O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi to'g'risidagi AXBOROT

2020-yil 11-sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferentsaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib borgan ushbu yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda “Uzreport” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.

Parlament yuqori palatasi a’zolari tomonidan 16 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Dastlab Senat a’zolari tomonidan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

 Hozirgi kunda O‘zbekistonda 700 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar, shu jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar istiqomat qilmoqda.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiyasining xalqaro standartlari va talablarini, shuningdek, “nogiron” so‘zi o‘rniga “nogironligi bo‘lgan shaxs” atamasidan foydalanishni nazarda tutuvchi “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun mamlakatimizning yuqoridagi toifaga mansub vakillarining huquq va manfaatlarini ifodalashga xizmat qiladi. 

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi hozirda amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga solishtirganda bu toifa hamyurtlarimizga qator yangi imtiyozlardan foydalanish imkonini  yaratmoqda.

Qonun kuchga kirishi bilan tibbiy tekshiruv komissiyalari faoliyati takomillashadi,  murojaat qiluvchi 10 kalendar kunida xulosani oladi. Tibbiy tekshiruvlar bepul amalga oshiriladi.  Nogironligi bo‘lgan shaxslar  ambulator va statsionar rejimida imtiyozli davolanadi. Protez-ortopediya anjomlariga bo‘lgan ehtiyojlari qondiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun binolarga kirib-chiqish uchun maxsus yo‘lakchalar, panduslar, jamoat transportida maxsus o‘rindiqlar, tushib-chiqish uchun bekatlarda ularga sharoitlar yaratiladi. Ular uchun ta’lim olishning barcha bosqichlarida qulayliklar ko‘zda tutiladi. Kasb-hunarga o‘rgatish, kollej va texnikumlarda ta’lim olishlari davlat hisobidan  ta’minlanadi. Oliy ta’limda jami kontingentning 2 foizi miqdorida davlat grantlari ajratiladi.

Mahalliy hokimliklar nogironligi bo‘lgan shaxslar uy-joy sharoitini yaxshilashga mas’ul bo‘ladi. Nikoh tuzish va oila qurish, bolalarni farzandlikka olish, bolalarni tarbiyalashga doir majburiyatlarni bajarishi chog‘ida yordam olish, xususan, uyida va yashash joyida xizmatlar ko‘rsatilishi huquqi ta’minlanadi. 

Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi hamda ularni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ushbu Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Hozirgi zamonda iqtisodiyotning globallashuvi tez chuqurlashayotgan, xo‘jaliklararo aloqalar rivojlanayotgan hamda xalqaro darajalarda qonunchilik birxillashtirilayotgan sharoitlarda milliy va xalqaro darajalarda bozor munosabatlarining asosiy omillaridan biri hisoblangan xalqaro arbitraj tijorat nizolarini hal etishning muqobil va sud mahkamasidan tashqari shakli sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.

Muhokamada aks etganidek, O‘zbekistonda xalqaro tijorat arbitraj sudlarining faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibini huquqiy tartibga solish, xalqaro tijorat arbitraj sudi faoliyatining asosiy printsiplarini belgilash, shuningdek, xorijiy investorlar, milliy kompaniyalarni chet ellik hamkorlar bilan o‘zaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash zaruriyati tug‘ildi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishidan ko‘zlanayotgan asosiy maqsad - nizolarni ko‘rishda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning sarf xarajatlarini qisqartirish, arbitraj hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmlarini belgilash hamda shu asosda xalqaro shartnomalarning nizoli masalalarini hal qilishda mamlakatning mintaqadagi obro‘sini oshirish kabi masalalar ekanligi ta’kidlandi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi O‘zbekiston nizolarni muqobil hal qilish usuli hisoblangan fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida arbitraj muhokamasi institutini rivojlantirishga, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zaruriy huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, tashqi iqtisodiy shartnomalardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rishda muddatlar va xarajatlarni qisqartirishni ta’minlashga imkon yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra Senat a’zolari “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdi.

Qonun, avvalo, ijtimoiy hayotimizda ba’zan uchrab turadigan, tabiatimizga yot bo‘lgan,  yoshlarimizning sog‘lom voyaga yetishlariga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatadigan ichkilikbozlik, giyohvandlik yoki zaharvandlik kabi  inson xulq-atvoriga zid illatlarni bartaraf etishga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatga molik. 

Qonunda birinchi navbatda psixoaktiv moddalarning tarqalishiga va notibbiy iste’mol qilinishiga, shu jumladan, alkogolni suiiste’mol qilish sabablari hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy, ma’rifiy hamda tibbiy-psixologik tadbirlar kompleksini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari narkologik kasalliklarga chalingan, shu jumladan, g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga moyil shaxslarni profilaktik hisobga olishni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlariga ko‘maklashishi belgilangan.

