqbarani ta’mirlash va tiklash loyihasi ishlab chiqildi.

Bugun taqdim etilgan loyihaga ko‘ra,  maqbaraning kirish va qolgan yo‘laklariga Hazrat Navoiyning hikmatli suzlari bitilgan kitob ko‘rinishidagi belgilar qo‘yiladi hamda dekorativ o‘tirgichlar o‘rnatiladi.

Kirish qismida sakkiz burchakli masjid bunyod etiladi. Kirish peshtog‘idan hovli qismining chap va o‘ng tomonida yopiq uslubda ayvonlar barpo etiladi. Maqbaraning tashqi ko‘rinishiga bezak beriladi. Gumbaz, maqbara oldi va yon qismlari mayolika elementlari bilan ishlanadi. Majmua hududi ko‘kalamzorlashtiriladi.

Davlatimiz rahbari loyihalar bilan tanishib, mutasaddilarga ularni sifatli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Manba