Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash va xavfsizligini oshirish, ekologik osoyishtalikni taʼminlash, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish masalalari boʻyicha 10-avgust kuni yigʻilish oʻtkazdi.
Videokonferensaloqa shaklida oʻtgan tadbir boshida davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatga toʻxtalib oʻtdi. Xususan, barcha hududlarda davolash oʻrinlari va tibbiy uskunalar soni bir necha barobar koʻpaytirilgani, tez tibbiy yordam va davolash sifati yaxshilangani natijasida oxirgi bir haftada mamlakatimiz boʻyicha koronavirusdan sogʻayish koʻrsatkichi oshgani qayd etildi. Fuqarolar hayoti va sogʻligʻi himoyasini yana-da kuchaytirgan holda, pandemiya sharoitida yashash va ishlashda davom etish, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish muhimligi taʼkidlandi.
Mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlashga muhim siyosiy masala sifatida qaralmoqda. Orol dengizining qurigan tubida oʻrmonzorlar barpo etilib, Orolboʻyidagi shahar va tumanlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar jadal amalga oshirilmoqda. Atrof-muhitni va aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida chiqindilarni yigʻish va qayta ishlash boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, hozirgi pandemiya sharoitida bu masalalar yana-da dolzarb ahamiyat kasb etadi.
– Chiqindi tizimini tartibga solish – hayotimiz, sogʻligʻimiz uchun eng muhim vazifalardan biri. Bu inson salomatligi va xavfsizligi, millat kelajagi bilan bogʻliq dolzarb masala, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Soʻnggi uch yilda chiqindilarni boshqarish sohasiga byudjetdan ajratilgan 390 milliard soʻm hisobiga 742 ta maxsus texnika sotib olingan, 204 ta poligon modernizatsiya qilingan.
Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda sohada muammolar hali koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Misol uchun, Izboskan, Gʻuzor, Chust, Buvayda, Urgut va Shahrixon tumanlarida tozalash xizmati qamrovi respublika koʻrsatkichidan 2 baravar past. Toshkent viloyatida byudjet hisobidan olingan 32 ta, Qashqadaryoda 23 ta maxsus texnika talon-toroj qilingan. “Toza hudud” korxonalarining debitor qarzdorligi yuqori.
Joriy yil mart oyida oʻtkazilgan yigʻilishda sohadagi ishlar tanqid qilinib, tegishli topshiriqlar berilgan edi. Bugun ularning ijrosi koʻrib chiqildi, qoʻshimcha vazifalar belgilandi.
Hozirda sanitar tozalash xizmatlari bilan aholini qamrab olish darajasi 66 foizni tashkil etadi. Yigʻilishda yil yakunigacha bu koʻrsatkichni 90 foizga yetkazish, sohaga xususiy korxonalarni keng jalb etish zarurligi taʼkidlandi.
Chiqindilarni qayta ishlashni tartibga solish boʻyicha 14 ta hududdagi tumanlar kesimida alohida qarorlar qabul qilinishi hamda ularning ijrosi yuzasidan nazorat tizimi yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
Nodavlat sektor chiqindilarni yigʻish va qayta ishlashda yaxshi samara bermoqda. Qayerda shunday korxonalar ishlayotgan boʻlsa, xizmat sifati ham yuqori, aholi ham rozi. Misol uchun, “Bio Texno Eko” kompaniyasi 6 million dollardan ziyod kredit hisobiga 78 ta maxsus texnika va uskunalar xarid qilib, Termiz shahri, Termiz va Angor tumanlaridagi 285 ming aholiga tozalash xizmati koʻrsatmoqda.
Joylarda shunday loyiha qilaman, degan tadbirkorlar koʻp. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda davlat-xususiy sheriklik asosida jami 31 ta klaster tashkil etish yuzasidan koʻrsatma berildi.
Ushbu loyihalar hisobiga maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini yil yakunigacha 25 foizgacha, 2021-yilda kamida 35 foizga yetkazish zarurligi belgilandi.
Sanitar-ekologik talabga javob bermaydigan 51 ta chiqindi poligonini maqbullashtirish, bundan tashqari, qurilish chiqindilari uchun 26 ta poligon hamda ularni qayta ishlovchi klasterlar tashkil etish muhimligi aytildi.
Yigʻilishda xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb etilgan mablagʻlar natijadorligi ham muhokama qilindi.
Mutasaddilarga bu mablagʻlar evaziga boshlangan loyihalarni jadallashtirib, qisqa muddatlarda foydalanishga topshirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi. Davlatimiz rahbari sohani kamxarj va tejamkor texnikalar bilan taʼminlash muhimligini taʼkidladi.
Muhokamada ekologik nazoratni kuchaytirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Ayrim zavodlar havoga meʼyordan ortiqcha tashlanma chiqarib, atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bunday holatlar fuqarolarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.
Shu bois Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga havo ifloslanishini tezkor tahlil qiladigan mobil laboratoriyalar bilan har bir hududni taʼminlash topshirigʻi berildi. Bosh vazir oʻrinbosariga atrof-muhitga yuqori va oʻrta xavfli 240 ta yirik sanoat korxonasida zamonaviy lokal tozalash inshootlarini oʻrnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish boʻyicha dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi rahbariyati hamda viloyat hokimlarining hisoboti eshitildi.