 Qonunda narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi qaror uning yashash joyidagi yoki narkologiya muassasasi joylashgan yerdagi sud tomonidan yigirma kunlik muddatda, ushbu shaxs hozirligida qabul qilinishi ko‘rsatib qo‘yildi.

 Mahalliy davlat hokimiyati, mehnat organlari davolanib chiqqanlarni ishga joylashtirish hamda maishiy turmushga moslashishida ko‘maklashish huquqiy mustahkamlandi.

Qonunga ko‘ra, davlat ambulatoriya va statsionar sharoitlarda bunday bemorlarga maslahat berish-tashxis qo‘yilishini, davolashni, psixoprofilaktik, reabilitatsiyaviy, ijtimoiy yordam ko‘rsatilishini kafolatlaydi.

Narkologiya dispanserlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek, mamlakatning yirik shaharlarida respublika, viloyat, shahar yoki tumanlararo darajada mustaqil davolash-profilaktika muassasalari sifatida tashkil etilishi, qolaversa, ambulatoriya sharoitlaridagi narkologik yordam tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tuzilmasida tashkil etilgan narkologiya kabinetlari tomonidan ko‘rsatilishi belgilangan.

Senatorlar mazkur Qonunni ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risida axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020-yil birinchi yarim yillik ijrosi “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan byudjet parametrlari doirasida hamda Prezidentimizning koronovirus infektsiyasiga qarshi kurashish, global inqiroz oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan qabul qilingan farmon va qarorlari, qolaversa, Hukumat va Inqirozga qarshi kurashish komissiyasining qarorlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Dunyo miqiyosida kechayotgan global o‘sish sur’atlari pasayishi jarayonining mamlakat iqtisodiyotga ham ta’sir etishi natijasida 2020 yil birinchi yarim yili yakuniga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot hajmi joriy narxlarda 255,3 trln. so‘mni, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,2 % ni tashkil etgan.

O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjet 2020 yil birinchi yarim yili daromadlari 71,6 trln. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 28,8 foiz, xarajatlari esa 80,5 trln. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 32,4 foizni tashkil etgan.

Mamlakatda koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida Davlat byudjetining 2020 yil 6 oylik daromadlari 58,2 trln. so‘mga yoki tasdiqlangan yillik parametrlarga nisbatan 45,3 foizga ijro etilgan. Hisobot davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga ko‘p mablag‘ tushirilishiga erishilgan.

Davlat byudjetining 2020-yil birinchi yarim yilligi xarajatlari 64,9 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobarga oshgan. Natijada 23,1 trln. so‘m miqdoridagi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hamda 5,0 trln, so‘m miqdoridagi ish haqiga nisbatan ajratmalar to‘liq va muddatida moliyalashtirilgan.

Qolaversa, o‘tgan 6 oy davomida iqtisodiyot xarajatlariga Davlat byudjetidan 9,0 trln. so‘m yoki jami xarajatlarning 13,9 foizi, investitsiya xarajatlariga esa 6,0 trln, so‘m yoki jami xarajatlarning 9,2 foizi sarflangan.

Hisobot davrida sog‘liqni saqlash, nafaqa va moddiy yordam to‘lovlari, iqtisodiyot va investitsiya xarajatlarining o‘sishi yuqori bo‘lishiga mamlakatda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish va pandemiya sharoitida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari bo‘yicha amalga oshirilgan xarajatlar asosiy omil bo‘lgan.

Xususan, 2020-yilning 1-iyul holatiga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 5,6 trln. so‘mlik koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, tadbirkorlikni va aholi bandligini ko‘llab-quvvatlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar moliyalashtirilgan.

Bundan tashqari, hisobot davrida mahalliy byudjet mablag‘larini mustaqil boshqarishni mustahkamlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini kafolatlangan moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlash, mahalliy hokimliklarni mahalliy byudjetlarni shakllantirishda va mablag‘lardan samarali foydalanishda mas’uliyati va javobgarligini oshirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilida mahalliy byudjetlarning daromadlar prognozi jami 10,2 trln. so‘m etib belgilangan va reja amalda 12,9 trln. so‘mga ijro etilgan. Bunda asosan hududlarda yangi tadbirkorlik sub'yektlarini tashkil etish, kam quvvatli korxonalarning ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va legallashtirish, soliq qarzini qisqartirish, kameral o‘rganishlar o‘tkazish orqali belgilangan prognoz rejalar ijrosi ta’minlangan.

