Farg‘onada sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida o‘nlab korxonalar samarali faoliyat yuritmoqda. Yaqinda bu yerda “BNBM Building Materials Central Asia” korxonasi ochildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida ushbu korxonani ko‘zdan kechirdi.

Korxonaga 30 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyasi yo‘naltirilib, yiliga 30 million kvadrat metr gipsokarton va 4 million kvadrat metr dekorativ gipsokarton ishlab chiqarish quvvati yaratildi. 200 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Shu yerda Farg‘ona viloyatidagi yangi majmualarni ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Bular - Beshariq tumanidagi “Farg‘ona Yasin qurilish mollari”, Uchko‘prik tumanidagi “Mollis” va “Proker”,  Rishton tumanidagi “Chinor plyus – 2020”, Toshloq tumanidagi “Ekspo kollor prin teks”, Farg‘ona tumanidagi “Bahodir Log‘on tekstil”, O‘zbekiston tumanidagi “Sement xomashyo savdosi”, Qo‘shtepa tumanidagi “Global Tekstayl Infiniti” korxonalari, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam hamda  kardiologiya ilmiy-amaliy markazlari filiallaridir.

Shundan so‘ng, Prezident raisligida investitsiyalarni jalb etish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Videoaloqa orqali uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ham kuzatib bordi.

Saylovoldi uchrashuvida aholi turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, viloyat iqtisodiyotiga faol investitsiyalar jalb qilib, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha katta marralar olingani qayd etildi.

- Oldimizda hali yetti yil bor, bu ishlarni ertaga yoki keyingi yildan boshlaymiz, degan vazir yoki hokim qattiq adashadi. Chunki odamlarimiz saylovoldi dasturlarida ko‘tarilgan har bir tashabbus bo‘yicha aniq natijalarni bugundan kutayapti. Agar eng yuqoridan tortib, mahallagacha ish uslubi o‘zgarmasa, barcha darajadagi rahbarlar “har bir yangi kun – yangi imkoniyat” deb ishlashga o‘rganmasa, vaqtni boy berib qo‘yamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha Farg‘ona viloyatidagi ayrim tuman va shaharlarning ko‘rsatkichlari qoniqarsizligini ko‘rsatib o‘tdi.

Misol uchun, Farg‘ona shahrida o‘tgan yilning olti oyida bor-yo‘g‘i 25 million dollar investitsiya kiritilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu raqam atigi 12 million dollarni tashkil qilmoqda. Marg‘ilon shahrida, O‘zbekiston, Bog‘dod, Toshloq tumanlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmiga ham yetmaydi.

Bir paytlar sanoat bo‘yicha peshqadamlardan biri bo‘lgan Farg‘ona hozir respublikada 12-o‘ringa tushib qolgani ko‘rsatib o‘tildi. Sanoat salohiyati yetarlicha ishga solinmayapti. Misol uchun, birinchi yarim yillikda sanoat hajmi Toshloqda 17, Qo‘qonda  3 foizga, Oltiariqda 1,3 foizga va Quvada 1,2 foizga kamaygan.

Aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha ham ahvol yaxshi emas. Joriy yilda viloyatda qurilishi rejalashtirilgan 212 ta uy-joydan bugungi kungacha 42 tasi foydalanishga topshirilgan, xolos.

Viloyatda xizmatlar sohasi rivoji ham qoniqarli emas.

Umuman, viloyatda 2022 yilning olti oyida faoliyatini to‘xtatgan korxonalar soni 2,5 mingtani tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 14,5 mingtaga yetgan.

Yil boshida respublika bo‘yicha 60 ta tuman to‘rtinchi va beshinchi toifalarga kiritilib, ularni iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur boshlandi. Farg‘onada ushbu toifalarga kirgan Furqat, Yozyovon va So‘xdagi tadbirkorlar o‘tgan olti oyda 30 milliard so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan. Lekin mazkur tumanlarda natija ko‘rinmayapti. Ahvol yaxshilanishi o‘rniga, ulardagi tadbirkorlar tushumi o‘tgan yilga nisbatan kamayib ketgan.

Sanoat zonalarida katta maydonlar bo‘sh turganligi, viloyatdagi 19 ta tuman va shahar hokimlari ularni tadbirkorlarga taklif qilib, mavjud imkoniyatlardan foydalanmayotgani tanqid qilindi.

- Shuncha bo‘sh joylar turib, hokimlar sanoat zonalari uchun qishloq yerlari toifasini o‘zgartirish bo‘yicha murojaat qilishdan charchamayapti. Eng achinarlisi, viloyatda ishlab chiqarish bo‘lgan davlat obyektlarini xususiylashtirib, ular o‘rnida yakka tartibdagi uy-joylar qurib yuborish holatlari bor, - dedi davlatimiz rahbari

Bosh prokuratura, Kadastr agentligiga bunday holatlarni tekshirib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi. Bundan buyon, sanoat maqsadlari uchun mo‘ljallangan yerlar toifasini o‘zgartirish bo‘yicha qarorlar faqat Hukumat komissiyasi roziligi bilan amalga oshirilishi belgilandi.

Dehqonlarga ekin yerlarini ijaraga berish ishlari ham nomiga tashkil qilingani, yashash joyidan yoki suvdan uzoq yerlar ajratilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. O‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, 32 foiz yer egalariga tuman hokimligi tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmagan. Inflyatsiyani jilovlash, bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ham qoniqarsiz ekani qayd etildi.

Faoliyatidagi jiddiy kamchiliklari, ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun viloyat, shahar va tumanlar darajasidagi bir qator rahbarlar lavozimidan ozod qilindi.

Viloyatning ishga solinmagan imkoniyatlarini aniqlash va ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha har bir tuman va shaharga respublikadan mas’ullar biriktirilgan. Ular tomonidan 2 milliard dollarlik qo‘shimcha zaxiralar aniqlangan va tadbirkorlar bilan uchrashib, loyihalar shakllantirilgan.

- Agar hokimlar vaqt ajratib, tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning dardiga quloq solsa, tashabbuslarini tinglasa, viloyatdagi tumanlarning barchasi yil yakuniga qadar bemalol kamida 100 million dollardan investitsiya jalb qilishi mumkin, - dedi davlatimiz rahbari.

Davlatimiz rahbari Quva va Beshariq tumanlari misolida ushbu imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Prezident Farg‘onada boshlangan ushbu tajribani barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish uchun yil yakuniga qadar safarbarlik e’lon qildi. Har bir tuman uchun yil yakunigacha kamida 100 million dollardan investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Minimal iste’mol xarajatlari miqdori 500 ming so‘mdan 570 ming so‘mga oshirilgani sababli Farg‘onada yana 9 ming oila kambag‘al toifasiga qo‘shildi. Shu bois mutasaddilarga ushbu oilalarning har biriga hokim yordamchilarini biriktirib, ularning daromadini oshirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Farg‘onada aholiga dehqonchilik uchun auksionga chiqarilib, talabgor aniqlanmagan 1 ming 157 gektar ekin yerlarini aholi uchun qulay hududlarga almashtirish, bu yerlarda kamida 15 ming ish o‘rni yaratishga ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilish yakunida hudud va sohalar rahbarlari hisobot berdi.

Manba