O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sadir Japarov ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi – keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiyaga imzo chekdilar.
Davlat rahbarlari huzurida davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo va hududlararo hujjatlar almashildi. Jami 25 ta hujjat imzolangan, shu jumladan:
- O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomaning ratifikatsiya yorliqlarini almashish to‘g‘risida bayonnoma;
- Qirg‘iz Respublikasida avtomobil va tijorat texnikasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Strategik savdo-iqtisodiy sheriklik to‘g‘risida 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan dastur;
- Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Fuqarolarning o‘zaro borib-kelishlari to‘g‘risidagi bitimga Bayonnoma;
- Chegaraoldi viloyatlar rahbarlari kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandumga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida Bayonnoma.
Vazirlik va idoralar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, energetika, bojxona, sanoatning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish, innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, shuningdek, Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash rejasi imzolandi.
Shuningdek, Jizzax va Issiq-ko‘l, Andijon va O‘sh, Farg‘ona va Botken, Namangan va Jalol-obod viloyatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan kompleks dasturlar imzolandi.
Oldingisi
O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari, qator vazirlik va viloyatlari rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
27.01.2023Keyingisi
Prezidentlar tashrifning samarali natijalaridan mamnunligini bildirdilar
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazdilar.
27.01.2023