Majlisda mahalliy byudjetlarning hududlar bo‘yicha umumiy daromadlar prognozi bajarilgan bo‘lsa-da, ammo ayrim soliq turlari bo‘yicha belgilangan reja-topshiriqlari bajarilmagani ta’kidlandi. Jumladan, joriy yilning 1 iyul holatiga mahalliy byudjetlarga soliqlardan  qarzdorlik 2,9 trln. so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 112 mlrd. so‘mga oshgan. Mahalliy byudjetlarning Davlat byudjeti daromadlaridagi ulushi 22,1 foizni, uning jami xarajatlardagi ulushi 31,1 foizni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasining tarqalishi, karantin choralarining qo‘llanilishi natijasida mahalliy byudjetlar xarajatlariga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritilgani ta’kidlandi.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mahalliy byudjetlar xarajatlaridan qariyb 1 trln. so‘mga maqbullashtirilgan. 2020-yilning  27-28-aprel kunlari kuchli shamol oqibatida Buxoro viloyatida zarar ko‘rgan aholi va iqtisodiy-infratuzilma ob'yektlariga 164 mlrd. so‘m hamda 1-may kuni “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida jabrlangan aholini qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani tiklash xarajatlariga joriy yilning yarim yilida 500 mlrd. so‘m qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirilgan.

Qolaversa, 2020-yil 1-apreldan boshlab 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni 10 foizga oshirilgan. Ushbu tadbirlar natijasida, joriy yil yakuniga qadar ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam oluvchilar soni 657,8 ming (  60,3 ming) ta oilani tashkil etib, ularga qo‘shimcha nafaqalarni to‘lash uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 211,8 mlrd. so‘m mablag‘ nazarda tutilgan bo‘lib, shundan 91,3 mlrd. so‘m moliyalashtirib berilgan.

Shuningdek, hisobot davrida aniqlangan kamchiliklarga e’tibor qaratildi. Jumladan, aniqlangan qo‘shimcha daromadlarga nisbatan 51,7 mlrd. so‘mlik mablag‘larning byudjetga undirilishi ta’minlanmagan.

Shu bilan birga, pandemiya sharoitida mahalliy byudjetlar daromadlarining o‘z muddatida tushmaganligi natijasida yuzaga kelgan vaqtinchalik kassa uzilishining oldini olish hamda belgilangan xarajatlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish maqsadida hisobot davrida mahalliy byudjetlarga respublika byudjetidan 626 mlrd. so‘m byudjet transfertlari ajratilgan.

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida 7 669 ta mikrofirma, kichik korxona va YTTlarning mol-mulk, yer va suv solig‘ini 2020-yil 1-oktyabrga qadar kechiktirib to‘lash uchun 132,7 mlrd. so‘m imtiyozlar berilgan.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindli.                   

Shundan keyin “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama markazida bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, so‘ngi yillarda Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, hokim, uning o‘rinbosari, prokuratura, adliya, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash idoralari rahbarlarining tegishli Kengashlar oldida hisobdorligi qonunlarda belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, amalda kutilgan natijalarni bermayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, eksperiment tariqasida tashkil etilgan xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashi kotibiyatlari samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Mazkur Qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy-texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat ko‘rsatish vazifasi hokimliklar apparatidan tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati zimmasiga o‘tkazilmoqda.

Bunda Kotibiyatlar yuridik shaxs hisoblanishi va uning faoliyati tegishli mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirilishi, Kotibiyat tuzilmasi, shtatlar, xodimlarning mehnat haqi miqdori va moddiy-texnika ta’minoti, shuningdek ularning ishlashi uchun zarur xarajatlarni tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, majlisda qayd etilganidek, ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi bilan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi tomonidan davlat organlarining faoliyati ustidan ta’sirchan deputatlik nazorati ta’minlanishiga erishiladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, vakillik hokimiyati ijro hokimiyatidan ajragan holda faoliyat ko‘rsatishi g‘oyasini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatning yettinchi yalpi majlisi kun tartibidagi “Qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlardan va o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Yer kodeksiga, shuningdek “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Yaylovlar to‘g‘risida”gi, “O‘rmon to‘g‘risida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Mamlakatimizda mavjud yer resurslaridan oqilona foydalanish, unumdor hududlar va o‘rmon fondini muhofaza qilish nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki ekologik nuqtai-nazardan muhim va dolzarb hisoblanadi. Shu jihatdan mazkur Qonun ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning samarasini ta’minlash, sohaning me’yoriy-huquqiy negizini zamon talablari asosida takomillashtirishga qaratilgan.

Xususan, unda investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan sug‘oriladigan yerlar, shuningdek, lalmi yerlar va o‘rmon fondining foydalanilmayotgan yerlarini ijaraga berishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda. 

Yana bir jihat. Qonunda yerni ijaraga berish shartnomasi muddatidan ilgari bekor qilinsa, ijarachi shartnomada nazarda tutilgan muddat yakuniga qadar yerdan foydalanish huquqiga ega bo‘lishi mustahkamlanmoqda.

Qonun, avvalo, odamlarda yerga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi, qoraversa, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanish borasidagi dolzarb vazifalarning amalga oshirilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra Senat a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdi.

Qonun bilan 17 ta qonunga, xususan, 8 ta kodeks va 9 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Mehnat kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Bojxona kodeksi va Soliq kodeksi shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, mazkur Qonun bilan “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “Qurol to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun bilan himoya orderi ta’sis etilgan edi. Lekin ushbu himoya orderida nazarda tutilgan cheklovlarni bajarmaganlik uchun qonun hujjatlarida javobgarlik masalasi ochiq qolgan. Shu bois tazyiq o‘tkazishga va (yoki) zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan yoki ularni sodir etgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi va bu cheklovlarning bajarilishini yana bir bor kafolatladi.

O‘z o‘rnida “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonun yangi band bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan da’vogar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi.

Shuningdek, kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra Jinoyat kodeksining “Mehnat qilish huquqini buzish” uchun javobgarlik belgilovchi moddaning tegishli qismi yangi tahrirda bayon etilib, unga ko‘ra jabrlanuvchi taraf nafaqat yosh bolaning onasi, balki parvarish qilayotgan unga yaqin boshqa shaxs ham bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatildi.

Xalqaro shartnomalarda boshqacha shartlar kelishilmagan bo‘lsa, xorijiy tashuvchilarga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalarida yuk va yo‘lovchilarni respublikamiz hududida joylashgan punktlar o‘rtasida tashish (kabotaj) taqiqlangan. Shu sababli O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi boshqa davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuklarni va (yoki) yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanish uchun javobgarlik belgilangan yangi modda bilan to‘ldirilmoqda.

Davlat ekologiya qo‘mitasi inspektorlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ularning ko‘rsatmalarini bajarmaslik va boshqa noqonuniy holatlarning ko‘plab uchrayotganligini hisobga olib, javobgarlikni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi tegishli yangi modda bilan to‘ldirilmoqda.

Yuqorida kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashga, aholini qiynayotgan muammolarni hal etishga, ularning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga va o‘z navbatida davlat organlarining ham bu boradagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shudan so‘ng kun tartibidagi navbatdagi masala - “Byurokratik to‘siqlar yanada qisqartirilishi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillari joriy qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.

Prezidentning ushbu qaroriga ayrim qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish maqsadida jami 6 ta qonun va 3 ta kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar  kiritilmoqda.

Xususan, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 42, 98 va 103-moddalariga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan  texnologik, o‘rmon-melioratsiya, agrotexnik, gidrotexnik, sanitariya-texnik tadbirlarni kelishishni nazarda tutadigan funktsiya va vakolatlar chiqarib tashlanmoqda. Natijada suv va suv ob'yektlaridan foydalanish sohasida tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini erkin olib borish uchun ortiqcha byurokratik to‘siq olib tashlanadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 6 va 291-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, Kodeksning 6-moddasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida qarorlar qabul qilish borasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari chiqarib tashlanmoqda.

Ya’ni jamoat tartibini saqlash masalalari, agar ular O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi bilan tartibga solinmagan bo‘lsa, shuningdek, tabiiy ofat va epidemiyalar bilan kurashish masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilishni nazarda tutuvchi funktsiya va vakolatlari chiqarib tashlanmoqda. Oqibatda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatida korruptsiyaviy holatni keltirib chiqaruvchi diskretsion vakolatga chek qo‘yiladi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 291-moddasiga, transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish asoslari va tartibiga o‘zgartish kiritilmoqda.

Endilikda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi yonida bo‘lmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganda ularning avtotransport vositalarini ushlab turish tartibi bekor qilinadi. Bu bilan fuqarolar mulk huquqlarining kafolatlari kuchaytiriladi. Bu esa fuqarolarga nisbatan jazo bazasini qisqartirgan holda korruptsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Mehnat kodeksining tegishli moddalariga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, Kodeksning 80-moddasidan ishga kirayotgan shaxsdan talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxatidan turar joydan ma’lumotnoma chiqarib tashlanmoqda. Natijada fuqarolar tomonidan mehnat shartnomalarini tuzishda ortiqcha byurokratik to‘siqlar olib tashlanib, sansalorliklarga chek qo‘yiladi.

“Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyat organlarining atmosfera havosini ifloslantirishning turg‘un manbalari tomonidan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasida nazarda tutilgan shartlar va talablar buzilishi bilan bog‘liq faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va tugatish masalasida qaror qabul qilish nazarda tutuvchi funktsiya va vakolatlar chiqarib tashlanmoqda. Oqibatda mahalliy davlat hokimiyat organlarining o‘ziga xos bo‘lmagan funktsiya va vakolatlari bekor bo‘ladi va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat ekologik nazoratini to‘laqonli tashkil etilishi ta’minlanadi.

 “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 34 va 45-moddalarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni chorvachilik ehtiyojlari uchun tayyorlash uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha funktsiya va vazifalari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalariga o‘tkazilmoqda. Natijada yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni chorvachilik ehtiyojlari uchun tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar faoliyatiga mahalliy davlat hokimiyati organlarining aralashuvi qisqartiriladi.

Qolaversa, Uy-joy Kodeksining 111-moddasida mulkdor, ijaraga oluvchi, uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi a’zosining turar joyni almashtirish to‘g‘risidagi arizasiga ilova qilishi lozim bo‘lgan hujjatlardan turar joyda yashayotgan shaxslar ko‘rsatilgan holda yashash joyidan ma’lumotnoma talab qilish bekor qilinmoqda.

Shuningdek, ushbu Kodeksning 117-moddasidan fuqarolar tomonidan saqlash guvohnomasi (bron) berish to‘g‘risidagi arizaga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar tasnifidan ham yashash joyidan ma’lumotnoma chiqarib tashlanmoqda. Natijada turar joylarni almashtirish va saqlash guvohnomasi (bron) berishda fuqarolardan yashash joyidan ma’lumotnoma talab etilmaydi.

“O‘rmon to‘g‘risida”gi Qonunning 15-moddasida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan atmosfera havosini ifloslantirishning o‘rmonlarning holatiga zarar yetkazilgan hollarda tashkilotlar faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish va tugatish bo‘yicha qaror qabul qilishni nazarda tutuvchi funktsiya va vakolatlari chiqarib tashlanmoqda. Buning oqibatida tadbirkorlarning faoliyatiga davlat hokimiyati organlari tomonidan aralashuvi qisqartiriladi.

“Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasida dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan shaxs tomonidan arizasiga ilova qilinadigan hujjatlardan yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organidan olinadigan ma’lumotnoma chiqarib tashlanmoqda. Buning natijasida vasiy va homiy bo‘lish istagini bildirgan fuqarolarga qo‘laylik yaratiladi.

“Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma’muriy nazorat to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasi ikkinchi qismidan nazorat ostidagi shaxsning qayerdaligi aniqlanmagan taqdirda ichki ishlar organi nazorat ostidagi shaxsning turar joyi va yetib kelmaslik sabablarini aniqlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqidagi hujjatlardan fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan beriladigan ma’lumotnoma bekor qilinmoqda. Natijada ichki ishlar organlarining ish yurituvini soddalashtirishga imkon yaratiladi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng senatorlar tomonidan “Byurokratik to‘siqlar yanada qisqartirilishi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillari joriy qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ma’qullandi.

Shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 69, 78-moddalariga hamda “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi Qonunining 18, 23 va 25-moddalariga muvofiq, “Toshkent viloyati Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va O‘rtachirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risida”gi Oliy Majlis Senatining Qarori tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil may oyida Zangiota va Sergeli tumanlariga tashrifi davomida jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan edi. Ushbu taklif joriy yil iyul oyida Toshkent viloyati va Toshkent shahri aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish masalasi xalq deputatlari Toshkent shahar hamda Toshkent viloyati Kengashlari tomonidan ma’qullangan.

Yangidan barpo etilayotgan Yangihayot tumaniga Toshkent shahridan 2 131,2 gektar hamda Toshkent viloyatidan 2 288,4 gektar, jami 4 419,6 gektar yer maydoni ajratilib, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari muvofiqlashtirilmoqda.

Bu bilan Yangihayot tumanida 115 ta sanoat korxonasi, 277 ta xizmat ko‘rsatish korxonasi, 1 148,8 gektar qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlar va 388,8 gektar aholi tomorqa yerlari nazarda tutilgan.

Qayd etish joizki, yangi tashkil etilayotgan tuman Toshkent shahar bo‘ysunuvidagi tumanlar toifasiga kiritilib, aholisi 147 ming nafarni tashkil etib, shahar aholisining 5,8%ni qamrab oladi. Shuningdek, 47 ta shtat birligidan iborat  tuman hokimligi, vazirlik va idoralarning tuman bo‘limlari tashkil etilishi natijasida boshqaruv samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, aholi bandligini ta’minlash va turmush sharoitini yaxshilash maqsadida tumanni kompleks rivojlantirish va kelgusida istiqbolini belgilash bo‘yicha alohida Dastur ishlab chiqilishi belgilangan.

Shuningdek, majlisda “Namangan viloyatining Namangan shahar tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish to‘g‘risida”gi Oliy Majlis Senati Qarori ham tasdiqlandi.

Ta’kidlash lozimki, Davlatobod tumaniga 1977-yil 29-avgustda asos solingan, uning hududi 1 125 gektarni tashkil qilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2003-yil 12-dekabrdagi qaroriga asosan tuman tugatilgan va 2004-yil 1-yanvardan Namangan shahri tarkibiga qo‘shib yuborilgan edi.

Muhokama qilingan Senat Qaroriga ko‘ra, Namangan shahri hududining 4 686 gektar (26%) yer maydonida Davlatobod tumani tashkil etilib, ilgari 2004 yilgacha faoliyat ko‘rsatgan Davlatobod tumani hududiga nisbatan qariyb 4,2 barobarga kengaytirilmoqda.

Shu bilan birga, Davlatobod tumani shahar tarkibidagi tuman toifasiga kiritilib, 21 ta shtat birligidan iborat tuman hokimligi, vazirlik va idoralarning barcha tuman bo‘limlari tashkil etilishi belgilanmoqda.

Yangidan tashkil etiladigan tuman hududida 25 ta mahalla fuqarolari yig‘ini, 33 850 ta xonadon, 421 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta kasb-hunar kolleji, 18 ta umumta’lim maktabi, 24 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 5 ta tibbiyot muassasasi, 1 280 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari, 698 ta xizmat ko‘rsatish ob'yekti, 429 ta sanoat korxonasi hamda 2 ta madaniy meros ob'yekti mavjud. Mazkur tuman aholisi 149,6 ming nafarni tashkil etib, Namangan shahar aholisining 23,8 foizini qamrab oladi va istiqbolda zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurilishi hisobiga urbanizatsiya jarayoni jadallashishiga, shuningdek,  yangi infratuzilma ob'yektlari barpo etilishi va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Ta’kidlash lozimki, Toshkent viloyati Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va O‘rtachirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish va Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi Oliy Majlis Senati Qarorlarining ma’qullanishi kelgusida mazkur hududlarning yanada taraqqiy etishiga dasturilamal bo‘ladi.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar holati haqida parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqdi.

Ta’kidlanganidek, 2017-2019-yillar mobaynida respublikada ilm-fan faoliyatini tartibga solish, qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 1 ta Qonun, Prezidentimizning 27 ta qaror va farmonlari hamda hukumatning 40 dan ortiq qarorlari qabul qilindi.

Mamlakatimizda ilm-fan rivojiga berilayotgan e’tibor o‘zining samaralarini bermoqda. Ayni paytda geologiya, matematika, kimyo va biologiya sohalariga ustuvor ahamiyat qaratilmokda. Biroq olib borilayotgan sa’y-harakatlarga qaramasdan qator muammolar ham saqlanib qolmoqda.

O‘rganish va tahlillarga ko‘ra, innovatsion rivojlanish strategiyasida 2021 yilgacha ilm-fanga ajratiladigan mablag‘lar yalpi ichki mahsulotning 0,8 foizgacha oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich 2018-2020 yillarda turg‘un darajada 0,15 foiz miqdorida qolmoqda.

Ilm-fan sohasiga ajratilgan moliyalashtirish bugungi kunda YaIM ga nisbatan 0,2 foizni tashkil etadi, xolos.

Oliy ta’lim muassasalari ko‘paygani holda joylarda yangi moddiy texnik bazani shakllantirish, ta’lim muassasalarida ilmiy darajali professor-o‘qituvchilarning salmog‘i yetarli emas, ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi past.

O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, so‘nggi uch yilda tayanch doktorantura va doktorantura bitiruvchilarining dissertatsiya ishi himoyasi 54,7 foizni tashkil etgan.

Magistrlar ilmiy faoliyatni davom ettirishi bo‘yicha yetarlicha shart-sharoitlar yaratish muammosi to‘laqonli yechim topmagan.

Mamlakat mintaqalaridagi ta’lim muassasalarida ilmiy faoliyat  bilan shug‘ullanish past darajada qolmoqda. Aksariyat dissertatsiya himoyalari, ya’ni 66 foizi Toshkent shahriga, qolgan 34 foizigina viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ilmiy faoliyat rivojlanishiga xalal berayotgan yuqoridagi kabi holatdan kelib chiqib Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi  Vazirlar Mahkamasiga  tushuntirish berish talabini qo‘ymoqda.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborish haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan 2020-yil 13-18-iyul kunlari O‘zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishda yuzaga kelayotgan muammolar va bu sohadagi qonun hujjatlariga rioya etish masalalari Toshkent shahri va Toshkent viloyati misolida o‘rganildi.

  Xususan,  2019-2020-yillarda o‘z ish faoliyatini to‘xtatgan tadbirkor ayollar soni tadbirkorlik faoliyatini tashkil etgan ayollar sonidan oshgan bo‘lsa-da, bu yo‘nalishda tizimli tahlil o‘tkazilmaganligi aniqlandi. Mazkur muammolar chuqur o‘rganilmagan va ularni bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan.

Jumladan, 2019-2020-yillarda xotin-qizlar tomonidan jami yakka tartibdagi 108 782 ta tadbirkorlik sub'yekti tashkil qilingan. Biroq mazkur davr mobaynida 115 920 nafar ayol tadbirkor o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Bu kabi holatlar esa ayollar uchun ishsizlik, boqimandalik va boshqa muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Qolaversa,  ko‘plab ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar mavjud bo‘lib, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari yetarli darajada olib borilmagan. Ushbu oilalar a’zolari bo‘lgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, o‘qitishga jalb qilish, o‘z ishini yo‘lga qo‘yish borasida mavjud imkoniyatlar to‘g‘risida xabardorlikni oshirish yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari samarali tashkil etilmagan.

  O‘rganish natijalari mutasaddi idoralar tomonidan mehnat bozoridagi holat yetarli darajada tahlil qilinmaganligi, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar tegishli hisobotlarda to‘liq aks ettirilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Buning oqibatida haqiqatda ishga joylashishga muhtoj hotin-qizlar hamda yoshlar qatlamini aniqlash, shuningdek, ularning bandligini ta’minlash yuzasidan manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.

Ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlar bilan yakka tartibda ish olib borish amaliyoti yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida og‘ir turmush sharoitida bo‘lgan ishsiz xotin-qizlar soni kamaymayapti.

 Yuqoridagilarni inobatga olib, Oliy Majlis Senati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborish haqida qaror qabul qildi.

Shundan keyin arzon uy joylar qurish jarayonidagi muammolar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama markazida bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qurilish vaziri boshchiligida tegishli vazirlik va idoralar rahbar xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi Farmoni bilan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi joriy etilgan. Unga muvofiq, amaldagi qurilish pudrat tashkilotlariga qurilish materiallarini arzonlashtirilgan holda yetkazib berish va belgilangan soliq imtiyozlari o‘rniga kam ta’minlangan aholi qatlami uchun manzilli imtiyozlar belgilangan.

Jumladan, daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga dastlabki badal yoki kredit foizi to‘lovlarining bir qismini qoplash tartibida subsidiya berililishi nazarda tutilgan.

Bunga qo‘shimcha ravishda Soliq kodeksiga asosan qiymati 300 mln. so‘mdan ortiq bo‘lmagan uy-joy egalari uchun har yili 15 mln. so‘mlik jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan imtiyoz belgilangan.

Shuningdek, qurilish tashkilotlarining onlayn tizimda ishlovchi yagona elektron ma’lumotlar bazasining yaratilishi, tanlov savdolarini o‘tkazish va sohada “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida davlat qurilishi nazoratini amalga oshirish choralarining qo‘llanishi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, majlisda qurilish sohasi aholi hayotida muhim o‘rin tutishi tufayli ajratilayotgan mablag‘lar, jalb etilayotgan investitsiyalardan samarali foydalanishda shaffoflikni ta’minlash, sohani modernizatsiyalash, jadal va innovatsion rivojlantirish, qurilish sifati va nazoratini ilg‘or tajribalar asosida mukammal ta’minlab borish, joriy etilayotgan yangi tartibni samarali qo‘llash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, qurilish sohasidagi normativ-huquqiy me’yorlarni ilg‘or xorijiy tajribalar darajasiga olib chiqish, qurilish sohasining barcha jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xorijiy tajriba asosida amalga oshirilayotgan qurilish narxini arzonlashtirish choralarini ko‘rish, iste’molchi huquqlari bo‘yicha shartnoma shartlarini buzgan quruvchi tashkilotlar javobgarligini kuchaytirish borasida chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish muhimligi ta’kidlandi. Qolaversa, arzon ipoteka kreditlari bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi bildirildi.

Shuningdek, majlisda uy-joyga muhtoj fuqarolar uchun uy-joy olishi maqsadida subsidiya berish tartibini va qo‘llanilayotgan kredit siyosatini soddalashtirish, qurilish materiallarini markazlashtirilgan tartibda yetkazib berish amaliyotida bozor iqtisodiyoti talablariga rioya etilishini ta’minlash, qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha elektron (onlayn) tizimni joriy etish, uy-joylar bo‘yicha ochiq ma’lumotlar bazasini yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra aholini tabiiy gaz bilan ta’minlashdagi muammolar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan  parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash, tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish borasidagi vazifalar asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshirib kelinayotir.

Qolaversa, davlatimiz rahbarining ushbu qarori hamda O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasiga asosan uglevodorod xomashyosini qazib olish hajmlarini ko‘paytirish, gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish, tabiiy gazni qazib olish, qayta ishlash, yetkazib berish va sotishni hisob-kitob va nazorat qilish ishlarini takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu bilan birga, investitsiya loyihalarini tanqidiy o‘rganish va maqbullashtirish, ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish va neft-gaz tarmog‘i korxonalarida moliyaviy intizomni mustahkamlash va kabi qator vazifalar amalga oshirilmoqda.

Majlisda bu borada uchrayotgan muammo va kamchiliklarga urg‘u berildi. Xususan, aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlashda qator kamchiliklarning mavjudligi saqlanib qolayotganligi, tabiiy gaz yetkazib berish shartnomalarini tuzishda gaz ta’minoti korxonalari tomonidan tabiiy gazni transport qilish va yetkazib berishning haqiqatda mavjud imkoniyatlari inobatga olinmayotganligi, hududlarda tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmagan xonadonlarni xatlovdan o‘tkazish ishlari sifatli tashkil etilmayotganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, aholini gaz bilan ta’minlash borasidagi kamchiliklar va muammolarni aniqlash maqsadida amaldagi qonun va qonun osti hujjatlarining iste’molchilar huquqlarini ta’minlash talablariga javob berishi bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish ishlarning sust tashkil etilganligi, aholining tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishga bo‘lgan huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarni talab darajasida ta’minlash maqsadida tegishli qonun va qonunosti hujjatlarining talab darajasida qayta ko‘rib chiqilmayotganligi kabi muammolar bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishi zarurligi ta’kidlandi.

Mazkur masala ma’lumot uchun qabul qilindi. Lekin hududlarda ushbu yo‘nalishda mansabdor shaxslar tomonidan ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani hamda fuqarolar murojaatlaridan kelib chiqqan holda Senatning navbatdagi yalpi majlisida Energetika vazirligining axborotini eshitish taklifi bildirildi.   

Shundan so‘ng hokimlar tomonidan qarorlar qabul qilinishida qonun hujjatlariga rioya etilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Senat Qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, ijroga yo‘naltirilgan.

Belgilangan chora-tadbirlarda hokimlarning qarorlar qabul qilish jarayonini avtomatlashtirish, tadbirkorlikka oid qarorlarini Hukumat tomonidan monitoring qilib borish, qolaversa, belgilangan indikatorlar va maqsadli parametrlarning ijrosi bo‘yicha hokimlar o‘z hududlaridagi ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikka muntazam axborot berib borish tizimini yo‘lga qo‘yish, ular faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini rivojlantirish kabi bir qator masalalar aks ettirilgan.

Shu bilan birga, majlisda bu borada qo‘shimcha choralar ko‘rilishi lozim bo‘lgan ishlarga urg‘u berildi. Jumladan, yuborilgan Parlament so‘rovida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati va ular tomonidan fuqarolar va tadbirkorlik faoliyatiga taalluqli qarorlar qabul qilish jarayonining shaffofligini ta’minlash borasida hozirgi kunda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berish so‘ralgan edi.

Biroq Hukumatning amaliy chora-tadbirlar rejasida hokimlarning faqat tadbirkorlikka oid qarorlarini monitoring qilib borish va uning natijalari yuzasidan tegishli choralarni ko‘rish mexanizmlarini ishlab chiqish belgilangan. Qolaversa, hokimlar tomonidan fuqarolar huquqlariga taalluqli qarorlarni (er ajratish, uy-joyini buzish va h.k.) monitoring qilib borish masalasi ochiq qolgan.

Bundan tashqari, qonun buzilishlarining oldini olish maqsadida tuman (shahar) hokimlarining normativ-huquqiy bo‘lmagan boshqa qarorlari (er ajratish, uy-joyini buzish va h.k.) adliya bo‘limlari xulosalari asosida qabul qilinishi lozimligi yoki lozim emasligi to‘g‘risida asoslantirilgan ma’lumot keltirilmagan.

Yana bir jihat, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan qarorlar qabul qilish holati va bu bilan bog‘liq jarayonning shaffofligini kuchaytirishga qaratilgan deputatlik nazoratini amalga oshirish maqsadida xalq deputatlari Kengashlariga muntazam ravishda axborot taqdim etishi masalalariga e’tibor qaratilmagan.

Senatorlar parlament so‘rovida keltirilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan davom ettirish zarurligini ta’kidladi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda Oliy Majlis Senati Kengashining qarori ham tasdiqlandi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

Manba